Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 1-avgustdan e’tiboran yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar “Avtotest Report” MChJda malaka oshirishlari kerakligi to‘g‘risida habarlar tarqaldi.

Foto: “Nuz.uz”

Mazkur habarlarda asosan ikki jihat:

yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar faqatgina “Avtotest Report” MChJda malaka oshirishdan noroziligi;

malaka oshirish talabini barcha yuridik shaxslarga emas, balki yuk va yo‘lovchilarni tashish faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxslarga tadbiq etish lozimligi ilgari surilayotganligi kuzatilmoqda.

Mazkur vaziyat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagilarni bildirdi.

“Avtotest Report” MChJ va unga tegishli bo‘lgan tashkilotlarning O‘zbekistonda yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaradigan shaxslar (haydovchilar) malakasini oshirish faoliyatini yuritish bo‘yicha alohida huquqi bekor qilingan.

Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaradigan shaxslar (haydovchilar) O‘zbekistonda tegishli faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan ta’lim muassasasida malakasini oshirish huquqiga ega.

Shu bilan bir qatorda, bugungi kunga qadar yuridik shaxslarning avtomototransport vositalari haydovchilarini malakasi oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya talablariga faqatgina “Avtotest Report” MChJ va uning hududlardagi filiallari javob berishi aniqlandi.

Shundan kelib chiqqan holda, “Avtotest Report” avtomototransport vositalari haydovchilarini malakasi oshirish faoliyatini ko‘rsatish bozorida 1 yildan ortiq muddat faoliyat olib borayotganligi inobatga olgan holda qo‘mita tomonidan MChJni monopolist korxonalar reyestriga kiritish bo‘yicha o‘rganish va tahlillar o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslarni ikki yilda bir marta malaka oshirish majburiyati faqat yuk va yo‘lovchilarni tashish faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxslarga emas, balki ixtiyorida (balansida) avtotransport vositasi mavjud barcha yuridik shaxslarga tadbiq etilishi yo‘l harakati xavfsizligini, fuqarolar hayoti va salomatligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralarini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur talab yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga to‘sqinlik qilayotgan degan xulosaga kelgan sub’ektlar majburiyatni bekor qilish bo‘yicha qonun hujjatini qabul qilgan organga yoki Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqiga ega.