“Daryo” kolumnisti Yevgeniy Sklyarevskiy bilbordlar va tashqi reklama shahar manzarasini buzayotgani haqida fikr yuritadi.

Butun dunyoda tashqi reklama va ayniqsa ulkan hajmli tashqi reklama peshlavhalariga (reklama bilbordlari) qarshi kurash boshlangan. Masalan, atigi bir yil ichida Braziliyaning San-Paulu shahri ma’muriyati ko‘chalardan 15 000 dona tashqi reklama plakatlarini olib tashlagan. Bundan bo‘shagan joylarning aksariyatini esa Street Art hamda fotosuratlar bilan bezashgan.

Foto: Google Photos

San-Paulu tashqi reklamadan butunlay qutulgan jahondagi birinchi shaharga aylandi. Ko‘chalarni reklamadan tozalash bo‘yicha kampaniyalar Chennai, Grenobl, Tehron, Parij va yana boshqa shaharlarda ham kuzatilmoqda; so‘nggi paytlarda Nyu-York ham bu ro‘yxatga qo‘shilgan. Harakat global tus olmoqda. Balki ko‘chalarida reklama uchramaydigan shaharlar zamoni kelayotgandir? Bu haqda faqat orzu qilish mumkin. Internetdan oddiy qidiruv berib ko‘rsangiz, Pragada, Olmaotada, Sankt-Peterburg va Moskvada, Yaltada, Dnepr, Sevastopol, Omsk, Barnaulda va boshqa shaharlarda ham bilbordlarni olib tashlanayotgani ko‘rishingiz mumkin. Bularning barchasida tashabbus mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan – mer hamda saylangan deputatlar tarafidan ilgari surilgan.

Toshkent esa, odatdagidek, bunday tendensiyalardan ortda qolmoqda, lekin nima uchun biz keyinchalik yetib olamiz deb kutib o‘tiraverishimiz kerak? Bilbordlar va boshqa xil tashqi reklama konstruksiyalarini olib tashlashni hozirdanoq boshlashni taklif qilaman. Bunga qanday asoslar bor deysizmi? Istaganingizcha!

1. Bilbordlar shahar manzarasini xunuklashtirmoqda va buni inkor etish mushkul. Ayniqsa bunday reklama tarixiy obyektlar va chiroyli binolar manzarasini yoki fontan va yodgorliklarni to‘sib qo‘yishi yomon. Men Facebook’da bir necha marotaba bilbord Pushkin haykalini chorraha tarafdan to‘sib qo‘yayotgani haqida yozdim. Uni olib tashlashganda esa quvondim. Lekin quvonchim uzoqqa bormadi: o‘sha bilbord o‘rniga keyin nur diodli ulkan ekran o‘rnatib qo‘yishdi;

2. Bilbordlar haydovchilarni chalg‘itadi, nur taratadiganlari esa ko‘zni qamashtiradi. Bu orqali shundoq ham ayanchli bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi masalasi yanada yomonlashmoqda. Bilbordlar yo‘l belgilarini to‘sib qo‘ygan holatlar ham bo‘lgan;

3. Eng asosiysi esa, men ularni ko‘rishni istamayman! Nima uchun va qaysi asosga ko‘ra menga tashqi reklama tiqishtirilmoqda? Mening roziligimni birov so‘raganmi? Bu mening ichki olamimga nisbatan qo‘pol va surbetlarcha hamla qilinishi deb bilaman. Masalan, TVda TVning ishlashi uchun, saytlarda esa foydali kontentdan foydalanganlik uchun evaz sifatida ular qo‘ygan reklamani tushunsa bo‘ladi. Bu o‘rinda hammasi mantiqqa mos – reklamasi yoqmasa, televizor ko‘rmayman; reklamasi bor saytlarga kirmayman hamda reklama bosadigan gazetalarni xarid qilmayman. Lekin ko‘zga suqilib kiraveradigan bilbordlarning uqubatidan qanday qutulish mumkin? Nima, shaharga chiqmaslik kerakmi?

Izohlarda qoldirilgan fikrlardan biriga ko‘ra, bilbordlarning yagona foydasi – daraxtlar kesib tashlangan joylarda endi soya-salqin faqat bilbordlardangina qolgan ekan. Kuchsiz va achinarli gap.

Toshkentni bilbordlardan va tashqi reklamadan xalos qilishni taklif qilaman. Avvaliga markazni, keyin shoxko‘chalarini, keyin barcha ko‘cha va yo‘llarni, hammayoqni xalos qilish kerak!

Shahrimiz chiroyliroq va erkinroq bo‘lib borayotganini, toshkentliklar va turistlar uchun ham jozibador bo‘lib borishini darhol payqaymiz. Bu esa shaharni yanada chiroyli qilish yo‘lidagi navbatdagi qadamlarga ilhom beradi.

Reklama-chi? Qayg‘urgani boshqa narsa qolmaganmidiki, bu haqda bosh qotirsak. U siz o‘ylagandan ham muvaffaqiyatliroq ravishda media olamiga, TV hamda internetga ko‘chib o‘tadi. Boz ustiga, hozirda hammada mobil telefon bor. Mutaxassislarning aytishicha, tashqi reklamani natija muhim bo‘lmagan odamlar joylar ekan. Faqat internetdagina reklamani aniq manzilli yo‘naltirish mumkin. Bunda reklamani ko‘rsatish vaqti va muddati, iste’molchining jinsi, yoshi va qiziqishlaridan kelib chiqib maqsadli auditoriyani tanlasa bo‘ladi. Bilbordlar esa qushni urib tushirish niyatida, havoga yumuq ko‘z bilan o‘q uzish singaridir. Tarmoqda esa #bilbordlaryo‘qolsin heshtegi hamda unga muvofiq bo‘lgan maqolalar mavjud. Siz ham qo‘shiling!

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.