“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Gabriel Garsia Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Lotin Amerikasi adabiyotining buyuk vakili bo‘lmish Gabriel Garsiya Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asarini birinchi marta qo‘limga olganimda, adashmasam, 14 yoshlarda edim. Buvimning uyidagi rutubatli, eski kitoblar hidi odamni mast qiluvchi qorong‘u xonada tanishganman bu asar bilan. Menda ilk bor kitobga qiziqish paydo bo‘lgan davrda kitoblarni faqat nomi o‘ziga jalb qilsagina tanlab o‘qirdim. O‘sha paytda nomi bilan diqqatimni tortgan ana shunday kitoblardan biri “Yolg‘izlikning yuz yili” asari bo‘lgan.

Foto: Google Photos

Uni o‘qish jarayonida, xotiram qanchalik kuchli bo‘lmasin, aqlim tinib ketardi. Kitob o‘rtasiga kelganda allaqachon chalkashib ketgandim. Qahramonlardan kim kimga kim ekanligi, hammasining ismlari bir xilligi charchatib yubordi. Asardan hafsalam pir bo‘lib, yarmida o‘qimay qo‘ydim.

Oradan yillar o‘tib, talabalik davrimda ispan tili asosiy tilim bo‘lgani bois originalida o‘qiy boshladim. Endi asardan boshqacha narsalar ola boshladim, Markes o‘z ishining – “mo‘jizaviy realizm”ning haqiqiy ustasi ekanini tan oldim. Asar qahramoni Xose Arkadio Buendiaday arvoh kabi bo‘lib qolishdan qo‘rqdim: hech kim bunday taqdirni o‘ziga ravo ko‘rmaydi, ammo bu sodir bo‘laveradi. Hammasiga sabab esa qo‘rqoqligimiz, g‘ururimiz, ahmoqona katta ketishimiz-u vaqtida to‘xtay olmasligimizdir.

Asarni o‘qib angladimki, vaqtida to‘xtab, o‘zimizni o‘zgartirishga harakat qilishimiz kerak, aks holda yolg‘izligimiz yuz yiliga sho‘ng‘ib ketamiz...

Roman haqida

“Yolg‘izlikning yuz yili” – buyuk kolumb yozuvchisi Gabriel Garsiya Markesga Nobel mukofotini olib kelgan mashhur asar. Roman hozirgi kunga kelib ispan tilidan boshqa tillarga eng ko‘p tarjima qilinish bo‘yicha Migel Servantesning “Don Kixot”idan keyingi o‘rinda turadi. Roman “mo‘jizaviy realizm” deb nomlangan yo‘nalishda yozilgan. Bunga sabab, asarda noreal narsalar oddiy holday ko‘rsatiladi.

Asar Markes tomonidan 1965–1966-yillarda 18 oy ichida Mexiko shahrida yozib tugatilgan. Asarning original g‘oyasi 1952-yilda, muallif tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Arakatakaga tashrif buyurganida tug‘ilgan. Adib 1954-yilda yozilgan “Shanbadan keyingi kun” hikoyasida ilk bor Makondo shahri tilga olinadi. Aslida Markes romanining nomini “Uy” deb nomlamoqchi bo‘lgan, oxir-oqibat yozuvchi Alvaro Samudioning “Katta uy” romaniga o‘xshab qolmasligi uchun “Yolg‘izlikning yuz yili” nomini tanlagan.

Nazarimda, asar mashhurlashishiga uning nomi ham juda katta hissa qo‘shgan, menga o‘xshab kitobni nomiga qiziqib o‘qib ko‘rgan bolalar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Asarda Markes tasavvur kuchining cho‘qqisi orqali Buendia sulolasining yolg‘izlikka mahkum bo‘lgan yetti avlodi haqida hikoya qiladi. Kitobda dramatizm uchun kerak bo‘ladigan hamma ingrediyentlar bor: insest, zaharlash, fitna, sevgi uchburchagi, qasos va hokazo. Inson psixologiyasining hamma tarafi ko‘rsatilgan. Nom syujetga juda mos va bu yerda har bir qahramon o‘zgacha yolg‘iz...

Syujet

Roman nomlanmagan boblardan iborat. Tushunish oson bo‘lishi uchun asarning eng e’tiborga molik “go‘sht” qismlaridan tashkil topgan to‘rt davrga bo‘lib chiqdim.

