“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh turizmning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ikki omil haqida fikr yuritadi.

8-iyun kuni Buxoroda Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlab Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro kurash musobaqasini yoritish uchun Samarqand shahridan Toshkent – Buxoro yo‘nalishida qatnaydigan “Sharq” tezyurar poyezdga chiqdim. Men chiqqan vagonda asosan sayyohlar o‘tirgan ekan, ulardan birining yoniga o‘tirdim. Sayyohlar bir davlatdan guruh bo‘lib kelgan sayyohlar ekan, ularga gid yigit atrofni tanishtirib ketayotgan ekan. O‘tirgan zahotim yonimda o‘tirgan sayyoh ayoldan qaysi mamlakatdan ekanini so‘radim. Aytishicha, guruhning hammasi Germaniyaning Berlin shahridan ekan.

Foto: Google Photos

Shundan so‘ng sayyoh ayol mening qayerdan ekanim bilan qiziqdi. “Samarqand viloyati Urgut tumanidanman” dedim. Shunda u “Hozir” dedi-da, telefonida Google Map’ni ochdi. Internet vositasida ishlaydigan Google Map qani endi ishlay qolsa. Yo‘q, ishlamadi. Men ham telefonimni olib qarasam, ikkita Sim-kartamda ham internet uyoqda tursin, hatto aloqaning o‘zi yo‘q. Shundan so‘ng ayol gidni chaqirdida unga “Urganch, Urganch” dedi. Gid menga “Urganchdanmisiz, bu boya qayerdan ekaningizni aytganingizda yaxshi eshitmabdi. Xaritadan topib sizga ko‘rsatay desa internet yaxshi ishlamabdi” dedi.

Shunda men unga “Urganchdan emas, Urgutdanman” dedim. U ayolga men Urganchdan emas, ming yillik chinorlar yurti Urgutdan ekanimni tushuntirdi. Men ayolga Google Map’dan Urgutning qayerdaligini ko‘rsatish uchun rosa urindim, ammo foydasi bo‘lmadi, internet sifati pastligi uchun ayolga xaritadan Urgutni topib ko‘rsata olmadim. Shundan so‘ng ayol bilan gid tarjimon yordamida biroz suhbatlashdik. Aytishicha, ular aeroportni o‘zidan O‘zbekiston uyali aloqa kompaniyasi Sim-kartasini olishgan.

Toshkentdan yo‘lga chiqishgandan buyon 1–2 joyda 3G paydo bo‘lganini aytmasa, temir yo‘lda yurganda na internet ishlagan, na aloqa bo‘lgan.

Bu judayam yomon holat. Men O‘zbekistonga kelishdan avval O‘zbekiston haqida turli ma’lumotlarni o‘qidim, ko‘rdim. Meni O‘zbekistondagi tarixiy binolar o‘ziga rom etdi. Shundan so‘ng bu yurtga sayohat qilish niyatida sayyohlik firmasiga murojaat qildim. Albatta, internet olamida O‘zbekiston haqida maqtov gaplar bilan birga tanqidiy fikrlar ham bor. Tanqidiy gaplarda asosan O‘zbekistondagi yo‘llarning biroz yomon ahvoldaligi yozilgan va ko‘rsatilgan. Internet sifati pastligi haqida esa yozishmagan yoki yozgan bo‘lishsa ham, e’tiborsizlik bilan o‘tkazib yuborganman. Yo‘llarning sifati past bo‘lsa, yo‘lovchilar, shu jumladan, mamlakatga kelayotgan sayyohlar avtobus yoki avtomobilda yurmay poyezdda yursa yoki turli shaharlar orasida samolyotda uchsa ham bo‘ladi. Ammo internet sifati past bo‘lsa, buni to‘g‘rilashning chorasi yo‘q. Kecha Toshkent shahrini diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatishdi. Foto va videoga oldik. Qattiq charchaganim uchun kunduzi olgan foto va videolarni kechki payt ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga yuklay olmadim. O‘zimcha ertaga poyezdda ketishda bemalol yuklab ketaman deb o‘yladim. Ammo bugun ertalab poyezd Toshkent shahridan chiqqanidan boshlab internet sifati shunchalik pastki, foto va videolarni turli ijtimoiy sahifalarimga yuklashning imkoni bo‘lmayapti. Mana endi Samarqanddan Buxoroga qarab ketyapmiz va hanuzgacha na internet bor, na sifatli uyali aloqa xizmati. Sizlar turizmni rivojlantirishni xohlar ekansizlar avvalambor mamlakatda sifatli yo‘llar va sifatli internet joriy qilib qo‘yishlaring kerak. Aks holda turizmni rivojlantiramiz deb gapirib o‘tirmanglar. Sifatli yo‘llar O‘zbekiston bo‘ylab avtobus, mikroavtobus va yengil mashinalarda sayohat qilishni xush ko‘radigan sayyohlar uchun muhim bo‘lsa, sifatli internet xizmati bu mamlakatdagi turli tarixiy obidalarni, diqqatga sazovor joylarni xorijda reklama qilishda qo‘l keladi. O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning aksariyati o‘zlari tushirgan foto va videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tezkorlik bilan yuklab ketaversa, bu boshqalar uchun sayyohlik salohiyatining reklamasi bo‘lar edi. Buni rasmiylar ham, turizm masalalari bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ham yaxshi anglab, tushunib yetishi lozim.

