Internet saytlariyu, ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylanib ulgurgan, yakkabog‘lik tadbirkor va hokim o‘rinbosari o‘rtasidagi voqea sabab tadbirkor Bahriddin Isomovdan tashqari uning kichik o‘g‘li Muhammadro‘zi Daminov, qarindoshi Sirojiddin Haydarovlar ham hibsga olingan. Shuningdek, tadbirkorning katta o‘g‘li ham voqea sodir bo‘lgan joyda bo‘lmasa-da, 11 soat IIB xodimlari “mehmoni bo‘lgan”. Bundanam qizig‘i, hududda do‘koni buzilgan tadbirkorlar soni 30 ga yaqin bo‘lsa-da, aqalli birortasiga ham kompensatsiya to‘lab berilmagan.

Tadbirkor Bahriddin Isomovning ikki qavatli savdo do‘koni.
Foto: “Daryo”

Voqea tafsilotlarini o‘rgangan “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, do‘konni buzish tahdidi tadbirkor va hokim o‘rinbosari o‘rtasidagi kelishmovchilikdan 15—20 kun ilagari ham bo‘lgan. Bu haqda “Daryo” muxbiriga tadbirkorning o‘g‘li Sharofiddin Daminov aytib berdi.

Bahriddin Isomovning do‘koni oldidagi buzilgan do‘konlar.
Foto: “Daryo”

Bahriddin Isomovning do‘koni oldidagi buzilgan do‘konlar.
Foto: “Daryo”

— Hokim o‘rinbosari bundan 15—20 kun ilgari ham do‘konimizni buzamiz deb kelgandi, — deydi Sharofiddin Daminov. – Ammo “qaysi asos bilan buzasiz”, deb savol berganimizda, asosni ko‘rsatolmadi. Shuning uchun qaytib ketgandi. 20-iyul kechki soat 16:00 da yana kelgan. Bu safar ham hech qanday asos keltirmagan. Eng yomoni buldozerni o‘zi haydab, do‘konimizni buzishga uringan. Shuning uchun dadam va yaqinlar qarshiligiga uchragan.

Sharofiddin Daminov.
Foto: “Daryo”

Sharofiddin Daminovning aytishicha, u voqea joyiga 17:00 da kelgan.

— Men bu yerga kelganimda hamma voqea tugab bo‘lgan ekan, — deydi Sharofiddin Daminov. — Shunda prokuratura formasidagi xodimdan nima bo‘lyapti deb so‘raganimda, “Sen kimsan”, dedi. Tadbirkorning o‘g‘li bo‘laman deganimda yonimdagi IIB xodimiga qarab “buniyam oborib qama”, dedi. Shunda telefonimni yoqib, “mening aybim nima”, deya prokuratura xodimiga savol berib, syomka qila boshladim. Sherbek ismli IIB xodimi esa qo‘limni qayirib, telefonimni tortib oldi. O‘zimni esa, IIBga olib ketishdi. Telefonimni “bloklash”ga ulgurdim, xolos. Telefonimni haligacha qaytarib berishmadi.

Foto: “Daryo”

Sharofiddin Daminovning ma’lumot berishicha, hokimiyat savdo do‘konini buzish uchun 22-iyul kuni yozma tarzda ogohlantirish bergan bo‘lsa-da, ogohlantirish xatida 20-iyul sanasi ko‘rsatilgan. Shuningdek, do‘kon uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya ham to‘lab berilmagan. Hududda 30 ga yaqin do‘kondorning do‘koni buzib tashlangan bo‘lsa-da, hali-hamon kompensatsiyadan darak yo‘q.

Sharofiddin Daminov 20-iyul kungi voqeadan so‘ng, otasi bilan birga hibsga olingan ukasi 50 soat davomida IIBda ushlab turilganini bu fursatda ukasi IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanganini taxmin qilmoqda. Daminov gapining isboti sifatida “Daryo” muxbiriga ukasining tan jarohatlari aks etgan suratini ham taqdim etdi.

Muhammadro‘zi Daminovning jarohatlari.
Foto: “Daryo”

Muhammadro‘zi Daminovning jarohatlari.
Foto: “Daryo”

Sharofiddin Daminovning qo‘shimcha qilishicha, ukasi Muhammadro‘zi Daminov 22-iyul kechki payt qo‘yib yuborilgan bo‘lsa-da, 23-iyul kuni yana takroriy tarzda tog‘asi Sirojiddin Haydarov bilan birga IIBga olib ketilgan.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Abror Jo‘rayevning aytishicha, Muhammadro‘zi Daminov haqiqatdan ham IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Abror Jo‘rayev.
Foto: “Daryo”

Yakkabog‘ tuman IIB boshlig‘i Sherzod Shokirov 23-iyul kuni 2 nafar fuqaro huquqbuzarligi uchun 19-sonli IIB bo‘linmasiga olib ketilganini tasdiqladi. Ammo ularning kimligidan bexabarligini aytdi.

