“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” loyihasi doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Jorj Oruellning “Molxona” romani haqida hikoya qiladi.

Fleshbek

Men bu asarni birinchi marta bundan uch yil oldin o‘qib chiqqan edim. Oldin u haqda eshitgan bo‘lsam-da, Oruellning “1984”dan kuchliroq asari yo‘q deb o‘ylardim. O‘sha paytlar har kuni kechki payt 10 kilometr masofaga yugurish va yurish bilan shug‘ullanardim. Qulog‘imda esa naushnikda audiokitoblar eshitardim. Aytilgan masofaga yugurib, qaytishda yurib kelardim. Bu asarni ham audiokitob shaklida eshitganman. Asar meni shu darajada o‘ziga qiziqtirgandiki, menga har kuni shu ish bilan shug‘ullanishga motivatsiya berardi. Xuddi bo‘lib-bo‘lib serial ko‘rayotganday, har kuni yugurishga chiqqandagina eshitar edim va bugungi “seriya”sida nima bo‘lar ekan degan qiziqish ba’zida paydo bo‘ladigan dangasalikni yengib o‘tib, yana yugurishga chiqishga majbur qilar edi.

Foto: Google Photos

Asar haqida

“Molxona” mashhur ingliz yozuvchisi Jorj Oruell tomonidan 1945-yilda chop etilgan masal janridagi satirik asar. Asar fermadagi hayvonlarning xo‘jayinlarini haydab, hayvonlar diktaturasini o‘rnatishi haqida. Bunda Oruell inqilobiy prinsiplar evolyutsiyasini, ya’ni sekin-asta tenglik va birodarlik g‘oyalaridan utopiya va diktatura sari qadamini mohirona ochib bergan. Mashhur fransuz inqilobchisi Dantonning “Inqilob o‘z farzandlarini Saturn xudosi kabi yeb bitiradi” degan iborasi ham asarda o‘z aksini topgan. “Molxona” Rossiyada bo‘lib o‘tgan 1917-yilgi inqilobga va SSSRdagi tuzumga nisbatan allegoriya shaklida yozilgan. Oruell bu asarini 1943-yil noyabr oyidan 1944-yil fevraligacha yozib tugatgan.

Syujet

Janob Jons Angliyaning Uillingdon shaharchasi yaqinidagi Manor fermasiga egalik qiladi. Bu fermada bir kuni tunda qari cho‘chqa Mayor bu yerda yashaydigan barcha hayvonlarni katta omborga to‘playdi. Mayorning so‘zlariga ko‘ra, barcha hayvonlar qullikda va qashshoqlikda yashaydi, chunki insonlar hayvonlarning mehnat mahsulini olib qo‘yadi, evaziga esa ularga juda yomon munosabatda bo‘ladi. U hayvonlarni isyonga chaqiradi: siz odamdan qutulishingiz kerak, shunda hayvonlar darhol erkin va boy bo‘ladi, deb “Angliya hayvonlari” nomli eski qo‘shiqni kuylaydi. Hayvonlar jo‘r bo‘ladi.

Qo‘zg‘olonga tayyorgarlikni eng aqlli hayvonlar deb hisoblangan cho‘chqalar o‘z zimmasiga oladi. Ular orasida Napoleon, Snoubol va Baqiroq deganlari bor edi. Ular Mayor ta’limotini animalizm deb atalgan falsafiy tizimga aylantiradi hamda yashirin yig‘ilishlarda boshqa hayvonlarga uning asosini tushuntiradi. Ta’limotning eng sodiq o‘quvchilari Bokschi va Klover ismli otlar edi. Qo‘zg‘olon kutilganidan ancha oldin sodir bo‘ladi, chunki Jons piyonista edi va uning ishchilari fermani butunlay tashlab, chorvani boqishni to‘xtatgandi. Hayvonlarning sabr-toqati tugaydi, ular xo‘jayinlariga tashlanib, ularni haydab chiqaradi.

Endi ferma hayvonlarga tegishli. Ular egasini eslatadigan hamma narsani yo‘q qiladi; uning uyi muzey sifatida qoladi, ammo ularning hech biri bu yerda yashamasligi kerak. Mulkka yangi nom beriladi – Hayvonlar fermasi.