Kecha Toshkent shahrini tomosha qilganimizda gid bizga oxirgi paytlarda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda keng targ‘ib qilish uchun turli mamlakatlarda taqdimotlar, reklamalar berilayotganini aytib berdi. Masalan, Angliya premyer-ligasi o‘yinlari paytida nufuzli stadionlardagi reklama bannerlarida “O‘zbekistonga sayohat qil” deb reklama berilishi yoki Tokioning eng gavjum metro bekatlaridagi katta ekranlar orqali O‘zbekistonning tarixiy shaharlari ko‘rsatilib, yaponlarni O‘zbekistonga sayohat qilishga chaqirilishi, bular albatta yaxshi. Ammo ishonavering, eng zo‘r reklama – O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlarning Facebook, YouTube kabi servislardagi sahifalarida O‘zbekistonning turli hududlaridan qilayotgan jonli reportajlari, joylayotgan video, foto materiallaridir. Buning ustiga, O‘zbekiston bu reklamalar uchun Angliya yoki Yaponiyada berilgan reklamadan farqli ravishda pul sarflamaydi. Faqatgina O‘zbekistonda internet xizmatini sifatli qilib qo‘ysa bo‘ldi.

Germaniyalik hamrohimning fikrlari jo‘yali edi. Aynan yo‘llarning sifatsizligi va internet xizmatining pastligi bugun O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini orqaga tortuvchi omil bo‘lyapti. Kelayotgan sayyohlar O‘zbekistonda, qishloq joylarida odamlarning paxsadan uy tiklab, loy suvoq ostida yashayotgani uchun kulmaydi. Aksincha, bu unga qiziq va hammasini to‘g‘ri va tabiy qabul qiladi. Ammo chet ellardan kelayotgan sayyohlar yo‘llarning sifatsizligini yoki internet sifati pastligini to‘g‘ri va tabiiy qabul qila olmaydi. Unga sifatli yo‘llar va sifatli internet xizmati suv bilan havoday kerak.

Shu o‘rinda bir misol keltiraman.

O‘tgan yil kuzda yengil mashinada Buxoroga sayohatga bordik. Samarqand shahridan biroz o‘tgandan keyin yo‘llarning sifati uncha yaxshi emas. Yamalgan chuqurlarni usti bo‘rtib chiqib qolgan va mashinada yurganda hadeb silkinib yurish kishiga biroz noxushlik beradi.

Amallab Buxoroga yetdik.

Buxorodagi tarixiy obidalarni tomosha qilib yurar ekanmiz, e’tiborimni bir holat tortdi. Buxorodagi har bir tarixiy obyekt oldida ko‘plab Samarqand viloyatiga tegishli raqamdagi avtobuslar, mikroavtobuslar, taksilar turar edi. Taxmin qildim, ular Samarqanddan Buxoroga sayyohlarni olib borgan. Lekin nega sayyohlarni tezyurar poyezd yoki samolyot emas, aynan avtobus va mikroavtobuslar, taksilar olib borgan? Buni sababini o‘sha avtobuslar, mikroavtobuslar oldida turgan haydovchilar va sayyohlik firmasi vakillaridan so‘radim. Ularning aytishlaricha, sayyohlarning aksariyati mamlakatimiz bo‘ylab poyezd yoki samolyotda emas, avtobuslar va mikroavtobuslarda sayohat qilishni yoqtiradi va aksariyat hollarda sayyohlik firmalaridan buni o‘zlari iltimos qilib so‘raydi. Chunki ularga shahar va qishloqlarimiz oralab yurish judayam qiziqarli ekan. Haydovchilarga savol berdim:

- Kecha biz ham Samarqandan Buxoroga yengil mashinada keldik. Yo‘lning ahvoli o‘ta qoniqarsiz. Aynan shu muammo sayyohlarga qanday ta’sir qiladi?

- Sayyohlar aksariyat yo‘llarimizni yomon ekanini gapiradi. Shuningdek, yo‘llarda ham, shahar-qishloqlarda ham toza va jahon talablariga javob beradigan hojatxonalar yo‘q. Yo‘llarda to‘xtaganda yoki yirik shaharlarda aynan shu masalada qattiq kulguga qolayapmiz va tanqid eshityapmiz, – dedi ular.

Ha, agar bizda eng birinchi navbatda katta yo‘llardan tortib, eng uzoq qishloqlargacha yo‘llarni jahon andozalari darajasida sozlab qo‘yishsa va o‘sha yo‘llarda sayyohlar bemalol yurishsa, bu ham bizda sayyohlar oqimini ko‘payishiga sabab bo‘lar edi. To‘g‘ri-da, “yo‘l azobi – go‘r azobi” deyishgan. Yo‘llar yomonligi tufayli qiynalgan sayyoh bu yurtga yana qaytib kelgisi keladimi? Yurtiga borganda tanish-bilishlariga “falon yurtga bor” deb tavsiya qiladimi? O‘ylaymanki, yo‘q.

Xuddi shuningdek, internet sifatining pastligi masalasida ham gap shu: biz O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini chet ellarda ko‘proq targ‘ib qilishni, O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlar kelishini xohlasak mamlakat bo‘ylab internet sifatini a’lo darajada qilib qo‘yishimiz kerak.

Yo‘llar va internet sifati past bo‘lib qolaverar ekan, biz o‘zimizcha “sayyohlikni rivojlantiramiz” deb quruq qoshiq bilan og‘zimizni yirtib, igna bilan quduq qazib yuraveramiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.