Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining Ashxobod ko‘chasida yashagan va yerlari davlat ehtiyojlari uchun qaytarib olingan aholiga kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Avvalroq Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan, ammo 1—2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholi va hokimlik o‘rtasida mojaro yuzaga kelgani, norozi aholi 26-iyul kuni “Urganch—Xonqa” yo‘lini yopib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.

Foto: “Kun.uz”

Shundan so‘ng vaziyatga Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aralashib, 10-avgustgacha kompensatsiya bo‘yicha to‘liq hisob-kitob qilinishini bildirgan edi. Keyinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish uchun bosh vazir Abdulla Aripovni hududga yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: “Kun.uz”

Xabar berishlaricha, 27-iyul kuni tushdan keyin Milliy bankning Urganch bo‘limi xodimlari tomonidan kompensatsiya pullari tarqatila boshlanan. Jarayonni Prezident topshirig‘i bilan Xorazmga kelgan bosh vazir Abdulla Aripov ham kuzatgan; u aholi bilan uchrashib, suhbatlashgan.

Foto: “Kun.uz”

Rejaga ko‘ra, 27-iyulning o‘zida 207 ta xonadon egasiga kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan kompensatsiya pulining 50 foizi miqdorida — jami 21 milliard so‘m taqsimlab beriladi. 10-avgustgacha esa, avval xabar qilinganidek, barcha xonadon egalari bilan 100 foiz hisob-kitob qilinishi rejalashtirmoqda.

Foto: “Kun.uz”

Xorazm viloyati hokimligi odamlar bilan to‘liq hisob-kitob qilish uchun Respublika byudjetidan qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilgan. Jami 394 ta xonadon egasi 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pulini olishi ko‘zda tutilgan.

“Qayd qilish joizki, fuqarolarga pul mablag‘lari ro‘yxat bo‘yicha tarqatilyapti. Ular tomonidan pulning qabul qilinish jarayoni videokameralar orqali yozib olinyapti”, — deyiladi xabarda.