Samarqand shahar So‘g‘diyona massivi Al-Buxoriy mahallasida qurilayotgan “Yoshlar mehnat guzari” binosi beton plitalari qulashi Samarqand viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Shukurov, viloyat Qurilish boshqarmasi rahbari Bahrom Nazarov, Samarqand shahar IIB boshlig‘i Jamshed Qodirov va boshqa mutassaddi tashkilotlar tomonidan borib o‘rganildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Qurilish bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Foto: Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu obyektga 2018-yilning 28-sentabrida Samarqand shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Talant Esirgapov tomonidan imzolangan 1745-Q-sonli fuqaro Sherzod Sharipov tomonidan umumiy maydoni 200,0 kv metr yer bo‘lgan binoga shaharsozlik normalari va qoidalari asosida “Yoshlar mehnat guzari” qurishga ruxsat berish haqida qaror chiqarilgan.

Binoni qurish uchun Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limining 2018-yil 8-oktabrdagi 439-sonli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i tayyorlangan. Biroq boshqa hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Foto: Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi

– Obyektga tayyorlangan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘iga asosan loyiha hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Bino loyihasi “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”da ko‘rib chiqilmagan va belgilangan tartibda tasdiqlanmagan, — deydi viloyat Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Nazarov. – Shuningdek, loyiha hujjatlariga ekspertiza ijobiy xulosasi, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun viloyat Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasidan ruxsatnoma olinmagan.

Bundan tashqari, obyektda yopiq ishlar dalolatnomalarini rasmiylashtirish hamda ishchilarni qurilishda texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirish va unga rioya etilishi bo‘yicha qaydnomalar kitobi yuritilmagan. Obyektda ishlar qurilish me’yorlari va qoidalariga muvofiq olib borilmaganligi sababli, montaj qilingan temir-beton plitalar qurilish normalariga to‘liq rioya etilmagan holda o‘rnatilishi natijasida ushbu holat yuzaga kelganligi aniqlangan.

Foto: Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi

– O‘rganish davomida binoga o‘rnatilgan temir-beton plitalarning yuk ko‘tarish qobiliyatlari inobatga olinmasdan plitalar ustiga me’yordan ortiqcha yuk (qum, shag‘al) chiqarilishi natijasida plitalar yuk og‘irligiga dosh bera olmasdan singanligi aniqlandi, — deydi qurilish nazorati inspeksiyasi bosh mutaxassisi Umar Mirzayev. – Binoning yuqori qismida o‘rnatilgan temir-beton plitalar sinishi va pastga qulashi natijasida pastki qavatdagi temir-beton plitalariga ham zarar yetgan. Hodisa natijasida jami 6 dona temir-beton plitalar shikastlangan. Temir-beton plitalarning sinishi binoning umumiy konstruktiv holatiga zarar yetkazmagan va fuqarolar jabrlanishi holatlari mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-iyuldagi 467-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash hamda bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bandi 3-xatboshisiga asosan amalga oshirayotgan qurilish ishlari noqonuniy qurilish ekanligi va uning huquqiy oqibatlari haqida Sherzod Sharipovga yuqoridagi holatlarga ko‘ra batafsil tushuntirishlar berildi hamda imoratni o‘n besh kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etish (buzib tashlash) to‘g‘risida ogohlantirildi.

Foto: Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarga asosida tegishli mutassaddilar tomonidan mazkur obyekt noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qurilayogan bino ekanligi aniqlandi. Shahar hokimligi xo‘jalik hisobidagi kapital qurilish direksiyasi rahbari, Samarqand shahar IIB boshlig‘iga mazkur obyektni qurgan fuqaroning o‘zi tomonidan 13-iyuldan boshlab to‘liq buzib olinishini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhining o‘rganishidan so‘ng fuqaro Sherzod Sharipov tomonidan obyektni buzish ishlari boshlandi. Buzish ishlari to‘xtab qolsa o‘rnatilgan tartibda tegishli sud organlari orqali buzdirilishi to‘g‘risida fuqaro Sherzod Sharipov ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun, sobiq Samarqand shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Talant Esirgapovning 2018-yilda imzolagan qarorlarining qonuniyligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.