Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Prezident Administratsiyasiga asoslanib Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ro‘y bergan holat yuzasidan bayonot berdi.

Bahriddin Isomovning do‘koni oldidagi buzilgan do‘konlar. Foto: “Daryo”

Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo‘lgan xatti-harakati o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqilgan.

“O‘rganish xulosalariga ko‘ra, tuman hokimi Shohmurod Donayev hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, — deyiladi agentlik bayonotida.

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegram’dagi @davletovuz kanalining qo‘shimcha qilishicha, “ularning adolatsizligi Prezident uchun oxirgi tomchi bo‘lgan”.

Eslatib o‘tamiz, 20-iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur To‘ymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli binoni ekskavator ruliga o‘tirib, o‘zi buzmoqchi bo‘lganida, tadbirkor uning ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi. 27-iyul kuni esa tadbirkorga tegishli bino buzilmasligi ma’lum bo‘ldi.