Animalizm tamoyillari yetti moddaga qisqartirilib, ombor devoriga yoziladi. Bundan buyon hamma jonivorlar “Hayvonlar fermasi”da shu qoidalar asosida yashashga majbur:

Ikki oyoqlilar – dushman;

To‘rt oyoqlilar va qanotlilar – do‘stlar;

Hayvonlar kiyim kiymasligi kerak;

Hayvonlar to‘shakda uxlamasligi kerak;

Hayvonlar spirtli ichimliklarni iste’mol qilmasligi kerak;

Hayvonlar boshqa hayvonlarni o‘ldirmasligi kerak;

Barcha hayvonlar tengdir.

Barcha moddalarni eslab qola olmaydiganlar uchun Snoubol ularni bitta jumlaga qisqartiradi: “To‘rt oyoqli yaxshi, ikki oyoqli yomon”.

Foto: Google Photos

Jonivorlar baxtli edi, garchi ular ertalabdan tushgacha ishlasa-da. Bokschi uch kishining ishini qiladi. Uning shiori – “Men bundan ham ko‘proq harakat qilaman”. Yakshanba kunlari umumiy yig‘ilishlar o‘tkaziladi; qarorlarni doim cho‘chqalar taklif qiladi, qolganlar ovoz beradi. Keyin hamma “Angliya hayvonlari” madhiyasini kuylaydi. Cho‘chqalar ishlamaydi, boshqa hayvonlarni boshqaradi.

Jons va uning ishchilari Hayvonlar fermasiga hujum qiladi, lekin jonovirlar o‘zlarini himoya qiladi va odamlar vahima ichida chekinadi. G‘alaba hayvonlarni hayratga soladi. Ular bu voqeani Molxona jangi deb ataydi, birinchi, ikkinchi darajali “Hayvonlar qahramoni” ordenini ta’sis etadi, u bilan Snoubol va Bokschi taqdirlanadi.

Snoubol va Napoleon uchrashuvlarda doimo bahslashadi, ayniqsa shamol tegirmonini qurish masalasida. G‘oya Snoubolga tegishli, uning o‘zi o‘lchovlar, hisoblar va chizmalar bilan shug‘ullanadi: generatorni shamol tegirmoniga ulashni va fermani elektr energiyasi bilan ta’minlashni xohlaydi. Napoleon boshidan e’tiroz bildiradi. Snoubol hayvonlarni yig‘ilishda Napoleonga qarshi ovoz berishga ishontirgan paytda to‘qqizta dahshatli it omborxonaga kirib, Snoubolga tashlanadi. U zo‘rg‘a qochadi; shu bilan uni boshqa hech kim ko‘rmaydi.

Napoleon har qanday yig‘ilishni bekor qiladi. Endi barcha savollarni u boshqaradigan cho‘chqalarning maxsus qo‘mitasi hal qiladi; ular alohida yig‘iladi, keyin o‘z qarorlarini e’lon qiladi. Qo‘rqinchli itlar birov e’tiroz bildirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bokschi: “Agar o‘rtoq Napoleon aytgan bo‘lsa, bu to‘g‘ri demakdir”, degan umumiy fikrni bildiradi. Shu vaqtdan boshlab uning ikkinchi shiori “Napoleon doim haq” bo‘lib qoladi.

Napoleon shamol tegirmonini barpo etish kerakligini e’lon qiladi. Aniqlanishicha, Napoleon doim bu qurilishni talab qilgan, Snoubol esa shunchaki uning g‘oyasini o‘g‘irlab, hisob-kitoblari va chizmalaridan foydalangan. Napoleon esa unga qarshi ekanligini da’vo qilishi kerak edi, chunki “xavfli, barchaga yomon ta’sir ko‘rsatgan” Snouboldan qutulishning boshqa usuli yo‘q edi. Bir kuni tunda sodir bo‘lgan portlash yarim qurilgan shamol tegirmonini vayron qiladi. Napoleonning aytishicha, bu Snoubolning sharmandali surguni uchun qasosidir. U ko‘plab jinoyatlarda ayblanadi, unga o‘lim jazosi e’lon qilinadi. U barchani shamol tegirmonini tezda tiklashga chaqiradi.

