O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida 27-iyul kuni hududlarni obodonlashtirish, arxitektura qiyofasini yaxshilash ishlarini amalga oshirishda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan turar va noturar joylarni buzish ishlarini tashkil etishda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “Kun.uz”ning yozishicha, videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tgan. Prezidentning tadbirkorlarning mol-mulki daxlsizligi va uni buzish hamda ularga zarar yetkazish qat’iy taqiqlanishi bo‘yicha bergan topshiriqlarini buzgani uchun Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Donayev, tuman prokurori Jamshid Xalilov, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning xatti-harakatlari keskin tanqid qilindi va ular egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Mansur To‘ymayev o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayni vaqtda Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev va shahar prokurori Davlatovga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hayfsan e’lon qilingan. Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun qattiq ogohlantirilgan.

Bosh vazir turar va noturar joy obyektlarining buzilishi bilan bog‘liq masalalar shaxsan Prezident nazoratida ekanini ta’kidlagan. 27-iyuldan boshlab buzish masalalari bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari buzilishi rejalashtirilgan hududni oldindan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, yig‘ilishda Qurilish vazirligi O‘zbekiston bo‘yicha barcha bosh rejalarni qayta ko‘rib chiqib, ularni ishlab chiqishda turar va noturar joylar buzilishini minimal darajaga keltirish, Adliya vazirligi turar va noturar joylarni buzish va kompensatsiya to‘lovlarini qoplash bilan bog‘liq mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni qayta xatlovdan o‘tkazib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha hukumatga belgilangan muddatda taklif kiritish haqida topshiriq berilgan.

Videoselektorda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga 27-iyuldan boshlab qonunchilik talablariga asosan kompensatsiya to‘lanmagan va oldindan ogohlantirilmagan turar va noturar joylarni buzishni to‘xtatish buyurilgan.