Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘chmas mulklarni buzish masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev va shahar prokuroriga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun hayfsan e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Telegram’dagi @davletovuz kanali.

Urganch shahri hokimi Shuhrat Abdullayev. Foto: “Kun.uz”

Urganchdagi “Ashxobod” mahallasidan Chondirqiyot qishlog‘iga ko‘chirtirib yuborilgan va dalada chodir qurib yashayotgan, 1—2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholi 26-iyul oqshomida “Urganch—Xonqa” yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng vaziyatga Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aralashdi, 27-iyul kuni esa Prezident topshirig‘iga asosan bosh vazir Abdulla Aripov Xorazmga yetib keldi.

Shu kuni Chondirqiyotga ko‘chirilgan aholiga 1—2 oy avval va’da qilingan kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi. Rejaga ko‘ra, shu bugunning o‘zida 207 ta xonadon egasiga kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan kompensatsiya pulining 50 foizi miqdorida (jami 21 milliard so‘m) taqsimlab beriladi. 10 avgustgacha esa barcha xonadon egalari bilan 100 foiz hisob-kitob qilinishi rejalashtirilmoqda.