“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

“Qasoskorning oltin boshi” tarixiy romani qahramoni Namozning kechinmalari asarda tez-tez takrorlanib turadi: “Men onamning qornidan qasoskor bo‘lib tug‘ilganim yo‘q”. Namoz, bugungi kun tili bilan aytsa, anarxist, ko‘cha mafiyasi, o‘rnatilgan qonunlarni tan olmaydi, boylarni o‘z bilganicha jazolaydi, “samosud” qiladi. U nega bu yo‘lni tanladi? Chunki uning o‘zi tug‘ilishi bilanoq adolatsizlikda ko‘zini ochgan, ketma-ket tuhmatlarga nishon bo‘lib jazolangan, el oldida nohaq sazoyi qilingan bir kambag‘al yigit edi. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, davlatda qonunlar ishlamasa, odamlar adolatdan umidini uzsa, “samosud”ga qo‘l uradi va bu davlatchilik barbodlik sari ketayotganining daragidir.

Foto: “Qasoskorning oltin boshi” filmidan kadr. Namoz kaltak ostidagi kambag‘alni himoya qilmoqda

Kinolar uchun bu syujet yangi emas. Amerika kinolaridan birida o‘t o‘chiruvchi davlat yordamidan umidini uzib, ayoli va bolasini portlatgan terrorchini jazolash uchun isyonchilar makoniga otlanadi. Terrorchi bilan uchrashuv sahnasida esa undan-da dramatik so‘zlashuv bor. “Men o‘qituvchi edim. Sening askarlaring kelib farzandimni o‘ldirdi. Hech kim bizni himoya qilmadi. Shunda qo‘limga qurol oldim”, deydi terrorchi. Iroqdagi IShIDchilar terrorchi bo‘lib tug‘ilmadi, mamlakatdagi boshboshdoqlik, adolatsizlik va zulm ularni shu ko‘chaga kiritdi, “Tolibon”ning kelib chiqish tarixi ham shunday.

Yakkabog‘lik tadbirkor Bahriddin Isomov hokim o‘rinbosarining ustidan benzin quyib namoyishkorona gugurt chaqishining ortida ham shunday sabablar borligiga ishonaman. Yoshi oltmishni qoralagan ma’lumotli kishi qilgan ishining oqibatini bilmasmidi? Juda yaxshi bilardi, mamlakatda “samosud” taqiqlanganini, o‘zini jazosiz qo‘ymasliklarini bilardi. Ammo uni shu holatgacha olib borgan sabablarni tushunging keladi. Kuydirilgan hokim o‘rinbosari undan oldin 30 ta do‘konni buzib, kompensatsiya to‘lamagandi, agar benzin va gugurt yordamga kelmasa, Bahriddin Isomovni ham shu taqdir kutardi.

Tadbirkor qonun himoyasida deb ming marta aytish mumkin. Ammo buni amalda ko‘rmasak, hammasi bir pul ekani ham ming martalab aytildi. Amalda ko‘rganimiz: o‘nlab, balki yuzlab tadbirkorning mulki buzib tashlanyapti, qonun esa lom-mim degani yo‘q. Odamlar noilojlikdan noqonuniy choraga qo‘l uryapti. O‘zini yoqib yuboryapti, davlat vakilini yoqyapti. Norozilik tariqasida o‘ziga o‘t qo‘ygandan o‘zboshimcha amaldorni yoqqan afzalroq, harqalay.

“Ayol-u vatan uzra to joni bor, kishi harb etar toki imkoni bor”, deydi mutafakkir. Uy bu vatan demakdir. Uyi buzilgan aholi Urganch-Xonqa yo‘lini yopish va hokim kirgan palatkani yiqitish tugul, ketmon-tayoqlar bilan hokimiyatga bostirib kirsa, hayron bo‘lmayman. Qush uyi buzilsa, chirqiraydi, baqani bossangiz, tovush chiqaradi. Nainki, o‘zboshimcha hokimiyat uyini buzib ko‘chadan qoldirganlar og‘iz ochib,  norozilik bildirmasa.

Foto: “Kun.uz”

Yuqoridagi holatlar davlat uchun yetarli ogohlantirish mujdasi bo‘lishi lozim. Xatarli mujdalar. Qandaydir City’lar uchun yetarli kommunikatsiyalar tortib o‘tirmasdanoq aholi turarjoyini vayron qilib, go‘yoki qurilishga avj berishyapti. Odamlar sabrining cheki bor. Qonunlar amaldagi adolat shaklida namoyon bo‘lmasa, aholi “samosud”ga murojaat qilaveradi va bunga ular qisman haqli bo‘lib qoladi.

Taksidagi suhbat

Abituriyentlar qabuli va davlat qonunlarini nazariga ilmaydigan amaldorlarga selektor orqali chora ko‘rish manzarasida “Taksidagi suhbat” nomli blogpostimni havola etaman.

- Ukam, qayerga topshirding?

- Yuridicheskiyga-da.

- Sanga bir savol: hamma amaldorlar bir qonunbuzarlikni qila boshlasa, qanday qilib oldini olish mumkin?

- Buning yo‘li oson: qonun chiqaruvchi organ, ya’ni parlament buni taqiqlovchi qonun ishlab chiqadi va imzolatadi.

- Xo‘sh, bu bilan qonunbuzarlik to‘xtab qolmasa-chi?

- Qonun barchasidan ustun-ku, amaki.

- Ustun emas. Amalda hammasi boshqacha. O‘zim javobini aytaman: so‘ngra qonun ijrosi uchun Prezident qarori imzolanadi.

- Shundan keyin muammo hal bo‘ladi...

- E, yo‘q. Hal bo‘lmaydi. Undan so‘ng Prezident qarori atroflicha amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi qaror chiqaradi.

- ...Va bu bilan muammoga nuqta qo‘yiladi.

- Hali vergul ham qo‘yilgani yo‘q. Vazirlar Mahkamasining qarori “tegishlicha tartibda amalga oshirilishini ta’minlash uchun” Bosh vazir yozma ko‘rsatma beradi.

- Keyin hammasi yaxshilik bilan tugaydimi?

- Tugamaydi hali. Hamma bilganini qilyapti. Bu qonunbuzarliklar kimnidir burni qonaguncha, boshi yorilguncha davom etadi.

- Nahotki, qonun yo‘li bilan oldini olib bo‘lmaydimi?

- ...Shundan keyin burni qonagan va boshi yorilganlarning rasmi internetga chiqadi. Jurnalistlar voqea aybdorlarini yoppa talaydi. Keyin esa Prezident selektor o‘tkazib, ayni o‘sha qonunbuzarlikni butunlay to‘xtatishni talab qiladi. Shundan keyingina qonunbuzarlik to‘xtashidan sal-pal umid qilsang bo‘ladi, uqdingmi?

- Amaki, siz buni qayerdan bilasiz?

- Taksichilarning yarmi pensiyaga chiqqan melisa-adliyachilar-ku, ukam. Esingda bo‘lsin: qonun qog‘ozda.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.