“Daryo” kolumnisti Yevgeniy Sklyarevskiy Toshkent chetidagi maishiy chiqindilarni yo‘q qilish poligonida bo‘lib qaytdi. Quyidagi maqolada u o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.

Toshkentda chiqindilarni yo‘q qilishi jarayoni bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. “Maxsustrans”ning va boshqa muqobil xususiy kompaniyalarning barcha mashinalari (ular jami 485 dona) o‘ziga biriktirilgan hududdagi chiqindini tashib chiqib bo‘lgach, uchta qayta yuklash punktidan biriga yo‘l oladi. Bu punktlarda chiqindilar konveyerga to‘kib olinadi va qisman saralangach, zichlanib, hajmi 10 kub metr bo‘lgan sisternalarga ortiladi. So‘ngra sisternalar gidravlik ko‘targich yordamida shatakchilarga ulanadi va Ohangarondagi maishiy chiqindilarni yo‘q qilish poligoniga jo‘natiladi. Poligon “Rohat”dan 22 kilometr masofada joylashgan, agar qayta yuklash punktlaridan boshlab hisoblansa, unda masofa o‘rtacha 45 kilometr chiqadi. Bir kunda shatakchi mashinalar to‘rt marta borib keladi.

Foto: “Daryo”

Chiqindilarni yo‘q qilish korxonasi direktori Rafael Bekmullinning aytishicha, poligon 1966-yildan buyon ishlamoqda. Avvallari Quyoshli (hozirgi Ippodrom orqasida) hamda Hasanboy posyolkalarida shahar chiqindixonasi bo‘lgan. Lekin ular to‘lib bo‘lgan va shaharga juda yaqin joylashgan edi, shu sababli ham ancha oldin yopilgan.

Ohangarondagi poligon o‘rnida chuqurligi 18 metrli katta xandaq bo‘lgan va aynan shu yerga chiqindilarni ko‘mishga qaror qilingan. Xandaq ham allaqachon to‘lgan va poligon uchun ajratilgan 59 gektar joy ham 99 foizga to‘lib bo‘lgan. Butun ekspluatatsiya muddati davomida poligonda jami 20 million kub metr chiqindi ko‘milgan.

Foto: “Daryo”

Biz chiqindixonadan ikki kilometr narida turib suhbatlashdik. Lekin chirindi va tutayotgan plastikning bad bo‘yi kuchli sezilib turibdi. Axlatxona ustida bir necha joyda qora tutun ko‘tarilmoqda. Muammo shundaki, chirish jarayonida biologik chiqindilar o‘z-o‘zidan qiziydi va yonuvchan modda – metan ajratib chiqaradi. U esa yonadi va cho‘g‘lanadi. Yonayotgan joyni havodan to‘sib qo‘yish uchun u yerga muntazam qum sepib turishga to‘g‘ri keladi. Lekin alanga yana boshqa joyda paydo bo‘laveradi va shu sababli havoda doim tutun va achqimtir hid bo‘ladi.

Ko‘mish deyarli ko‘plab mamlakatlar uchun standart bo‘lgan texnologiya bo‘yicha bajariladi: 2 metr balandlikdagi axlat uyumi ustidan 40 santimetr qalinlikda tuproq to‘kiladi, keyin yana 2 metr axlat tashlanadi va ustidan yana 40 santimetr tuproq tortiladi. Mazkur tuproq qatlamlari yonuvchan metan tashqariga chiqishining oldini olish uchun zarur.

Foto: “Daryo”

Hozirgi poligon tez orada ekspluatatsiyadan chiqariladi va yopiladi. Ustidan tuproq bilan bekitib yuboriladi. Unga yaqin joyda Koreya Respublikasi ko‘magida 30 gektar maydonni egallovchi yangi poligon ochilishi rejalashtirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi evaziga uning sig‘imi kattaroq bo‘ladi. 40 santimetr balandlikdagi axlat uyumi 50 tonnalik yer tekislaydigan g‘altak mashina bilan bosib zichlanadi. Bu esa chiqindi uyumi hajmi 2/3 qismga qisqarishiga va metan ajralib chiqish yo‘llari to‘silishiga xizmat qiladi. Qatlamlarning orasi esa maxsus plyonka bilan ajratib qo‘yiladi. Shuningdek, metanni xo‘jalik maqsadlarida ishlatish hamda elektrostansiya ehtiyojiga yo‘naltirish loyihalari ham mavjud. Yangi poligon zaharli moddalar suvga va tuproqqa tushishini istisno qiladi.

Axlatxona hududida (u yerni oddiy qilib poligon deyishadi) havo va yerosti suvlarining ifloslanganini tekshiruvchi datchiklar o‘rnatilgan. Hozircha SES me’yorlari bo‘yicha belgilangan ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyalardan chetga chiqilgani yo‘q. Axlatxona yaqinidan oqib o‘tgan ariqdan itlar suv ichmoqda, demak, u ichishga yaroqli. Poligon xodimlari esa quduqdan suv ichishmaydi, undan faqat tomorqani sug‘orish va boshqa texnik maqsadlarda foydalanishadi.

Foto: “Daryo”

Poligonning o‘zida har bir kirib kelayotgan sisternali mashinani qo‘llarida qop va maxsus ilgaklar bilan o‘nlab odamlar kutib oladi va to‘xtashi bilan unga tashlanib, ichidagi plastik, latta-putta va qog‘oz singari qayta ishlashga topshirsa bo‘ladigan narsalarni saralab oladi. Bu ishlarning hammasi axlat uyumi ichida, issiqda, cho‘g‘lanib tutab turgan joylar oldida sodir bo‘ladi. Yig‘ib olgan chiqindilarni ular yaqin orada joylashgan ikkilamchi xomashyo qabul qilish punktlariga topshiradi.

Axlat uyumining asosiy qismi – eski polietilen paketlar. Ular ko‘p yillar davomida chirimaydi. Bilamizki, bunday paketlarni qo‘llash asta-sekin cheklanmoqda, supermarketlarda bunday paketlar pullik bo‘lgan. Boshqa tarafdan qaraganda, avvallari bo‘lgani singari, axlatni paqirda olib chiqib to‘kib yuborishdan ko‘ra hozirgidek shunday paketlarga joylab tashlash gigiyenik jihatdan ma’qulroqdir. Umid qilamizki, olimlar juda tez chiriydigan shunday materialni tez orada ixtiro qiladi.

Foto: “Daryo”

Chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan oltita zavod qurilishi rejalashtirilgan. Lekin muammo shundaki, bunday zavodlar avvaldan saralab, tayyorlab qo‘yilgan chiqindilarni qayta ishlaydi. Bu esa bizda muammoli holatdir. Biz hali xorijliklar singari o‘z chiqindilarimizni avvaldan saralab, keyin tashlashni odat qilmadik.

Lekin hozir ham chiqindi tashlash joylarida qog‘oz va plastik idishlarni tashlash uchun alohida-alohida konteynerlar o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. Keling, ishni shu arzimagan narsalardan bo‘lsa-da, boshlaylik. Toshkentliklar tomonidan chiqarilayotgan chiqindi hajmi yiliga 5–7 foizga ko‘paymoqda. O‘z axlatimizga botib ketmaslik uchun esa, uni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida peshvoz chiqishimiz darkor. Buning uchun chiqindini avvaldan saralab tashlash orqali yordam berishimiz mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.