Ma’lumki, joriy yilning 16—22-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga qo‘shni Turkmaniston Respublikasi orqali Eron davlati hududidan issiq havo oqimi kirib kelishi sababli joylarda harorat 44-45 darajagacha issiq bo‘lishi kuzatilmoqda. Buning natijasida Tojikiston va Qirg‘iziston hududlaridan respublikaning tog‘ va tog‘oldi hududlariga glyatsial sel oqimlarining o‘tish ehtimoli mavjud.

Foto: FVV

FVV ma’lum qilishicha, bu esa o‘z navbatida mamlakatdagi daryolardagi suv hajmining sezilarli ko‘payishiga olib keladi. Xususan, o‘tgan yillar bilan taqqoslaganda Samarqand viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon, Qoradaryo va Oqdaryo daryolarida ham suv hajmi nisbatan oshganligini kuzatishimiz mumkin.

Foto: FVV

Kutilayotgan issiq kunlarni betalofat o‘tkazish maqsadida, Samarqand viloyatida ham tegishli amaliy tadbirlar olib borilmoqda. Daryolar qirg‘oqlarini, ko‘priklarni mustahkamlash, muhofaza zonasida joylashib qolgan obyektlarni aniqlab bartaraf etish, himoya dambalarining xavfsizligini ta’minlash shular jumlasidandir.

Foto: FVV

Ta’kidlash joiz, ayni damda Zarafshon daryosining Jomboy tumani qo‘riqxona  hududidagi himoya dambasini mustahkamlash bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, viloyat va Jomboy tuman hokimligi, Zarafshon magistral suvlardan foydalanish boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda zaruriy muhandislik ishlari olib borilmoqda.

Foto: FVV

Mazkur tadbirlarga jami 184 nafar ishchi-xodim, shuningdek 60 ga yaqin maxsus texnikalari jalb etilgan.