“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh guruh tarkibida O‘zbekistonning eng baland cho‘qqisi bo‘lmish Hazrat Sultonga sayohat qildi. Quyida u o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.

Hammasi ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritadigan sayyohlik firmalaridan birining “O‘zbekistonning eng baland nuqtasi, Hazrat Sulton cho‘qqisiga sayohat uyushtirishi” haqidagi e’lonini ko‘rib qolishimdan boshlandi. Oradan biroz o‘tib, o‘sha sayyohlik firmasiga qo‘ng‘iroq qildim-da, uch o‘rtog‘im va o‘zimni ro‘yxatga yozdirib qo‘ydim. 22-iyul kuni ular qo‘ng‘iroq qilib, 24-iyul kuni ertalab soat 07:00 da Kitob shahrida bo‘lishimizni so‘rashdi.

Foto: “Daryo”

Hazrat Sulton haqida

Hazrat Sulton cho‘qqisining balandligi, dengiz sathidan hisoblaganda, 4 688 metrni tashkil etadi. Ushbu cho‘qqi Hisor tog‘ tizmasidagi suvayirg‘ichning janubiy qismida, Kishtut daryosining boshlanish qismida joylashgan. Cho‘qqi atrofdagi hududlardan tik qurumli qoyalar hosil qilib ko‘tarilgan. Cho‘qqining yonidan oqib o‘tuvchi va shu hududdan boshlanuvchi daryolar havzasida abadiy qor va muzliklar yastanib yotibdi. Hazrat Sulton cho‘qqisi Yevropadagi eng baland Monlban cho‘qqisidan 120 metr pastroq.

Foto: “Daryo”

Bu joy xalq orasida O‘zbekistonning eng baland nuqtasi emas, ziyoratgoh sifatida mashhur. Kattalardan eshitganman, qadimdan odamlar turli viloyatlarimizdan ot, eshak minib, piyoda holda tog‘lar oshib ziyoratga kelgan. Eslayman, 1995–1998-yillarda hamqishloqlarim ham tog‘ oshib, shu ziyoratgohga borib kelar edi.

1999-yil 16-fevral voqealaridan so‘ng qo‘shni Tojikiston bilan aloqalarimiz yomonlashdi. O‘rtada viza munosabatlari joriy qilindi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan tog‘larga minalar ko‘mildi. Shundoqqina chegara oldi hududida joylashgani uchun Hazrat Sultonga ziyoratga borish ham yopib qo‘yildi. O‘shandan keyin oddiy aholiga, sayyohlarga O‘zbekistonning eng baland nuqtasida joylashgan bu ziyoratgohga borish mutlaqo taqiqlandi. Oxirgi borganlar bu cho‘qqi va unda joylashgan ziyoratgohga 1998-yilda borgan.

Foto: “Daryo”

Oradan 20 yil o‘tib, 2018-yilda Tojikiston bilan do‘stona aloqalarimiz tiklanganidan so‘ng bu ziyoratgohga chiqishga yana ruxsat berildi va o‘tgan yil ilk ziyoratchilar va sayyohlar bu cho‘qqiga chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘sha mashhur Ko‘l qishlog‘i

24-iyul kuni ertalab soat 08:00 da Kitobdan manzil sari yo‘lga otlandik. Yo‘l Hazrat Sulton cho‘qqisi ostigacha borar ekan, ammo u yo‘llarda faqat yo‘ltanlamas mashinalar yura olar ekan. Shu tufayli bizga “Niva” berishdi. Kitobdan manzil sari borar ekanmiz, yo‘llardagi manzara juda ham ajoyib edi. Ayniqsa uzun cho‘zilib ketgan Hisorak suv ombori juda ham ajoyib manzara hosil qilgan.

