“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh dunyoning yadroviy qurolga ega mamlakatlari haqida hikoya qiladi.

Aslida insoniyat bir-biriga g‘animlik qilishi, bir-biriga qurol o‘qtalishi, bir-birini o‘ldirishi tushunarsiz ish. Ammo ne ajabki, insoniyat yaralgan beri boshi urushdan chiqmaydi. Ayniqsa dunyo biroz madaniylashgandan keyin, XX asrda ikkita jahon urushining bo‘lib o‘tgani va ularda mislsiz vayronagarchiliklar yuz bergani, hisobsiz odamlarning halok bo‘lgani g‘oyat achinarli holatdir.

XX asrda insoniyat o‘zini himoya qilish bahonasida bir-birini o‘ldirish uchun ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qurollarni kashf etdi. Ana shunday qurollardan biri atom bombasi va yadro arsenallaridir.

Atom bombasining yaratilish tarixiga kelsak, uni ilk marta 1943–1944-yillarda Ikkinchi jahon urushida yengilayotgan nemis olimlari loyihalashtirishni boshlaydi. Ammo bu loyihalar AQSh razvedkasi tomonidan o‘g‘irlab ketiladi va ilk atom bombasi AQShda yaratiladi. Sinov sifatida tirik odamlar tanlanadi. 1945-yilda AQSh harbiy havo kuchlari urushda yengilayotgan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlaydi. Portlash natijasida har ikki shaharda o‘n minglab odam halok bo‘ladi, qolganlar nogiron bo‘lib qoladi va uzoq yashamaydi. Shundan keyin atom bombasini SSSR yaratadi va sinovdan o‘tkazadi.

Shu tariqa XX asr oxirigacha dunyoning 10 mamlakati atom bombasi va boshqa yadro arsenallariga ega bo‘ladi.

Quyida bu qaysi davlatlar ekani va ularda qancha yadro arsenali borligi haqida ma’lumot beramiz.

10. Eron

Foto: Google Photos

Eronning yadro quroli haqida hech kimda aniq ma’lumot yo‘q. Eronning o‘zi esa bunday quroli borligini inkor qiladi. G‘arb davlatlari esa “Eron allaqachon yadro qurolini yasab sinovdan o‘tkazgan va uni jahon hamjamiyatidan bekityapti” deb da’vo qiladi.

Eron yadro qurolining asosiy yoqilg‘isi bo‘lgan uranga boy mamlakat hisoblanadi. Eron rahbariyati yadro quroli haqida gap ketganda “Biz xohlasak yadro qurolini hoziroq yarata olamiz. Ammo bizning maqsadimiz atomdan tinch maqsadlarda foydalanish” deydi.

Nima bo‘lganda ham Eronning yadro quroli haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Hammasi taxminga asoslangan. Eronning yadro quroli bor davlatlar ro‘yxatiga kiritilayotganing sababi, garchi bu davlatning yadro quroliga ega ekanligiga dalillar bo‘lmasa ham, uning hududida yadro sinovlari o‘tkaziladigan poligonlar, laboratoriyalar, uranni boyitish korxonalari va yadro fizikasi sohasida kuchli mutaxassislar borligidir. Qisqasi, Eronda yadro qurolini osongina yaratib olish uchun hamma sharoit bor.

9. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (Shimoliy Koreya)

Foto: Google Photos

Yadro kallaklarning soni: 10–60

Ilk yadro sinovi: 2006-yil

Eng so‘nggi yadro sinovi: 2018-yil

Shimoliy Koreya yadro qurollarini yaratish ustidagi ishlarni o‘tgan asrning 70-yillarida boshladi.

O‘shanda mamlakat rahbari bo‘lgan Kim Ir Sen o‘z vaqtida yadro quroli yaratishda yordam so‘rab SSSR va Xitoy rahbariyatiga murojaat qilgan edi. Ammo bu ikki mamlakat rasmiy Pxenyanga yadro qurolini yaratish uchun jiddiy yordam bermadi. Shundan so‘ng Shimoliy Koreyaning asosiy iqtisodiy hamkori bo‘lgan SSSR tarqab ketdi. Xitoy esa fikrini o‘zgartirmadi va Shimoliy Koreya o‘zi mustaqil ravishda yadro quroli yaratish ustida ishladi. Bugun bu mamlakatda, bir manbaga ko‘ra, 20 dona, yana bir manbaga ko‘ra, 60 ta yadro kallagi bor. Mamlakat yopiqligi uchun bu haqda aniq ma’lumot hech kimda yo‘q.

8. Isroil

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 80

Ilk yadro sinovi: 1979-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1979-yil

Isroil o‘zida yadro qurollari borligini hech qachon oshkor etmaydi. Ammo bu mamlakat yuzga yaqin jangovar yadro kallaklariga ega ekanligi haqida aniq ma’lumotlar bor; ularni o‘zi yaratganmi yoki eng yaqin ittifoqchisi – AQSh berganmi, bunisi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Mutaxassislarning fikricha, Isroilga yadro qurollarini AQSh bergan. Chunki Isroil o‘zining nisbatan kichik hududida yadro sinovlarini o‘tkaza olmaydi.

1979-yilda Atlantika okeanning janubida bir nechta shubhali yadro sinovlari o‘tkazilgan va ularni Isroil yoki JAR o‘tkazgan deb taxmin qilinadi.

Isroilda yadro qurollari saqlanishining yana bir muhim isboti, bu mamlakat “Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitim”ni imzolashdan bosh tortgan.

