Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi birinchi qismiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda ularga nisbatan eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solinadi. Qonun bilan kiritilgan mazkur o‘zgartirishlar joriy yilning 4-avgust kunidan kuchga kiradi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: IIV

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 7-bandiga asosan transport vositasining haydovchisi ichki ishlar organlari xodimlari talab qilganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda haydovchilar malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatini tekshirish uchun taqdim etishi shart.

“Avtotest Report” MChJ yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari, jumladan, yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malakasini oshirish bo‘yicha faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng harakat ishtirokchilarida “endi malaka oshirish uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak?” degan savollar tug‘ildi.

IIVga ko‘ra, hozirgi kunda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda. “Vatanparvar” tashkilotining respublikaning barcha hududlarida bo‘limlari mavjud. Yaqin kunlarda yuridik maqomdagi tashkilotlar “Vatanparvar” tashkilotining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishi hamda belgilangan tartibda malaka oshirish kurslarida o‘qishi mumkin bo‘ladi.