Facebook hamda yana o‘nlab kompaniyalar tomonidan yaratilayotgan Libra kriptovalyutasi Messenger, WhatApp yoki Calibra mobil dasturi foydalanuvchilari o‘zlarining elektron hamyonidagi mablag‘ni bir soniyada boshqa bir hamyonga o‘tkazishiga xizmat qiladi. Bu haqda Calibra Facebook rahbari Devid Markusga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

“Calibra hamyoni foydalanuvchiga Libra’ni matnli xabarlarni o‘qiy oladigan smartfonga ega boshqa bir istalgan odamga eng arzon narxda yuborish imkonini taqdim etadi. Libra’ning maqsadi — barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan xavfsiz va barqaror blokcheynga asoslangan raqamli valyutani yaratish”, — deydi Markus.

Libra dollar, funt-sterling va iyena valyutalarining qiymatidan kelib chiqib kotirovka qilinadi.

Shuningdek, Markus mazkur tizimning ta’sischilari ro‘yxatini ham e’lon qildi. Ular orasida PayPal, Mastercard, Vodafone, Visa, Uber, Booking Holdings, eBay kabi kompaniyalar bor.