“Daryo”ning hamisha norozi kolumnisti Sarvar usta bu hafta to‘qima tarixiy-badiiy obrazlar yordamida bugungi hayotimizda uchrab turgan absurd holatlarni ochib beradi.

Yuz yil avval qurilgan City

Fotokollaj: “Daryo”

“Daryo” saytining bugungi mehmoni – rus qo‘mondoni Mixail Skobelev. 1876–1877-yillarda Farg‘ona viloyatining harbiy gubernatori bo‘lgan. Unga savollar berdik.

- Mixail Dmitriyevich, studiyamizga qiynalmay yetib keldingizmi?

- Hammayoq kovlab tashlangan. Piyoda yurgani yo‘l yo‘q. Yaponchasiga aytadigan bo‘lsam – to kanava to yama.

- Hech baloni tushunmasam ham, javob uchun rahmat. Ayni mavzuda gap ochdingiz. Siz Farg‘ona shahrini, bugungi tilda aytganda yangi City’ni nega barcha imkoniyat mavjud bo‘lgan xonlik poytaxti Qo‘qonda qurmasdan, noldan ko‘targansiz?

- Kallang bormi, Qo‘qonni buzib tashlasam, shaharliklar isyon ko‘tarib garnizonimni qilichdan o‘tkazvorardi. Shundog‘am Abdurahmon oftobachini quvib ketayotganimda Mahram yonida oyog‘imdan o‘q yeb arang yuraman. Biz bosqinchi bo‘lsagam, aqlimizni yeganimiz yo‘q. Telegraf, pochta, yo‘l qurish, kommunikatsiya, sim o‘tkazish kerak bo‘ladi. Buning uchun eski shaharni buzib, turkistonliklarning qarg‘ishiga qolgandan yangisini ko‘targan osonroq.

- Siz nega qasddan Farg‘ona shahriga zararli chinorlar ekkansiz?

- Chinor o‘zidan allergiya tarqatishini bir asr yashirdim. Ammo oxiri sezib qoldinglar, qurmag‘urlar. Biz Chor Rossiyasi zobitlari mahalliy xalqni allergiyaga mubtalo etishni maqsad qilgandik, ammo mustaqil O‘zbekistonning xaloskor hokimiyatlari chinor balosidan sizlarni qutqaryapti. Bu yadro quroli kabi zaharli daraxt. O‘rniga archa ekinglar, chunki chinor tagida odam to‘planadi, ammo archaning tagida to‘planmaydi. Odam to‘planmasa, ortiqcha gap-so‘z ko‘paymaydi.

- Rahmat, Mixail Dmitriyevich, samimiy suhbatingiz uchun. Biz albatta hamma chinorlarni oxirigacha kesib tashlaymiz.

Blogerlarga rasmiy maqom berilgach

Foto: Google Photos

Saharlab turdim. O‘zi kech uxlaganman, kecha selektorda blogerlarga oid ko‘rsatmalar berilgani uchun yarim kechasigacha hokimiyat zalida edim. Shunday bo‘lsa-da, vaqtli turdim. Qolganini majlisda uxlab olaman. Mashinaga o‘tirib, to‘g‘ri “Blogerlikni rivojlantirish markazi”ga bordim. Yosh blogerlar yig‘ilib turibdi. Ular prezident asarlaridan iqtiboslar keltirishdi, she’rlar tingladik. Orada bir mizg‘ib oldim. Chiqishimiz bilan hokimiyatdan telefon qilib “chet elliklar bilan uchrashuvga chiqing”, deyishdi. Bordik. Tarashadek ozg‘in kaltasoch konsul ayol va novcha tepakal erkak ajnabiylar oldida yurtimizda blogerlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida nutq so‘zladim. Televideniye tasvirga olib turibdi. Tirraqi konsul xotin “blogerlar elita oilasining biznesiga oid fikrlar bildira oladimi?” deb so‘ragandi, TV tarjimonga ko‘z qissam, “yurtingizdan ajoyib taassurotlar oldik” deb tarjimada to‘g‘rilavordi.

Chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasidan telefon qilib, qo‘shni tumandagi bo‘rdoqichilik fermasi haqida blogpost tayyorlab kelishni buyurishdi. Borsak, dasturxon yozilgan ekan, paqqos tushirgach, valine’mat hoji akaning mol-qo‘ylarini kelishtirib maqtab bir material tayyorladik. Videoblogerimiz nuqul gollandskiy sigirning o‘t yeyishini oladi, deng. Fermaning bir chetida mol qochirishayotgan ekan, videoblogerimiz “olaman, qiziq chiqadi”, degandi, “qis, uyat bo‘ladi, yoshlar ko‘rib ko‘zi ochilib qolmasin”, dedim.