7. Hindiston

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 120–130

Ilk yadro sinovi: 1974-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1998-yil

Hindiston ilk yadro sinovlarini 1974-yilda muvaffaqiyatli o‘tkazgan bo‘lsa-da, faqatgina XX asrning so‘nggiga kelib o‘zida yadro quroli borligini oshkora tan oldi.

1998-yilda uch marta yadro sinovini o‘tkazgan Hindiston o‘shandan keyin o‘zining yadro sinovlarini boshqa o‘tkazmaslik haqidagi qarorini e’lon qildi.

6. Pokiston

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 130–140

Ilk yadro sinovi: 1998-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1998-yil

1974-yilda Hindiston yadro sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazganidan so‘ng Pokiston ham raqibidan ortda qolmaslik uchun tadqiqotlarga zo‘r berdi. O‘shanda Pokiston bosh vaziri bo‘lgan shaxs “Agar Hindiston yadro qurolining sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazgan bo‘lsa, hatto biz unga qo‘shilib portlab o‘t-o‘langa aylanib ketsak ham o‘z yadro sinovimizni o‘tkazamiz” degan edi.

Pokiston yadro sinovlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi, faqat Hindistondan 24 yil keyin va shu tariqa yadro qurollari bor jahondagi sanoqli davlatlardan biri bo‘ldi.

5. Buyuk Britaniya

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 215

Ilk yadro sinovi: 1952-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1991-yil

Buyuk Britaniya yadro quroliga ega mamlakatlarning birinchi beshtaligiga kiradigan o‘z mamlakati hududida yadro sinovlari o‘tkazmagan yagona davlat hisoblanadi. U o‘z sinovlarini Avstraliya va Tinch okeanida o‘tkazgan. 1991-yilda Buyuk Britaniya yadro sinovlarini o‘tkazishni to‘xtatgan.

4. Xitoy

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 270

Ilk yadro sinovi: 1964-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1996-yil

Xitoy yadro quroliga ega bo‘lishida SSSRning yordami katta bo‘lgan. To‘g‘ri, SSSR Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri yadro quroli yaratib bermagan. Ammo laboratoriya, uranni boyitish zavodi, sinov poligoni qurishda, shuningdek, yadro quroli yaratishda ishtirok etgan kuchli fizik olimlarni tayyorlab bergan.

Xitoy dunyodagi yadro qurollari yo‘q davlatlarga yadro quroli bilan hujum va tahdid qilmaslik haqida qaror chiqargan yagona mamlakat hisoblanadi.

3. Fransiya

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 300

Ilk yadro sinovi: 1960-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1995-yil

Fransiya umumiy hisobda 200 dan ortiq yadro sinovlarini o‘tkazgan.

Ilk sinovlarni o‘tkazishni o‘sha paytda mustamlakasi bo‘lgan Jazoirda boshlagan bo‘lsa, so‘ngra sinovlar Tinch okeanidagi Fransiya Polineziyasida davom ettirilgan.

Fransiya “Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitim”ga o‘tgan asrning 90-yillarida qo‘shilgan.

2. AQSh

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 6800

Ilk yadro sinovi: 1945-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1992-yil

AQSh dunyodagi eng kuchli armiyaga ega davlat hisoblanadi. Shuningdek, u jahon davlatlari orasida harbiy xarajatlar uchun eng ko‘p pul sarflash bo‘yicha ham mutlaq birinchi o‘rinda. AQShning 2019-yildagi harbiy xarajatlari 700 milliard dollar atrofida bo‘lishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, AQSh jangovar yadro kallaklar soni va yadro sinovlari bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Shu paytgacha AQShda 100 turdan ortiq 66,5 ming turli atom qurollari yaratilgan.

AQShning asosiy yadro kallaklari xuddi Rossiyanikiday suv osti harbiy kemalariga o‘rnatilgan.

AQSh ham, Rossiya bilan birgalikda 2017-yilda “Yadro qurolidan butunlay voz kechish haqidagi yangi bitim”ga qo‘shilmadi.

1. Rossiya

Foto: Google Photos

Jangovar yadro kallaklari soni: 7000

Ilk yadro sinovi 1949-yil

So‘nggi yadro sinovi: 1990-yil

SSSR tarqab ketganidan so‘ng yadro qurollarining ma’lum bir qismi Qozog‘iston, Ukraina va Belarus hududida qolgan edi. O‘shanda Qozog‘iston va Belarussiya ularni hech bir gap-so‘zsiz Rossiyaga topshirdi. Ammo Ukraina 1994-yilgacha hududiy daxlsizligini o‘ylab yadro kallaklarini Rossiyaga topshirmay yurdi. 1994-yilda BMT, AQSh va Yevroittifoq kafilligida Ukraina hududidagi jangovar yadro kallaklarini “Rossiya hech qachon Ukraina hududlariga da’vo qilmaydi” degan mazmundagi bitimni imzolaganidan keyin topshirgan edi. 2014-yilda Rossiya Qrimni o‘ziga qo‘shib olganidan so‘ng siyosatchilar “Ukraina o‘sha paytda Rossiyaga jangovar yadro kallaklarni qaytarib noto‘g‘ri ish qilgan” degan fikrni bildirdi.

Bugun Rossiya yadro kallaklari soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lsa ham, tayyor yadro kallaklari soni bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Rossiya va AQSh oldida bugun ko‘plab eskirib bo‘lgan yadro kallaklarni zararsizlantirish muammosi ham ko‘ndalang turibdi.