24-iyul kuni Istanbulda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Norinboyev va Istanbul texnoparki bosh direktori Bilol Topchu o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.  Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Memorandumda innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish, ikki davlat olimlari, tadqiqotchilari va muhandislarining eng dolzarb ilmiy masalalarni birgalikda yechishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, xususan, seminarlar, konferensiyalar tashkillashtirishga kelishildi.

Ilmiy-texnologik parklar va inkubatorlarning faoliyatini rejalashtirish, rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha tajriba almashish, texnoparklar rezidentlarining xalqaro bozorga chiqishlarini ta’minlash, texnoparklarni malakali kadrlar bilan ta’minlash ham ikki tashkilot hamkorligi doirasiga kiritildi.

Imzolangan memorandum doirasida Istanbul texnoparki O‘zbekistonda seysmik tadqiqotlar o‘tkazish, uchuvchisiz texnologiyalar, dron va termokamera tizimlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma laboratoriyalar, klasterlar, inkubatorlarni yo‘lga qo‘yish, olimlar uchun hamkorlikda trening va stajirovkalar tashkillashda ko‘maklashishi nazarda tutilgan.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Istanbul texnoparki nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda Qatar, Rossiya, Xitoy, Angliya, Shveysariya, Germaniya, Malayziya kabi mamlakatlarning kompaniyalari bilan hamkorlikda turli sohalarda loyihalar oshirib kelmoqda. Texnopark qoshida inkubatorlar va texnologiyalar transferi idoralari ham joylashgan bo‘lib, ularning barini Turkiya hukumati qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Texnoparkda yuqori texnologiyalarga asoslangan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 1500 ta shirkat faoliyat yuritadi. Ayni kunlarda texnopark doirasida taxminan 300 ta loyiha, 5000 ta startap amalga oshirilmoqda, bundan tashqari 44 ta savdo belgisiga standartlar ishlab chiqarilib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan.