Bloger, o‘qituvchi Isroil Tillaboyev “UzASBO dasturi o‘qituvchilarning haqini ‘urib’ qoladimi? O‘qituvchining Moliya va Xalq ta’limi vazirligiga murojaati” nomli maqolasini e’lon qilgan edi. Vazirliklar bu maqolaga javoban raddiya e’lon qildi. Ushbu bahsning davomi o‘laroq o‘qituvchining javob maqolasini e’lon qilamiz.

Foto: “Kun.uz”

Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi mening “Kun.uz”dagi maqolamga raddiya bildirib chiqdi. Shu raddiyani o‘qigandan keyingi ba’zi savollarim borki, bu narsa ikki vazirlik meni fakt keltirmadi deb turli qarorlarni ko‘rsatsa ham, javobdan qanotlanmadim va quyidagi savollar bilan oddiy o‘qituvchi sifatida murojaat qilishga jazm etdim. Bu safar to‘liqroq javob olishga umid qilaman.

1) Raddiyada nega men asos keltirgan Xalq ta’limi vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining qo‘shma qarori haqida gapirilmadi? U qaror nima haqda edi, u amaldami, amalda bo‘lsa, nega butun boshli internetda XTV va Mehnat vazirligi saytlarida yoki “Lex.uz”da yo‘q? Menda uning qog‘oz varianti bor xolos. Nega o‘zi chiqargan qarorni ko‘rsatsam, XTV unga munosabat bildirmadi? Xususan, 17-band – “O‘rindoshlik va soatbay asosida dars berayotgan, ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimning mehnat vazifalarini o‘zining asosiy ishi bilan birgalikda qo‘shimcha ravishda bajarayotgan pedagog xodimlarga o‘quv-tarbiya jarayoni bilan birgalikda unga mos koeffitsiyentdagi o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy pedagogik jarayon uchun ajratilgan soatlarga ham haq to‘lanadi” degan topishmoqona so‘zlar ma’nosini va ushbu qaror 1-noyabrdan amalda, deyilganni ham birato‘la tushuntirib berib ketishganda nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi;

2) Vazirliklar raddiyada soatbay haq to‘lash mexanizmlari men asos ko‘rsatgan qaror bo‘yicha emas, 2019-yil 22-apreldagi 3157-qaror bo‘yicha amalga oshiriladi deyishyabdi.

Shu qaror bo‘yicha ekan, keling shu qaror bo‘yicha gaplashamiz. O‘sha qarorda 2-bandida yozilgan “Belgilab qo‘yilsinki, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash 2018-yil 1-noyabrdan boshlab mazkur qarorga ilovada ko‘rsatilgan miqdorlarda amalga oshiriladi”.

Foto: Isroil Tillaboyev

Demak, vazirliklar bizlarga raddiyada batafsil tushuntirib bergan oyliklar qaror chiqqan kundan emas, aynan 1-noyabrdan amalga oshirilishi kerak ekan!

Savol: shu qarorga muvofiq soatbay haqlarni oshgan oylik bo‘yicha 1-noyabrdan qayta hisoblab berdilaringizmi, nechta tumanga? Chilonzorni eshitdik, innaykeyinchi?

4) Men yana dastlabki maqolamda aytgan so‘zlarimni qaytarmoqchiman: menga murojaat qilgan va men surishtirgan mamlakatning deyarli 90 foizi tumanlarida soatbay oyliklar faqatgina qaror chiqqandan so‘ng – aprel oyidan oshgan narxda berilgan, noyabrdan buyog‘iga qaytarilmagan (hatto Chilonzorda ham yanvardan buyog‘i hisoblanibdi, eski yil bekilgan deya).

5) Holbuki, shuncha keltirgan faktlarim yetarli bo‘lmasa, o‘zlaring chiqargan qarorni o‘zlaring inkor qilmoqchi bo‘lsalaring, qo‘shimcha savol. Nega ba’zi tumanlarga farq to‘landi-yu, boshqa tumanlarga to‘lanmadi? O‘z-o‘zini inkor qonunimi bu?

6) Fakt dedilaring, yuzlab oylik hisobotlarini menga ustozlar jo‘natdi, men ayniqsa raddiyalaringizda hisoblab berganlaringiz 2-malaka toifali o‘qituvchilar yuborgan oyliklarini maqoladagi hisoblangan oylik bilan taqqosladim: barcha noyabrdan to aprelgacha oyliklar 911 ming emas 500–600 ming atrofida chiqmoqda, mana ulardan birini tashlay, quruq bo‘lmasin:

Skrin: “Daryo”

Suratda ikkinchi malaka toifali, o‘n soat qo‘shimcha o‘tgan o‘qituvchining dekabr oyidagi oyligi 532 570 so‘m to‘langan. Shu oylikni maqolada ko‘rsatilgandek hisoblab ko‘ramiz. Ma’lumki, o‘sha vaqtda 2-toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi narxi 1 428 900 so‘m bo‘lgan. Uning 1,2 foizi 17 146 so‘m bo‘ladi.

Buning bir oyligini hisoblasak: 17 146 * 10 * 4,2 = 720 165 so‘m. O‘qituvchi ushbu oyda darslarini to‘liq o‘tgan, dekabr oyida sal kun kamligi hisobga olsak, taxminan 700 000 so‘m olishi kerak edi, unga 531 ming yozilmoqda. Bu bir o‘qituvchi va bir oylik taqqoslama, jo‘natilgan yuzlab oyliklar taqsimotida mana shunday holat.

O‘zlaringiz aytgan qaror bo‘yicha fikrlashdik, menimcha, ortiqcha tushunmovchiliklarsiz, sodda tilda savollarimni yo‘llamoqdaman (butun O‘zbekiston o‘qituvchilari nomidan) oldi-qochdi gap yozmadim, yaxshi tushundinglar meni. Endi oxirgi savolim, boshqa tuman soatbay dars o‘tgan o‘qituvchilari mabodo oyligim kam hisoblangan deyishsa, qayta hisoblab berishlari va haqlari qaytarilishlari uchun kimga murojaat qilishsin, yoki o‘zlaring ishchi guruh tuzasizlarmi?

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.