Atrofimizda faoliyati muhim, lekin biz buni yaxshi bilmaydigan kasb egalari ko‘p. Ular ham jamiyatning bir qismi. Biroq gohida ayrim insonlar ular bilan muloqot qilgani or qiladi. Uyaladi! Ammo ular ham odam. Inson! Ularning ham ko‘ngli, his-tuyg‘ulari bor.

“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qildi. Loyihaning navbatdagi qahramoni ko‘p yillardan buyon qabristonda go‘rkovlik qilayotgan kishi.

Yursunali Umaraliyev 1951-yilda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. 40 yildan buyon Poloson qishlog‘ida joylashgan “Umarali ota” qabristonida go‘rkovlik qilib kelmoqda.

Foto: “Daryo”

Qabriston guliston bo‘lishi kerak

Go‘rkovlik — ota kasb. Men bu ish bilan shug‘ullanayotgan uchinchi avlodman. Mana 40 yildan buyon oilaviy an’anani davom ettirib kelyapman. Endi o‘g‘illarim yonimga kirgan. Qorni-qor, issiqni-issiq demay bolalarim shu yerda xizmatda.

Dadam rahmatli bu yer qabriston emas, guliston bo‘lishi kerak deb ko‘p nasihat qilardilar. Shuning uchun ham salqin, ham hosili odamlarga foyda bo‘lsin deb mevali daraxtlar ekkandik. Lekin SESdan tekshiruvchilar kelib, qabristonda o‘sgan mevali daraxtlar inson salomatligi uchun ziyon deb kestirib tashlashdi. Aytishlaricha, odamlar vafot etsa-da, ulardagi har xil yuqumli kasalliklar, zararli mikroblar o‘lmas ekan. Ko‘milganda u tuproqdan daraxtga o‘tarkan. Keyin uni yegan odam o‘sha kasallikka chalinar emish. 300 tup xurmo daraxtim bor edi va qanchadan qancha mevali daraxtlarimni shunaqa deb kestirib tashlashdi. Lekin agar yaxshilab e’tibor beradigan bo‘lsangiz daraxtlar yerni ustida joylashgan. Ildizi chuqur kirmagan. Shuning uchun ham tez chanqaydi. Qabrlar esa 2 metr pastda. Ammo buyruq sabab hammasini kesib tashlashga majbur bo‘ldim. Shundan beri mevali ko‘chat ekmayman faqat archalar, teraklar ekib qo‘yganman.

Foto: “Daryo”

Qabristonda 4000 dan ortiq qabr bor. Maydoni 20 gektar. Bu yerga tumanning to‘rtta hududidan (Qapchug‘ay, Poloson, Hamza va Qizil yulduzdan) mayitlar olib kelinadi. Butun kunim shu yerda o‘tadi. Ba’zida kuniga 5 talab qabr qazamiz. Qoidasiga ko‘ra qabrlar 2 metrdan ko‘proq kavlanadi. Agar yer yumshoq chiqsa, 4 soat, qattiq chiqsa butun kun davomida vaqtimiz qabr kavlab o‘tadi. Xudoga shukr, hozir farzandlarim yonimga kirgan. Xalqimiz ham oqibatli. Dafn masorimlarida yordamga chiqishadi.

Yoshlar bilan murosa qilish qiyin

Go‘rkovlik qilayotganimga ham 40 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu vaqt mobaynida turfa xil odamlarni ko‘rdim, muomalada bo‘ldim.

Bilasizmi, meni eng xafa qiladigani — bugun aksariyat yoshlar ayyor va dangasa. Ochig‘i, ular bilan murosa qilish juda qiyin. Ko‘pincha mayitning yaqinlari qabr kavlash uchun yordamga yoshlarni jo‘natadi. Biroq ular bu yerga kelib, qarashay, sal yordam beray demaydi. G‘o‘ddayib turaverishadi. “Savlatingni ko‘rsatgani keldingmi yo xo‘jako‘rsingami? Bu yerda odam sonini ko‘paytirib turishingni nima keragi bor? O‘ligingni tashlab ket, o‘zim qazib, ko‘mib qo‘yaveraman”, — deyman jahlim chiqib.