Keyin ishxonamga qaytdim. Aytgancha, qayerda ishlashimni aytmabman – hokimiyat qoshidagi “Blogerlar uyushmasi”da mas’ul lavozimda xizmat qilaman. Qorinni qashlab o‘tirsak, hokimbuva “ko‘chani o‘t-o‘lanlardan tozalab qo‘y, haromilar, semirib ketyapsan hammang” deb yumshoq tushuntirgandi, o‘zimiz bilib eski kiyimlar bilan ko‘chada asta ish boshlavordik. O‘zingiz tushunasiz, obodonchilik boshqarmasi har doim ulguravermaydi, qolaversa, birovga aytmang-u, ko‘pi kattalarning uyida ishini qilyapti. Bir-ikki kun ishlab bersak, kamayib qolmaymiz, bloger yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lishi lozim. Ketmon bilan ajriqni qirayotsam, telefonimga SMS keldi: oyligingizdan falon konsertga ushlab qolamiz, degan mazmunda. Eh, palakat, bunisi chatoq bo‘ldi. Gapiray desang, istihola yo‘l qo‘ymaydi. Sekin bo‘shab, fermer hojiga ishga o‘tib olsammikan. Bloger degan kasbim bor, axir.

Ikki karra ikki – besh

Foto: Sputnik

Mana bugun biz majburiy mehnat masalasini yoritish uchun brifingga yig‘ildik. Respublikada o‘z viloyatini eng ko‘p mehnatga majburlayotgan hokim bilan uchrashib, ayblarini bo‘yniga qo‘yamiz. Qaysi viloyat hokimi deysizmi? Nima farqi bor, hammasi mehnatga majburlaydi. Asosiysi, bugun ular bizning dalillarimizdan qochib qutulolmaydi. Hammasini bo‘yniga qo‘yamiz. Hokim janoblari qarshimizda o‘tiribdi.

- Janob hokim, viloyatingizdagi majburiy mehnat holatlari bo‘yicha savollarimiz bor.

- Marhamat.

- Mana bu markaziy shifoxona do‘xtirlari imzolagan shikoyat xati. 75 xodim imzolagan. Siz ularga ariq tozalatgansiz. Bunisi fotosuratlari.

- Bu isbot emas, oldi-qochdi gap. Dalil bilan gaplashish kerak.

- Mana bu audioda esa siz “hammang hasharga chiq, haromilar. Dars qochib ketmaydi. Hech kimdan qo‘rqmayman, qonuninggayam tupurdim” deganingiz yozilgan. Tugmani bosdim, eshitamiz...

- To‘xtang. Biz jurnalistlarni hurmat qilamiz. Ammo qachonki, ular dalil-isbot bilan gapirganda. Axir, bu audio asos o‘rniga o‘tmasligini qachon tushunasizlar?

- Proyektor ekraniga qaraymiz. Unda siz o‘tgan hafta liniyadagi Damaschilarni to‘xtatib, shag‘al tashishga majburlaganingiz ko‘rsatiladi. Eshityapsizmi, Damas’chilarga qo‘lingizni shop qilib, “o‘n besh sutkaga ketasan, ahmoq” deyapsiz. Ekranga qarab ko‘zingizni qisib ham qo‘ydingiz.

- Bo‘lmagan gap, men unday demayman. O‘z viloyatim aholisi o‘z farzandimday ko‘raman. Uning obodonchiligi o‘z qo‘limizda. Asosiysi shuki, bu videongiz isbotlikka yaramaydi. Dalil kerak.

- Sizdan mashinaga birga o‘tirib N. tumaniga borishni so‘rayman. O‘tiring, janob hokim. Mana N. tumaniga yetib keldik. Tasvirchilarimiz shay holatda. Janob hokim, ro‘paramizdagi panjarani kraskalayotganlar 56-maktab o‘qituvchilari bo‘ladi. Sizning fuqarolaringiz.

- Ular bo‘yoqchilar.

- Afsuski, bo‘yoqchi emas. Ularning o‘zidan so‘raymiz. Ko‘k ro‘molli kennoyi, mikrofonga gapiring.

- Ha, men 56-maktabning “odobnoma” o‘qituvchisiman. Bizni o‘n kundan buyon majburlab ishlatishyapti. Hamma joyga ariza yozdik, internetga video chiqardik – kor qilmadi.

- Muxbir uka, bularni men majburlamaganman. Sizlarga hokimni tanqid qilish bo‘lsa. Bular ko‘ngilli hasharchilar. Hozir, menga ikki minut ijozat.

- To‘xtang, suhbatimiz tugamadi, hali.

- O‘o‘v, daraxt tagida gap sotayotgan qan**qlar! Panjarani enang bo‘yaydimi? Basharengga tuflab yuborardim, marazlar, kamera qarab turibdi. He, itdan tarqagan, ol, qo‘lingga cho‘tkani. Tupurdim, o‘qituvchiliginggayam, do‘xtirliginggayam, diplominggayam. Ishla, deyman, hayvonlar.... Bo‘ldi uka, savollaringizni beravering. Bizda majburiy mehnat mavjudligiga isbot keltirish mumkin emas, chunki u yo‘q.

- Hozir biz mehnatga majburlash holatining guvohi bo‘ldik. Bu tasvir to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatilmoqda.

- Sog‘ bo‘ling. Biz barcha savollarga javob berishga tayyormiz. Prezidentimiz aytganlaridek, davlat organlari hamisha ochiq-oshkoralik tamoyillarida ishlaydi. Biz o‘z kamchiliklarimizni ko‘rsatgan faol jurnalistlarimizdan minnatdormiz. Eng asosiysi, siz bugun bizning viloyatda majburiy mehnat yo‘qligining guvohi bo‘ldingiz.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.