1-davr. Makondo

O‘z qarindoshi Xose Arkadio Buendiaga turmushga chiqqan Ursula Iguaran qarindoshlar nikohi oqibatida cho‘chqa dumli farzand tug‘iladi, degan afsonalarga ishongan holda eri bilan bir yarim yil yaqinlik qilmaydi. Ursula turmushga chiqqaniga bir yarim yil bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha bokiraligi sabab Xose Arkadio bilan xo‘roz urishtirib yutqazib qo‘ygan Prudensio Agilar ismli shaxs Xose Arkadioning ustidan erkaklik quvvatiga ega emas, deb kula boshlaydi. Bundan darg‘azab bo‘lgan Xose Arkadio Agilarni o‘ldirib qo‘yadi. Uni muntazam ravishda Agilarning arvohi bezovta qilishni boshlaydi. Xose Arkadio shaharni tark etishga qaror qiladi.

Changalzorlar ichra tentirab yurishi jarayonida qilgan orzularidan ilhomlangan holda bir makonga keladi va shu yerda Makondo shaharchasiga asos soladi. Shaharga tez-tez lo‘lilar kelib turadi. Lo‘lilar yo‘lboshchisi Melkiades har safar o‘zi bilan Xose Arkadioning aqlini shoshiradigan har xil antiqa buyumlar olib keladi.

Bu paytga kelib juftlik uchta farzand ko‘radi: Xose Arkadio (bolasining ismi ham shunaqa), Aureliano va Amaranta. Bulardan tashqari, Rebeka ismli o‘z qarindoshlari bo‘lgan yetim qizni asrab olishadi. Rebeka va Xose Arkadio Kichkina o‘rtasida muhabbat paydo bo‘ladi va Ursulaning qarshiligiga qaramasdan, yana qarindoshlar turmush quradi.

Foto: Google Photos

Makondoda uyqusizlik kasali tarqaladi, kasallangan odamlarda xotirasini yo‘qota boshlaydi. Bu kasallikni lo‘li Melkiades butkul davolaydi va minnatdorlik sifatida shaharda doimiy yashay boshlaydi. U pergamentga sirli narsalar yoza boshlaydi.

Xose Arkadio Buendiaga yana Agilar arvohi ko‘rina boshlaydi va u tamoman aqldan ozadi. Oilasi uni qoraqayinga bog‘lab qo‘yishga majbur bo‘ladi va u uzoq vaqt daraxt ostida yolg‘izlikda qoladi, oxir-oqibat yurak xurujidan vafot etadi.

2-davr: Fuqarolar urushi va polkovnik Aureliano Buendia

Liberallar va konservatorlar o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanadi. Urush boshida Aureliano Buendia konservatorlarga qarshi Makondo askarlari rahbari bo‘lib urushga ketadi. O‘rniga jiyani Arkadioni Makondoning harbiy boshlig‘i qilib qoldiradi.

Arkadio Xose Arkadio Kichkina va uning o‘ynashi Pilar Terneraning farzandi bo‘lib, bobosi va buvisining uyida tarbiyalanadi. Uning kelib chiqishini yashirishadi va u bobosini dadam deb o‘ylab ulg‘ayadi (endi tushundingizmi, Lotin Amerikasi seriallari qayerdan paydo bo‘lganini?). Makondoga hokim bo‘lgach, u diktatorga aylanadi, cherkovni taqiqlaydi, konservatorlarni badarg‘a qiladi. Konservatorlar tomonidan otib o‘ldiriladi.

Aureliano Buendia esa o‘zining liberallar yo‘lboshchisi sifatidagi faoliyati davomida 32 marta katta janglarda qatnashadi va hammasida yutqizadi. Mag‘lubiyatlardan charchagan polkovnik qurolli kurash bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini anglab yetadi. Keyinchalik Aureliano tinchlik shartnomasini imzolaydi, shundan so‘ng joniga qasd qiladi, ammo shuni ham eplay olmaydi (32 jangning barida yutqizgan odamdan yana nima kutish mumkin?). U Makondoga qaytadi va umrining oxirigacha yolg‘izlikda oltin baliqchalar yasab o‘tiradi.

3-davr: Banan vasvasasi

Polkovnik Aureliano 17 ayoldan 17 farzand ko‘rgan. Bilasizmi, ularning hammasiga qanday ism berilgan? Ha, Aureliano. Faqat laqablari farq qiladi. Shulardan biri – Aureliano G‘amgin Makondoga temir yo‘l olib keladi. Savdo-sotiq rivojlanadi, telegraf va kino kirib keladi. Bu chet ellik investorlarni qiziqtiradi va ular banan plantatsiyalariga pul tikadi (hech kim investitsiya kiriting deb she’r yozmaydi, Makondo Siti qurmaydi, shunchaki sharoit yaxshiligi uchun keladi investorlar).