Foto: “Daryo”

Boradigan manzilimizda oxirgi aholi punkti o‘sha qishda yo‘llarini odam bo‘yidan baland qor bosib qolgan Ko‘l qishlog‘i ekan. Kitobdan Ko‘l qishlog‘iga boradigan yo‘l, Hisorak suv omboriga kelib quyiladigan Oqdaryo yoqalab chiqib borar ekan. Hisorak qishlog‘idan uyog‘i, Ko‘l qishlog‘igacha bo‘lgan 50 kilometr atrofidagi yo‘lda ham oddiy mashina ko‘rmadik. Hammasi “Niva”, “UAZ” mashinalari. Haydovchimiz Ko‘l yaqinidagi G‘ilon qishlog‘ida yashovchi Ulug‘bekning aytishicha bu atroflarda yashaydigan aksariyat odamlarning ulovlari asosan “Niva” va “UAZ” rusumli mashinalar ekan. Sababi, Hisorakdan Ko‘l qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘l juda tor, notekis ekan. Haqiqatan asfalt bo‘lmagan u yo‘llarda oddiy mashinalar juda qiyinchilik bilan harakatlanadi.

Foto: “Daryo”

Ko‘l qishlog‘i juda bahavo joyda joylashgan ekan. Atrofdagi qir-adirlarda joylashgan obod ekin yerlarini ko‘rib shunga amin bo‘ldimki, Ko‘l qishlog‘i aholisi juda mehnatkash ekan.

Cho‘qqi sari

24-iyul kuni, atrofni tomosha qilib Kitobdan Ko‘l qishlog‘iga yetib borgunimizcha soat 14:00 bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng soat 18:00 gacha hamma sayohatchilarni yig‘ilib borishini kutdik. Shu yerda “qachon cho‘qqi sari yo‘lga chiqamiz?” deb ichimiz qizib, biroz diqqat ham bo‘ldik. Ammo chegara qo‘shinlari harbiy qismidan ro‘yxatdan o‘tib, cho‘qqi sari yo‘lga chiqqanimizdan keyin diqqat bo‘lganimiz ham darrov esimizdan chiqdi. Sababi... Sababi atrofni go‘zalligiga til ojiz edi. Ko‘ldan Hazrat Sulton cho‘qqisi ostigacha 18 kilometr ekan. Ana shu 18 kilometrlik yo‘lda ikkita tog‘ tizmasining ustidan oshib o‘tdik. Yo‘lda faqatgina bitta mashina sig‘adi. Nihoyatda tor bo‘lgan bu hali tik yona bo‘ylab tepaga chiqadi, hali yana o‘shanday tik nishablik bilan pastga tushadi. Bu yo‘lda yurish juda zavqli bo‘ldi. Haydovchimiz yosh bo‘lsa ham o‘z ishining ustasi ekan.

Foto: “Daryo”

Cho‘qqiga chiqish

Ko‘l qishlog‘idan cho‘qqi ostigacha bo‘lgan yo‘lni ikki soatda bosib o‘tdik. Borsak oxirgi manzilda bizdan oldin borgan kamida o‘ntacha mashina va 40–50 nafar odam bor edi. Shundan keyin yana ikki soatcha hamma yig‘ilishini kutdik. Soat 21:00 gacha 100 dan oshiq kishilik guruh yig‘ildik va cho‘qqi sari yo‘l boshladik. Cho‘qqiga chiqadigan so‘qmoq bir joyda nishabroq bo‘lsa, bir joyda juda tik edi. Yurib o‘rganmaganmiz, biroz o‘tib oyoqlarimiz og‘rib, o‘zimiz charchab qoldik. Ammo ziyoratchilarning asosiy qismi yoshi katta otaxonlar, onaxonlar, ayollar edi, ularni oldida uyatga qolmaylik deb tishni tishga qo‘yib yuraverdik.

Foto: “Daryo”

Bizga cho‘qqigacha aylana so‘qmoqlar orqali 7–8 kilometr yo‘l yuramiz deyishgan edi. Ammo nazarimda, kamida 11–12 kilometr masofani bosib o‘tdik. Sahar 3:30–4:00 larda cho‘qqi oldida edik. Cho‘qqi atrofida hammayoq muzlik bilan qoplangan ekan. Ikki sherigimiz cho‘qqi tepasiga chiqdi. Yo‘l boshlovchi bo‘lmagani uchun men va yana bir sherigim so‘qmoqda adashib boshqa tomonga o‘tib ketibmiz. Cho‘qqini topib borganimizda uni tepasiga chiqish uchun na kuchimiz, na madorimiz qolgan edi.

