Britaniyalik jarrohlar pokistonlik siam egizaklari muvaffaqiyatli ajratilganini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Foto: PA

“TASS”ning yozishicha, murakkab operatsiya Londondagi bolalar kasalxonasida o‘tkazilgan va umumiy hisobda 50 soat davom etgan. Unda malakali shifokorlardan tortib biomuhandislargacha turli soha vakillari bo‘lgan 100 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etgan.

Xayber-Paxtunxva viloyatining Charsadda shahridan bo‘lgan ikki yoshli opa-singillar Safa va Marva bosh suyagi qo‘shilgan holda, umumiy qon-tomir tizimi bilan tug‘ilgan. Nashrning yozishicha, egizaklarni ajratish dasturi o‘tgan yilning oxirlaridan boshlangan va bir necha bosqichda amalga oshirilgan.

Birinchi operatsiya 2018-yilning oktabr oyida, bolalar atigi 18 oylik paytida, ikkinchisi undan ikki oy o‘tib o‘tkazilgan. Fevral oyiga kelib esa 7 soatlik urinishlardan so‘ng shifokorlar opa-singillarni butunlay ajratishga erishgan.

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tishi uchun jarrohlar virtual reallik texnologiyasidan foydalangan. Ular qizlar bosh suyagining aniq nusxasini yaratgan bo‘lib, bu shifokorlarga uning murakkab tuzilishini, miya va qon-tomirlar joylashuvini yaqqol ko‘rish imkonini bergan.

Shifokorlar, shuningdek ularga yanada aniqroq ishlashga yordam beruvchi maxsus vositalar yaratish uchun 3D-bosmadan ham foydalangan. Mutaxassislar avval Safa va Marvaning qo‘shilgan bosh suyaklaridan o‘tgan qon-tomirlarning murakkab tizimini ajratib olishi zarur edi.

Xabarda aytilishicha, birinchi operatsiya davomida jarrohlar arterial tomirni muvaffaqiyatli ajratgan. Ikkinchi bosqichda shifokorlar vena tomirlarini ajratishga kirishgan vaqtda Safada kuchli qon ketishi boshlangan va shifokorlar ularning hayotidan jiddiy xavotirga tushgan. Qiz omon qolgan, lekin insultni boshdan kechirgan. Shu sababli mutaxassislar bu holat uning kelajakdagi hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniq ayta olmaydi.

Fevral oyida o‘tkazilgan yakuniy bosqichda shifokorlar ularning umumiy trubasimon bosh suyagi qoldiqlaridan foydalangan holda boshning yumaloq shaklini yaratish bilan shug‘ullangan. Shunga qaramay, dasturning muvaffaqiyatli yakunlangani haqida shifokorlar bugungi kunga kelib e’lon qilishga qaror qilgan. Egizaklar kasalxonadan 1-iyulda chiqarilgan bo‘lib, hozirda ular onasi, bobosi va tog‘asi bilan Londonda yashamoqda. Qizlarning otasi ular tug‘ilmasidanoq yurak xurujidan vafot etgan. Reabilitatsiya maqsadida qizlar har kuni fizioterapiya amaliyotidan o‘tmoqda.