Ko‘p o‘tmay Napoleon hayvonlarini hovlida yig‘ib, itlar hamrohligida paydo bo‘ladi. U bir marta unga e’tiroz bildirgan cho‘chqalarni, bir nechta qo‘y, tovuq va g‘ozlarni Snoubol bilan yashirin aloqasini tan olishga majbur qiladi. Itlar darhol ularni bo‘g‘zidan oladi. Shokka tushgan jonivorlar motam ruhida “Angliya hayvonlari”ni kuylashni boshlaydi, ammo Napoleon madhiyani abadiy kuylashni taqiqlaydi. Bundan tashqari, oltinchi moddadani o‘zgartiradi: “Hayvonlar sababsiz boshqa hayvonlarni o‘ldirmasliklari kerak”. Endi hammaga ayonki, o‘z ayblarini tan olgan xoinlar qatl qilinishi kerak.

Qo‘shni janob Frederik 15 nafar qurollangan ishchisi bilan Hayvonlar fermasiga hujum qiladi, ko‘plab jonivorlarga jarohat yetkazadi, o‘ldiradi va yangi qurilgan shamol turbinasini portlatadi. Hayvonlar hujumni qaytaradi, lekin o‘zlari ham holdan toyadi. Ammo Napoleonning tantanali nutqini tinglab, ular Shamol tegirmoni jangida eng katta g‘alabaga erishganiga ishonadi.

Bokschi haddan tashqari ko‘p ishlash tufayli o‘ladi. Yillar davomida fermadagi isyondan oldingi hayotni eslaydigan hayvonlar kamayib boradi. Hayvonlar fermasi asta-sekin boyib boradi, ammo cho‘chqalar va itlardan tashqari hamma och edi; ular somon ustida uxlaydi, ariqdan suv ichadi, kecha-yu kunduz dalada ishlaydi, qishda sovuqdan, yozda jaziramadan azob chekadi. Baqiroq esa hisobot va xulosalar yordamida fermada kundan kunga hayot yaxshilanayotganini gapirib yuradi (O‘zbekiston televideniyesi kabi). Hayvonlar boshqalarga o‘xshamasligidan g‘ururlanadi: axir ular Angliyada hamma teng, erkin va o‘z manfaati uchun ishlaydigan yagona fermaga egalik qiladi.

Bu orada cho‘chqalar Jonsning uyiga ko‘chib o‘tadi va uning to‘shaklarida uxlay boshlaydi. Napoleon alohida xonada yashaydi va qimmatbaho idishlarda ovqat yeydi. Cho‘chqalar odamlar bilan savdo qilishni boshlaydi. Ular o‘zlari pishirgan viski va pivoni ichadi.

Keyingi moddani buzgan holda cho‘chqalar uni o‘ziga mos keladigan tarzda qayta yozadi. Ombor devorida bittagina buyruq qoladi: “Barcha hayvonlar tengdir, ammo ba’zi hayvonlar boshqalarga qaraganda tengroqdir”. Oxir-oqibat cho‘chqalar Jonsning kiyimlarini kiyib, ularni olqishlayotgan qo‘ylarning qarsaklari ostida orqa oyoqlarida yurishni boshlaydi: “To‘rt oyoqli yaxshi, ikki oyoqli yaxshiroq”.

Foto: Google Photos

Qo‘shni fermalardan odamlar cho‘chqalarni ziyorat qilish uchun keladi. Stolda mehmonlar va cho‘chqalar qarta o‘ynaydi, pivo ichadi, do‘stlik munosabatlari uchun deyarli bir xil tostlar aytadi. Napoleon ferma bundan buyon cho‘chqalarning umumiy mulki ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatadi va uni yana Manor fermasi deb nomlaydi. Keyin janjal ko‘tariladi, hamma qichqiradi va urishadi, odam qayerda, cho‘chqa qayerda, bilib bo‘lmay qoladi...

