Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahri Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan aholi va shahar hokimligi o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchilikni joyiga chiqib o‘rganish, tahlil qilish va ijobiy hal etish uchun bosh vazirga topshiriq bergan. Bu haqda Telegram’dagi @davletovuz kanali xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Shunga muvofiq bosh vazir Abdulla Aripov Angrendan Xorazmga yetib borgan. Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan odamlar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashgan. “Ayni paytda aholiga kompensatsiya pullari o‘sha yerning o‘zida to‘lab berilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilishlaricha, hukumat umuman joylarda obodonlashtirish ishlari, jumladan, buzilishlar yuzasidan bir guruh deputatlar tomonidan yuborilgan so‘rovni o‘rganib chiqmoqda, qonunchilikda belgilangan tartibda deputalarga va jamoatchilikka bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Avvalroq O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan ommaviy buzish ishlari yuzasidan deputatlar guruhi, adliya vaziri, shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati bayonot berib, aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi ziddiyatlardan xavotir bildirgan edi.

Qayd etish joiz, so‘nggi vaqtlarda Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ko‘chmas mulk obyektlarini buzish vaqtidagi aholining keskin noroziligi bilan bog‘liq hodisalar yuz berdi.