Eng yomoni shunday odamlar borki, vafot etgan ota-onasi qabrga qo‘yilayotganda ham xuddi begonaday chetda turaveradi. G‘azabim kelib: “Ey noinsof, ota-ona tepalab-tepalab bolam ko‘msin deb niyat qiladi. Qarashmaysanmi, kelib o‘zing qo‘ymaysanmi” — deb baqirib beraman. Shundan keyin odamlardan sal uyalib qarashganday bo‘ladi. Ularning bu qadar bemehrligini ko‘rib qattiq xafa bo‘laman. Bunaqa farzandlardan Xudoning o‘zi asrasin.

Ba’zilar bor aroq ichgandagina ota-onasi yodiga tushib, qabristonga keladi. Qabrni quchoqlab yig‘laydi. Men bunaqalarga e’tibor ham bermayman.

Foto: “Daryo”

Oxirgi paytlarda qabrlarni raqamlab qo‘yyapman. Bolalarim uni daftarga yozib boradi, chunki shunaqa loqayd odamlar borki, kecha o‘zi ko‘mib ketib, ertasiga “onamni qabri qayerda edi, qori aka ko‘rib bering”, deb so‘raydi. Ha kecha o‘zlaring shu raqamni qoqdinglar-ku, esingizda yo‘qmi desam boshini egib turaveradi. Keyin daftardan ism, familiyasiga qarab, raqamini ko‘rib beramiz. Bular-ku mayli, lekin biror marta bo‘lsin qabristonga kelib, ota-onasining qabrini ziyorat qilib, qur’on tilovat qilmaydigan oqibatsiz farzandlar bor. Hatto yilda bir-ikki marta bo‘ladigan umumxalq hasharlariga ham chiqishmaydi.

Yer kavlay olmay qiynalib yig‘lagan paytlarim bo‘lgan.

Kasbimiz sir-sinoatlarga to‘la. Ko‘plab g‘ayritabiiy voqealarning guvohi bo‘laman. Dinimizda qabr azobi, yomon odamni yer ham (qabr ham) qabul qilmaydi degan gap bor. Buni eskichadan sal xabari bor inson ham yaxshi biladi. Ishimda buning ko‘p guvohi bo‘lganman. Masalan, kavlayotganimizda yer kimgadir yumshoq chiqadi, kimgadir qattiq. Dadam rahmatli buni mayitning yaqinlaridan yashirgin, indamagin deb nasihat qilardi. Meni eng hayratlantirgani piyonista, alkash deb muomala qilganlarimizning qabri yumshoq, oson kavlanadi. Yaxshi inson deb yurganlarimizning esa yeri juda qattiq chiqardi. Ya’ni qabr qabul qilmasdi. Yerni zo‘rga yarim barmoqdan uchirib kavlagan paytlarim bo‘lgan. Hatto kavlay olmay qiynalib, “Ey Xudo osonidan bergin”, — deb yig‘lab duo qilganman.

Ochig‘ini aytsam, ko‘p narsa tushimda ayon bo‘ladi, ya’ni vafot etadigan insonlarni, uni tobutda olib ketishayotganini tushimda ko‘raman. Ko‘p o‘tmay ana shu holat sodir bo‘ladi. Balki Xudoyim mayit kelib, ko‘mishga qiynalib qolmasligim uchun bergan belgisidir, bilmadim. Xullas ko‘rgan tushlarimga qarab, tayyorgarlikni qilib qo‘yaveraman.

Har kim ham go‘rkov bo‘lolmaydi

Ko‘p yillardan beri go‘rkovlik qilaman. Kun-u tun xizmatdamiz. Lekin har xil odamlar bor. Biz haqimizda yomon xayollarga borib, qabristonni egallab “yeb yotibdi” deb gapirib yuradi. Biroq go‘rkovlik juda yuki og‘ir kasb. Axir yerni kavlash uchun baquvvat, bundan tashqari “eskicha”dan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham hamma go‘rkov bo‘lolmaydi.