Plantatsiya xalq ko‘zida rivojlanish illyuziyasini paydo qiladi (hmm, tanish holat...). Lekin aslida xalq juda nochor edi va oxiri odamlar ish tashlash e’lon qiladi. Investorlar pulini yig‘ishtirib ketib qoladi (rostdan qayerdadir ko‘rgandayman...).

Shu paytdan boshlab shaharga tinmay yomg‘ir yog‘a boshlaydi va u deyarli besh yil davom etadi. 100 yoshga kirgan Ursula yomg‘ir tugashini yolg‘izlikda kutar edi...

4-davr: So‘nggi avlod

Oradan yillar o‘tadi, shahar siyraklasha boshlaydi. Diktator Arkadioning evarasi Aureliano Babiloniya juda aqlli, zehni o‘tkir yigit bo‘lib yetishadi. Uni otasi lo‘li Maurisio Babiloniya bo‘lgani sababli buvasi Fernanda uni hech kimga ko‘rsatmay o‘stiradi. Aureliano Babiloniya umrini lo‘li Melkiades sanskrit tilida yozib ketgan pergamentlarni tarjima qilishga sarflaydi.

Bu paytda Aureliano Babiloniyaning Gastonga turmushga chiqqan xolasi Amaranta Ursula Belgiyadan qaytadi. Amaranta Ursula u jiyani ekanini bilmaydi albatta, va xola-jiyan sevishib qoladi. Bundan xabar topgan Gaston Bryusselga qaytib ketadi. Amaranta Ursula esa homilador bo‘lib qoladi.

Tug‘ruq paytida Amaranta cho‘chqa dumli chaqaloqni dunyoga keltirib, vafot etadi. Bundan qayg‘uga tushgan Aureliano uydan chiqib, qovoqxona egasi bilan kechasi bilan sharob ichadi. Hech kimdan yupanch topa olmay, maydon o‘rtasida yolg‘iz o‘zi qoladi...

Tongda uyga qaytgach, tug‘ilgan o‘g‘li esiga tushib qoladi. Ammo chaqaloqni allaqachon chumolilar yeb bitirgan edi... U birdan qotib qoladi. Taajjub yoki qo‘rquvdan emas; ayni shu lahzalarda Melkiades qo‘lyozmalari siriga kalit topganidan qotib qoladi va tushunadiki, bu qo‘lyozmalarda Buendia sulolasining taqdiri yozilgan bo‘lib, bugungi kun rosa yuz yil oldin bashorat qilingan edi. Melkiades qo‘lyozmalarining epigrafida shunday so‘zlar yozilgan: “Avlodning birinchi vakilini daraxtga bog‘lab qo‘yishadi, avlodning so‘nggisini chumolilar yeb bitiradi”.

Asarning eng qiziq va eng oxirgi, kulminatsion nuqtasini o‘qimoqchi bo‘lganlarga qoldiraman.

Tahlil

Roman Lotin Amerikasi adabiy portlashi natijasida yuzaga kelgan avlod vakilining eng oldi asari hisoblanadi. Unda g‘ayrioddiy va kutilmagan voqealar shunday bayon etilganki, na hikoyachi, na personajlar bu voqealardan ajablanadi. Bu asar dunyosida mo‘jizalar o‘zini xuddi har kungi reallikday, hech qanday tushuntirish talab qilmaydiganday tutadi. Bu, albatta, adabiyotda qoida buzilishi. Lekin kim bilsin, balki bu Dekart falsafasidagi fikrlashning karteziancha, ortidan dualizmni ergashtiruvchi tartibidir...

Asarda keladigan har bir voqea, tarixiy vaqtni ilg‘agan holda, xotirada tizilish va unutilishni o‘z ichiga oladi. Muallif o‘z yurti Kolumbiyaga xos voqeliklarni o‘ylab topilgan Makondo shahri misolida ko‘rsatadi. Balki butun Lotin Amerikasini nazarda tutgandir. Makondo – shunchaki so‘z emas, bu go‘yo o‘z shoxlari bilan har xil sirlarni, afsonalarni, orzu va qayg‘ularni yashirgan, vaqt ta’sirida unutilishga mahkum bo‘lgan oilaviy daraxt timsolidir. Buendia oilasining ichki tarixi bir vaqtning o‘zida Garsiya Markesning bolaligi hamdir.

O‘z yurti Arakatake qishlog‘iga safar xotiralarida muallif XIX asrda liberallar va konservatorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ilk poyezd kelishi, banan vasvasasining kuchayishi, kapitalizm ekspansiyasi va mutloq hokimlikni keltirib o‘tgan.

Buendia sulolasining shajarasi

Gabriel Garsiya Markes o‘z asarida xalq orasida juda katta kuchga ega bo‘lgan diniy va afsonaviy hikoyalar orqali madaniy oqimlar o‘rtasida dialog olib boradi. Bu hikoyalar katolitsizmdagi, Lotin Amerikasi xalqlari tasavvurida absolyut haqiqatga aylangan suv toshqini, taqiqlangan mevani yegan va jazosini kutib turgan Momo Havvo obrazi kabi eng yorqin qarashlarni o‘z ichiga olgan. Asarda Markes juda keng tarixiy vaqt ichidagi kichik olamlar tugashini afsonaga yo‘g‘rilgan diskurs orqali tushuntiradi.

E’tibor bersangiz, asar qahramonlarining ismlari avloddan avlodga o‘tib takrorlanaveradi, deyarli bir xil. Menimcha, bunda Markes ajdodlarning qayg‘ulari, orzulari, xotiralari va xatolari yangi avlod uchun tarix aravasida yuk misol meros bo‘lib qolishini ramziy ma’noda ifodalagan bo‘lsa kerak (Islom Karimov nabirasining ismi nima edi?).

Nimagadir har bir personaj alohida arxetip emas, aksincha, tarix g‘ildiragining har xil yo‘nalishlarini ifodalovchi insonlardir.

Xulosa

Asarda juda ko‘p kuchli shaxslar namoyon bo‘ladi. Lekin bu kuchlar, bu qudrat vaqt oqimiga qarshi nima qila oldi? Tabiatga qarshi nima karomat ko‘rsata oldi? Inson taqdiriga qarshi nima qila oldi? Hech narsa. Asarning mutlaqo hamma qahramonlari qalban yoki jismonan yolg‘iz edi. Sulola asoschisi daraxtga bog‘lanib, umrining so‘nggi kunlarini yolg‘iz o‘tkazgan bo‘lsa, sulolaning oxirgi vakili – chaqaloq ham yolg‘izlikda o‘lim topdi.

O‘rtada yashab o‘tgan avlod vakillarini taqdiri va hayot yo‘llariga boqsangiz, ko‘zga tashlanadigan narsa yolg‘izlik edi. “Yolg‘izlikning yuz yili” asaridagi har bir tarixda, har bir personaj qismatida faqat bitta tuyg‘u zanjirband, bekitilgan, qarama-qarshi kuchlar energiyasi ostida yashirilgan edi... Bu – sevgi. U har safar ozod bo‘lish uchun go‘yoki tuynukdan boqar, ozodlikka talpinib, muvaffaqiyatsiz kurashar edi. Insonlar ichki olamining og‘ir yuki eshikni to‘sib turgani va sevgi tuyg‘usi ozodlikka chiqa olmagani sabab Buendia sulolasini yuz yil muddatga yolg‘izlik o‘z qa’riga yutib yubordi.

Romanni to‘liq o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. “Mo‘jizakor realizm” olami naqadar real ekanligini anglab yetasiz.

Kitobdan iqtiboslar:

Qachonlardur yosh bola bo‘lgansan; ichingda hozirgacha yashayotgan o‘sha go‘dak ovoziga quloq tutib turish kerak. Ichimizdagi o‘sha beg‘ubor bolani eshita olsak, ko‘zlarimiz yana porlay boshlaydi va hayot bilan aloqamiz uzilib qolmaydi;

O‘tmish – yolg‘on, xotira uchun ortga yo‘l yo‘q, o‘tgan bahor qaytmaydi, eng chidamli va aqldan ozdirar sevgi ham aslida shunchaki o‘tkinchi tuyg‘u;

Betashvish qarilik – yolg‘izliging bilan kelishuvga erishishni bilishdir;

Inson urushda his qiladigan holatni bittagina “qo‘rquv” so‘zi bilan tushuntirish mumkin bo‘lganida, nima uchun buni tushuntirishga juda ko‘p so‘zlar ishlatishimiz kerak?

Roman haqida qiziqarli faktlar:

- AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton “Yolg‘izlikning yuz yili”ni eng sevimli asarlaridan biri deb bilishini aytgan;

- 1982-yilda Markes adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini olgan birinchi kolumbiyalik bo‘lgan. Mukofot shunday so‘zlar bilan berilgan edi: “Fantaziya va reallik uyg‘unligida butun boshli qit’aning hayoti va muammolarini aks etdirgan hikoya va romanlari uchun”;

- Gabriel Garsiya Markes ijodiga Ernest Xeminguey, Uilyam Folkner, Jeyms Joys, Virjiniya Vulf va Frans Kafka kabi yozuvchilar ta’sir ko‘rsatgan;

- New York Times gazetasi “Yolg‘izlikning yuz yili”ni butun insoniyat o‘qib chiqishi shart bo‘lgan asarlar qatorida ikkinchi o‘ringa qo‘ygan.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.