— Bugun (23-iyul nazarda tutilmoqda — Tahririyat) 2 nafar fuqaro do‘konni buzish ishlarini olib borayotgan ishchilarni haqorat qilib, ularga so‘kingani uchun IIBga olib ketildi, — deydi tuman IIB boshlig‘i Sherzod Shokirov. – Ammo ularning kimligini bilmayman.

Viloyat IIB matbuot xizmati orqali huquqbuzarlarning kimligini aniqlashtirganimizda, ular Muhammadro‘zi Daminov va Sirojiddin Haydarovlar ekanligi oydinlashdi.

Sharofiddin Daminov hokim o‘rinbosari ularning do‘konini buzishga kelganda, tadbirkorlarga tegishli tikuv sexi, somsaxona va novvoyxonani buzib tashlaganini aytmoqda.

Jurnalistik surishtiruvlarimiz davomida tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli savdo do‘koni tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan bo‘shatilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Do‘konni bo‘shatayotgan tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari.
Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan hokim o‘rinbosari Mansur To‘ymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli do‘konni buzish niyatlari bo‘lmaganini, aslida uning do‘koni yonidagi xom g‘ishtdan qurilgan tadbirkor Shokir Berdiyevga qarashli savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini buzish uchun borganini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

— Bahriddin akaning do‘konini buzmoqchi emasdik, bu haqda o‘zlari bilan ham gaplashgandik, — deydi Mansur To‘ymayev. – Aslida u kishining do‘koni yonidagi 50-yillarda xom g‘ishtdan qurilgan bir qavatli do‘konlarni buzmoqchi edik. O‘sha kuni syomka qilingan videoga yaxshilab e’tibor berilsa, buldozer orqali eski, talabga javob bermaydigan do‘konni buzayotganimizni ko‘rish mumkin. Bahriddin akaning do‘koniga umuman tegilmagan.

Hokim o‘rinbosari Mansur To‘ymayev suhbat davomida Bahriddin Isomovning do‘koni xususida bundan avvalroq viloyatdan tadbirkorning tanishlaridan Abdurasul Safarov ismli kishi telefon qilganini, shu boisdan ham imkon qadar o‘sha ikki qavatli do‘konni buzmaslikka harakat qilganini ta’kidlamoqda.

Foto: “Daryo”

Mansur To‘ymayevning ma’lumot berishicha, voqea sodir bo‘lgan Eski Yakkabog‘ hududi 2018-yil “Obod markaz” dasturiga tushgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida hududdagi 30 ga yaqin do‘kon buzib tashlangan. Ammo ularning hech biriga kompensatsiya to‘lab berilmagan.

Foto: “Daryo”

— Do‘kon egalariga kompensatsiya to‘lab berilmaganining sababi ular o‘z vaqtida do‘konini narxlatmagani, — deydi Mansur To‘ymayev. – Bir necha marotaba aytdik, do‘konlar buzilishga tushadi. Do‘konizni baholating deb. Kompensatsiya to‘lab berish uchun mablag‘ muammo emas. Pul bor. 30 ga yaqin do‘kondorga ham ko‘rsatilgan miqdordagi kompensatsiya pullarini, albatta to‘lab beramiz.

Yakkabog‘ tumani hokimligi.
Foto: “Daryo”

Tuman hokimligi matbuot xizmati xodimi Bozor Azizovning ma’lum qilishicha, Eski Yakkabog‘ hududida ayni kunda 10 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda yashovchi keksalar nafaqadagi pedagog Nosir Turdiyev boshchiligida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan suhbat davomida hududni obodonlashtirish haqida so‘rashgan. Shu boisdan ham hudud “Obod markaz” dasturiga tushgan. Dasturga ko‘ra, 10 kilometr masofadan hududga ichimlik suvi tortib kelinadi. Buzilayotgan do‘konlar hisobiga yo‘l kengaytirilib, ko‘cha obodonlashtiriladi. Tadbirkor Bahriddin Isomovning buzilajak do‘koni o‘rnida avtoturargoh quriladi.