Foto: “Daryo”

Mayitning oila a’zolari ko‘mganimiz uchun qo‘limizga 70-80 ming so‘m berib ketadi. Mashinamiz ham bor. Agar o‘likni uyi uzoq bo‘lsa mashinada olib kelamiz. Berilgan pulning yarmi haydovchiga beriladi. Odatda shomdan keyin mayit ko‘milmaydi.

Qabristonga faqat o‘lik odam ko‘miladi

Bir kuni g‘alati voqea yuz berdi. Bir yigit qabristonga kelib opam tirik deb janjal qildi. Men qattiq jahlim chiqib: “opang tirik bo‘lsa nimaga unda qabristonga olib kelding, ko‘mding? Agar hali o‘lmagan bo‘lganida qabrga qo‘yilayotib, qulog‘iga qum kirib tirilib ketardi. Biz faqat o‘lik odamni ko‘mamiz”, deb tanbeh berdim.

Bilishimcha, opasi kasalxonada vafot etgan. Qabristonga olib kelishganda joy tayyorligi uchun ko‘p o‘tmay ko‘milgan. Shungami bizni aybdor qilib, qabrni ochaman, tekshirtiraman dedi. Men mayli ochsang och, lekin keyin yana o‘zing ko‘masan. Men aralashmayman dedim. U ekspertizadan odam olib kelib qabrni ochdi, o‘likni tekshirtirdi. Rostdan o‘lganiga amin bo‘lib, keyin yana o‘zlari ko‘mib ketishdi.

Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin 

Bir kuni “Hamza”da bir odam vafot etibdi. Hatto tobutni tushirib qabrgacha ko‘tarib boradigan odam yo‘q ekan. Shuning uchun uni to ko‘miladigan joygacha mashinada olib kirilgan. Mayitni hech kimi yo‘qligi uchun o‘zimiz ko‘mganmiz. Bunaqa holatlar juda ko‘p bo‘ladi. Ayniqsa “dom”da yashaydiganlarning ishi qiyin. Afsuski, odamlar orasida oqibat yo‘qolib ketyapti.

Lekin shunaqa odamlar borki, obro‘-e’tibori, mansabi, mol-u davlati tufayli tobuti qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Dafn marosimi ham hech qanday muammosiz o‘tadi. Biroq hech kimi yo‘q kambag‘al odamga qiyin. Orqasidan biror odam kelmaydi. Shuning uchun ham o‘lsa boy o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin deyman.

Foto: “Daryo”

Hayotimdan mamnunman!

Hozir 68 yoshdaman. Butun umrim, hayotim shu yerda o‘tdi. Har kuni sahar 3 da turaman. Namozimni o‘qib, qabristonni aylanaman. O‘t-o‘lanlardan tozalayman, daraxtlarni sug‘oraman. Qabr kavlayman. Kasbimni yaxshi ko‘raman. Hayotimdan nolimayman. Besh o‘g‘il, bir qizim bor. Barchasini mana shu kasb orqasidan uyli-joyli qildim. 17 ta nevaram, 5 ta chevaram ham bor. Endi nabiralar haqida o‘ylayapmiz.

68 yoshga kirgan bo‘lsam, shu paytgacha biror joyga borib hordiq chiqarmaganman, xohlamayman ham. Chunki ko‘pchilik qabristonga meni so‘rab keladi, bu yerda o‘rnim boshqa. Shuning uchun hech qayoqqa ketmayman.

Xudoga shukr, hamma niyatlarimga erishdim. Bolalarimdan ko‘nglim to‘q. Lekin yana bir orzum bor. Hajga borib, Kabatullohni tavof qilishni istayman. Hozir navbatga yozilganman. Rizqimizni qo‘shgan bo‘lsa, u yerga ham boramiz, ziyorat qilamiz.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi