2019-yil 1-oktabrdan keyin tuziladigan shartnomalar bo‘yicha “UzAutoMotors” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilinadi. Bu Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Foto: BBC

Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-oktabrdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanadi.

“O‘zavtosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlari quyidagicha sotilishi mumkin:

qo‘shilgan qiymat solig‘ini (ko‘chmas mulk uchun) va haqiqiy qiymatini (xo‘jalik jamiyatlaridagi ulushlar va aksiyalar paketi uchun) hisobga olgan holda ularning qiymatini baholamasdan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga boshlang‘ich bahosi bo‘yicha auksionga qo‘yish orqali;

savdoga qo‘yilgan vaqtdan buyon ikki oy ichida talabgorlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, boshlang‘ich bahosini qadam-baqadam tushirib borish orqali.

“O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ ustav kapitalidagi “Avtosanoat invest” MChJ ulushini balans qiymatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi.

“O‘zavtosanoat” AJga ro‘yxat bo‘yicha dilerlik tashkilotlarining ustav jamg‘armalari (kapitallari)dagi ulushlar sotilishini tezlashtirish topshirildi.