Tahlil

Jorj Oruellning “Molxona”sini o‘qib chiqib, hokimiyatga bo‘lgan chanqoqlik, murakkab munosabatlar, yolg‘onga asoslangan ijtimoiy hayotni mohirona satira va sarkazm bilan ochib bera olganining guvohi bo‘lishingiz mumkin. Bu narsalar nafaqat odamlarga, balki hayvonlarga ham xos xususiyatlar ekani haqidagi taassurot paydo bo‘ladi. Ammo bu muallif muammoni o‘quvchilarga iloji boricha aniqroq yetkazish uchun foydalangan juda nozik metafora bo‘lib, odamlarga “yaxshi niyat” niqobi ostida kuch va g‘oyaviy manqurtlashtirish orqali fikr va so‘z erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan jamiyatlarni ko‘rsatadi. Ushbu romanda jamiyat asoslari to‘g‘ridan to‘g‘ri fermer xo‘jaligida yashaydigan hayvonlar hayoti misolida aks ettirilgan. Bu hayvonlardagi insoniy xususiyatlar, qahramonlar ortida aslida kim yashiringan ekanini aniq ko‘rsatib beradi.

Syujet juda g‘ayrioddiy, u nafaqat asosiy qahramonlar – hayvonlar va chorvachilik hovlisidagi voqealar rivojlanishi bilan, balki muallif tomonidan aks ettirilgan jamiyat muammolarining dolzarbligi bilan ham ajralib turadi. Roman kuchsiz va kuchli, ahmoq va aqlli hokimiyat egalari o‘rtasidagi munosabatlar haqida. Aslida bu muallifning hayoti davomida ko‘rgan diktatorlik rejimlarining allegorik namoyishidir.

Odamlar va hayvonlar o‘rtasidagi ichki siyosiy qarama-qarshilik, tenglik tamoyillariga asoslangan yangi ideal jamiyatni shakllantirish bilan tugaydi. Hayvonlar dunyosida tabaqalanish asta-sekin sodir bo‘ladi, ammo uning boshlanishi cho‘chqalarning dastlabki harakatlarida namoyon bo‘ladi. Napoleonning hokimiyatga kelishi tabiiy ravishda (ferma aholisi uning rahbarligiga o‘rganib qolgani) va kuch orqali (to‘qqiz dahshatli it tomonidan qo‘llab-quvvatlangani) yuz beradi. Aytilayotgan siyosiy shiorlar (“To‘rt oyoq yaxshi, ikkitasi yomon!”) Napoleonning mavqeini mustahkamlash quroli bo‘lgan yolg‘on va propaganda edi. Ombor devorida yozilgan yetti modda doimiy ravishda o‘zgarib turadi va rahbarlar uchun moslashtirilaveradi. Fermada ro‘y beradigan hamma narsani Baqiroq teskari tomonga o‘zgartiradi. Hayvonlar ongida, och yashasa-da, osmon musaffoligi, tinch-totuv ekaniga shukrona hissini uyg‘otadi. Hikoya odamlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish va cho‘chqalarni to‘liq assimilyatsiya qilish bilan tugaydi, ular dastlab oyoqlarda yurishni boshlaydi, so‘ngra odam kiyimini kiyadi.

Asosiy qahramonlarning badiiy obrazlari o‘ziga xos tarixiy yoki umumlashtirilgan prototiplarga ega. Bokschi nomli mehnatkash ot har kungi mehnat orqali hayotini yaxshilashning yagona yo‘lini ko‘radigan ishchi sinfini anglatadi. Fermada vaziyat qanchalik og‘ir bo‘lsa, ot shunchalik qattiq ishlaydi. Bokschi safdoshi o‘rtoq Napoleonga ishonadi.

Jamiyatning dissident qatlami – keksa eshak Benjamin. Ko‘pincha jim yuradi, lekin vaqti-vaqti bilan hukumatning xatti-harakatlariga hayvonlarning ko‘zlarini ochmoqchi bo‘ladi. Aynan mana shu qahramon “Molxona”da sodir bo‘layotgan voqealarning mohiyatini yaxshi tushunadi: “Ular hech qachon bundan yaxshiroq yoki bundan batarroq yashamagan – ochlik, haddan tashqari ish va aldangan umidlar, demak, bu hayotning o‘zgarmas qonuni”.

Foto: Google Photos

Shunday qilib, asta-sekin hayvonlarning siyosiy elitasi inson elitasidan ajralib bo‘lmaydigan holga keladi. Va bu yerda jamiyatning oddiy a’zosi tizimda qanday rol o‘ynashi haqida shaffof eslatma mavjud. “Molxona” romani bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki shiorlar va “yaxshi niyatlar” o‘zgaradi, vositalar ham, lekin OAV ko‘p jihatdan yo‘q narsalarni bor qilib rahbarlarning rejalarini amalga oshirishni davom ettirmoqda (Andijondagi uy berish holatini eslang). Ko‘plab rahbar va amaldorlar katta katta va’dalarni berib, bajarmay kelmoqda.

