Urganch shahridagi “Ashxobod” mahallasida yashovchi aholiga Urganch tumani, Chondirqiyot qishlog‘idan yer o‘rni ajratib berilgan, ammo xonadon egalarining ba’zilariga kompensatsiya puli to‘lanmagandi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

26-iyul kuni Chondirqiyot qishlog‘ida odamlar noroziligi sabab soat taxminan 21:00 da Urganch — Xonqa yo‘lining qatnov qismini to‘sgani va bir necha soat davomida katta qatnov yo‘lida avtomobillar harakati to‘xtab qolgani to‘g‘risida ovozalar tarqaldi. Bundan xabar topgan viloyat hokimi Farhod Ermanov voqea joyiga zudlik bilan yetib borib norozi aholi bilan muloqotga kirishdi.

Aholini tinchlantirib, 27-iyul kuni ertalab soat 8:00 da shu joyning o‘zida ishchi guruhni tuzib, aholi vakillari bilan muzokara o‘tkazib, muammolarning yechimini topishga va’da berganidan so‘ng odamlar tinchlanib, tarqala boshladi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Bugun ertalabdan viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh aholiga bilan uchrashish maqsadida keldi. Xozirda viloyat hokimi har bir xonadon egasi bilan shaxsan o‘zi uchrashib ularning talab va istaklarini eshitib, shu yuzasidan amaliy chora ko‘rmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar va xomilador ayollarga qo‘shimcha sharoit hamda yer ajratib berilmoqda.

Bundan tashqari, aholiga tekinga qum yetkazib berilmoqda, qurilish mollarini bozor narxidan xam 10 foiz chegirma bilan yetkazib berishni hokim shaxsan o‘z nazoratiga oldi.