Foto: “Daryo”

“100 dan oshiq odam qo‘lida fonar bilan yursa qanday adashasizlar?” deyishingiz mumkin. Boshida shuncha odam so‘qmoqda jipsroq yurdik. Tepaga chiqqanimiz sari kimdir orqada qolib ketdi, kimdir oldinlab ketdi va shu tariqa uch-to‘rt kishilik tarqoq guruhchalarga bo‘linib ketdik. Ana shunday holatda hali bu tarafda, hali u tarafda uzoqdan fonar yorug‘i ko‘rinadi va biz ularning qaysi birini ortidan yurishni bilmay qoldik va shu tariqa cho‘qqi ostiga osonroq olib boradigan so‘qmoqni yo‘qotib qo‘ydik.

Cho‘qqida havo harorati -2, -3 atrofida sovuq edi. Issiq kiyimlarda ham muzlab qoldik.

Foto: “Daryo”

Quyosh chiqishi va cho‘qqidan tushish

Biz quyoshni chiqishini cho‘qqi tepasida kutib olgan bo‘lmasak-da, qariyb o‘shanday balandlikdagi boshqa bir cho‘qqidan kuzatdik. Quyosh chiqqanidan keyingi manzaraning ta’rifiga til ojiz edi. To‘rt tomon atrofimiz balandligi 4 500 metrdan oshiq bo‘lgan bahaybat tog‘lar, muzliklar bilan o‘ralgan. Kun yorishgandan so‘ng ko‘rgan mo‘jizalarimiz charchoqni ham, cho‘qqini ostiga borib, adashib arzimagan nechadir metrga chiqa olmaganimizni ham unuttirib yubordi. Ammo baribir pastga tushish qiyin bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

Cho‘qqiga kechasi chiqar ekanmiz, faqat oyoq ostidagi so‘qmoqni ko‘rganmiz, xolos. Ortga qaytib tushishda chiqib borgan yo‘limizni, uning atrofini ko‘rib ochig‘i u yo‘llardan kechasi qorong‘uda qanday chiqib borganimizga hayron qoldim. Odamning vahmi keladi.

Cho‘qqidan uch soat deganda zo‘rg‘a pastga tushib kelganimda ikki oyog‘im tizzadan pasti og‘riqni zo‘ridan chidab bo‘lmas darajada edi. Pastda sheriklarim tushib kelguncha biroz dam oldim. Shundan so‘ng ortga qaytdik.

* * *

Shu o‘rinda ikki og‘iz tashkilotchilik haqida yozmasam bo‘lmaydi. Bizni sayohatga olib borgan sayyohlik firmasi bu ish uchun bir nechta tashkilotlardan ruxsat olgan. Shuncha odamni sog‘-salomat borib kelishini zimmasiga olib sayohatni uyushtiryapti. Ammo tashkilotchilik nol. Cho‘qqining ostiga yetgunimizcha bo‘lgan ishlar arzimasdir, ammo qorong‘uda 4 600 metrdan baland tog‘ga 100 dan oshiq odamni yo‘lboshlovchisiz, o‘zlarini qo‘yib yuborish bu juda ham noto‘g‘ri ish. Qolaversa, yuqorida yozdim, 20 yil davomida bu cho‘qqiga hech kim chiqmagan va shu tufayli odamlar orasida so‘qmoqlarni biladigan hech kim yo‘q edi.

Foto: “Daryo”

Umuman olganda, sayohatimiz juda maroqli o‘tdi. Bu sayohatga ochig‘i ancha-muncha oyoqlar dosh bera olmaydi. Sababi ko‘rdik cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lgan odamlarning yarmidan ko‘pi ortga qaytdi. Ammo baribir bir urinib ko‘rish kerak. Cho‘qqiga chiqa olmasangiz ham atrofni go‘zalligidan bahramand bo‘lib qaytasiz.