Xulosa

Ushbu satirik asar totalitar davlatni yaratilish yo‘lini tasvirlaydi. Muallif shuni ko‘rsatadiki, hatto eng yorqin va to‘g‘ri g‘oya orqali ham shafqatsiz va dahshatli haqiqatni yaratishingiz mumkin. Jamiyat qanday qilib podaga aylanishi haqida hikoya. Bu har birimizga tegishli. Hamma narsa hammaga ochiq ko‘rinadigan darajada sodda tilda tasvirlangan. Ammo kimdir o‘zining qulay joyidan tashqarida nima bo‘layotganini ko‘rishni istamasa, ular ko‘rmaydi. Hikoya davomida asta-sekin hamma tenglashadi, ammo ba’zilari boshqalarga qaraganda tengroq bo‘ladi. Boshqalardan tengroq...

Hayvonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan odamni fermadan haydab chiqardi, ular umumiy sa’y-harakat bilan dalada yer haydadi. Hamma teng ko‘rilsa-da, cho‘chqalar boshidanoq aniq ajratilgan edi, ammo boshqa hayvonlar ahmoq va ko‘r bo‘lib, hamma teng bo‘lib qoldi deb ularning ko‘rsatmalariga amal qildi. Ko‘p o‘tmay cho‘chqalar ularning xo‘jayiniga aylanadi. Qolgan hayvonlar o‘z qo‘li bilan cho‘chqalarni taxtga ko‘tarib, ularga qamchi berdi. Hammamiz bilamizki, bu asarda aslida hayvonlar haqida emas, odamlar haqida gap ketmoqda, odamlar podasi haqida...

Oruell Sovet Ittifoqini tanqid qilarkan, hayvonlarning rasmlarini haqiqiy shaxslar deb atab, totalitar tuzumni va uning despotik xarakterini tanqid qilsa ham, kitob hokimiyatning buzilgan tabiati va uning insonga ta’siri kabi kengroq muammolarni namoyish etadi. Tilni omma kayfiyatini boshqarish va manipulyatsiya qilish vositasi sifatida, shuningdek, aralashmaslik va befarqlikni erkin jamiyatni qullikka olib boruvchi asosiy omil sifatida ko‘rsatib beradi. “Molxona”ni allegoriya sifatida har xil tushunib o‘qish mumkin, shuning uchun uni ham kattalar, ham bolalar uchun qiziqarli va juda foydali kitob deb bilaman.

Iqtiboslar

Barcha hayvonlar tengdir. Ammo ba’zi hayvonlar boshqalarga qaraganda tengroq;

Ular ko‘zlarini cho‘chqadan odamga, odamdan cho‘chqaga va yana cho‘chqadan odamga o‘girishdi, ammo ularning qaysi biri kim ekanligini aniqlab bo‘lmadi;

Bugun ariqdagi suv qanday mazali! Barchasi rahbarimizning dono rahbarligi tufayli;

Majlisga kelish, albatta, ixtiyoriy, ammo kelmaganlar uchun ovqatning yarmi ushlab qolinadi;

Shunga qaramay, ularda faqat raqamlar bilan emas, yesa bo‘ladigan narsalar bilan ovqatlanishni afzal ko‘radigan kunlar ham bo‘lgan.

Qiziqarli faktlar

- Oruell antiutopiyasidagi katta cho‘chqa Napoleon deb nomlanadi. Ammo Fransiyada hikoyaning birinchi nashri tarjima qilinib bosmadan chiqqanida bu cho‘chqa Sezar nomi bilan atalgan. Keyingi tarjimalarda asl ismi qaytarilgan;

- 1977-yili dunyoga mashhur Pink Floyd rok guruhi roman asosida Animals albomini chiqargan;

- Uollingtonda yashaganida Oruell va uning rafiqasi Eylin bir nechta uy hayvonini parvarish qilgan. Ulardan biri Muriel ismli echki edi. “Molxona” kitobida shu nomdagi echki aqlli va munosib hayvonlardan biri sifatida tasvirlangan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.