Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida “Turtki berish nazariyasining davlat sektorida qo‘llanilishi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Tadbirda fan doktori, professor, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Alisher Fayzullayev ma’ruza bilan chiqish qildi. Davra suhbati ishtirokchilari — qator vazirliklar va davlat idoralari vakillari turtki berish nazariyasini qo‘llagan holda yechilishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlashtirishga urindi, shu bilan bir qatorda, nazariyani qo‘llash usullarini muhokama qildi.

Turtki berish nazariyasi alohida shaxslar, guruhlar va tashkilotlar tomonidan qarorlarning qabul qilinishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan, “yumshoq” ko‘rsatmalar orqali ta’sir ko‘rsatish usulini o‘rganadi. Mazkur nazariya bo‘yicha tadqiqotlar O‘zbekistonda Alisher Fayzullayev boshchiligida olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi tadqiqotning asosiy maqsadi mazkur nazariyaning tamoyillarini amalda sinab ko‘rish orqali jamiyatni qiynab turgan aniq muammolarining yechilishida turtki berish nazariyasining imkoniyatlarini namoyish etishdir.

O‘z navbatida, Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida davlat idoralari va muassasalari vakillarining tadqiqot obyektini aniqlash bo‘yicha fikr-mulohazalari tinglanib, umumlashtirilmoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Bu nazariya amerikalik iqtisodchi Richard Taler va huquqshunos Kass Sansteynning 2008-yili chop etilgan “Sog‘lig‘imiz, farovonligimiz va baxtimiz borasidagi qarorlarimizni qanday mukammallashtiramiz” kitobidan so‘ng ommalashdi. U, shuningdek, AQSh va Buyuk Britaniya tadbirkorlik va sog‘liqni saqlash masalalari bilan shug‘ullanadigan siyosatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ta’kidlash joizki, R. Taler avvalgi tadqiqotlarni umumlashtirib, nazariya yaratgani uchun iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotga sazovor bo‘ldi.

Nazariyaning ahamiyatli jihati shundaki, u biror holatni taqiqlamaydi, aksincha, jamiyat uchun foydali narsani targ‘ib qiladi. Maktab oshxonasi peshtaxtasida bolalar salomatligi uchun foydali bo‘lgan mevalar, sabzavotli salatlar, sut-qatiq mahsulotlarni ularning ko‘zlari eng tushadigan joyga joylashtirish turtki berish deyiladi, gazli shirin ichimliklar, qovurilgan qarsildoq kartoshka, dudlangan kolbasa kabi zararli mahsulotlarni ta’qiqlash esa turtki berish sanalmaydi. Bolalarda tanlash imkoniyati bo‘lgani holda, ularni foydali taomlarni iste’mol qilishga o‘zlariga sezdirmagan holda undab turiladi.