Yakkabog‘ tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi Bozor Azizov.
Foto: “Daryo”

Mansur To‘ymayev “Daryo” muxbirining “Nega o‘zingiz buldozerga o‘tirib, binoni buzishga urindingiz, bunga qay darajada huquqingiz bor”, deya bergan savoliga: “Tadbirkor Shokir Berdiyev ikki marotaba traktor haydovchisini qo‘rqitib haydab yubordi, “uyingni yoqib yuboraman”, deb do‘q qilgach, buldozer haydovchilari qochib ketdi. Texnikani boshqaruvchi kishi qolmagach, o‘zim rulga o‘tirdim”, deya javob berdi.

Mansur To‘ymayev suhbat davomida tadbirkor Bahriddin Isomovni ataylab odam to‘plaganlikda aybladi.

— Buldozerga chiqib, binoni buzishga harakat qilayotganimda, bexosdan zina tepasida turgan Bahriddin Isomovning do‘koniga tegib ketdi, — deydi Mansur To‘ymayev. — Ammo o‘sha payt Bahriddin akadan uzr so‘radim. Shunga qaramasdan Bahriddin aka yig‘ib qo‘ygan odamlariga ishora qildi. Shunda o‘sha yerda turgan ayollar IIB xodimlariga tashlanib qoldi. Men esa odamlar yig‘ilgani bois, og‘ir texnikani chetga olib to‘xtatdim. Va vaziyatni kuzata boshladim. Shunda IIB xodimlari ayollar bilan ovora bo‘lib qolgach, tadbirkor Bahriddin aka traktor tomonga yugurib kelib, qo‘lidagi idishda turgan benzinni menga sepdi. Traktordan tushib, tezda qochsam bo‘lardi. Ammo traktorni xavfsizlantirishim kerak edi. Tormoz sistemaga qo‘yib, motorni o‘chirishga harakat qildim. Shu payt esa yona boshladim.

Hokim o‘rinbosari yuzi va har ikkala qo‘li kuygani bois biz bilan ko‘rishishni istamadi.

Yakkabog tumani tibbiyot birlashmasi.
Foto: “Daryo”

Tuman tibbiyot birlashma mas’ullarining aniqlik kiritishicha, bemor Mansur To‘ymayev 20-iyul kuni soat 18:00 da shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yuz-bo‘yin, ikkala yelka-bilak va kaftlari alangadan kuyishi I-II-III a, daraja 10—11 foiz bo‘lgan holatda olib kelingan. Yuqori nafas yo‘llarining kuyishi I a daraja tashxisi bilan yotqizilgan. Shifokorlarning aytishicha, shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limining sharoiti, yani konditsioner yo‘qligi bemorning kuygan joylari achishishiga olib keladi deya, reabilitatsiya bo‘limining 6-palatasidan joy berilgan. Hozirda ahvoli yaxshi.

Foto: “Daryo”

Ammo Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarnomasida Mansur To‘ymayevdagi kuyish holati 35—40 foiz ekanligi aytilgan va tadbirkor Bahriddin Isomovga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ochiqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, holat tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Tadbirkor Bahriddin Isomovning esa ayni kundagi ahvoli, qayerga olib ketilgani va qay tartibda ushlab turilgani xususida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Tadbirkorning to‘ng‘ich o‘g‘li Sharofiddin Daminov o‘zlariga tegishli do‘kon yoniga oila-a’zolaridan hech kim qo‘yilmayotgani haqida shikoyat qilar ekan, do‘kondagi 2 ta: biri 12 millionlik, biri esa 23 millionlik muzlatgichlar, 3 ta konditsioner ko‘chaga olib chiqib tashlanganini, do‘kon pastidagi omborxonada esa 100 million so‘mlik yog‘ va kir sovunlari qolib ketganini aytmoqda.

Tadbirkorning do‘konidan olib chiqib tashlangan muzlatgichlar.
Foto: “Daryo”

Tadbirkorning do‘konidan olib chiqib tashlangan muzlatgichlar.
Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Tadbirkor do‘konining omborxonasi.
Foto: “Daryo”

Tadbirkor do‘konining omborxonasi.
Foto: “Daryo”

Tadbirkor do‘konining omborxonasi.
Foto: “Daryo”

Tadbirkor do‘konining omborxonasi.
Foto: “Daryo”

Davlat rahbarining shaxsan o‘zi “Barcha hokimlarni qat’iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart”, — deb turganda bir hududga ichimlik suvi keltiruvchi suv quvuriga xalal bermagan savdo do‘koni va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasining faqatgina avtoturargoh qurilishi uchun buzib tashlanishi adolatli qaror bo‘larmikin?