Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 18-iyul kuni 64 nafar yosh tadqiqotchi Belarusga tajriba almashish uchun jo‘natildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ulardan 29 nafari Belarus fanlar akademiyasida, Milliy universitetda 15 kishi, Milliy texnika universitetida 15 kishi, Pedagogika universitetida esa 5 kishi stajirovka o‘taydi.

22-iyul kuni esa yosh olimlardan 27 nafari Belarus tibbiyot akademiyasiga, 2 nafari Texnika universitetiga hamda 2 nafari Texnika universiteti qoshidagi texnoparkka, shuningdek, OTMlarning 26 nafar ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari tajriba almashishga yuboriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining 2019-yil 8—11-aprel kunlari Belarusga xizmat safari chog‘idagi Minsk shahrida o‘tkazilgan Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha birinchi qo‘shma majlisida o‘zbekistonlik yosh olimlarni Belarus Respublikasining nufuzli oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalariga ilmiy stajirovka hamda dasturlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Vazirlik tomonidan tanlov o‘tkazilib, rus tilini mukammal bilishi, nomzodning yoshi, olib boradigan ilmiy-tadqiqot mavzusi bo‘yicha mavjud muammolar va ularning ilmiy hamda amaliy yechimi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi, mahalliy, xalqaro jurnallarda, konferensiyalarda maqola va tezislar bilan ishtirok etganligi, IT texnologiyalaridan foydalana olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kabi tamoyillar asosida Belarusga yuboriladigan yosh olimlar saralab olindi.