O‘zbekiston Markaziy banki ilk marta bir hafta ichida ikkinchi marta rasmiy kurs belgiladi. Dollar kursi keskin oshdi. Markaziy bankning izohlashicha, ushbu holatning shakllanishiga qator tashqi va ichki omillar ta’sir ko‘rsatdi.

Foto: Markaziy bank

Joriy yilning iyul oyi ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa so‘nggi haftada ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan kursi o‘sish sur’atlarining tezlashishi kuzatildi, deyiladi xabarda.

Markaziy bank izohida kurs oshishiga sabab bo‘lgan tashqi va ichki omillar sanab o‘tiladi:

Tashqi omillar. Joriy yilning iyul oyidan boshlab O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor davlatlari (Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy) milliy valyutalari almashuv kursining qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilmoqda va bu, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ichki omillar, asosan, import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi bilan bog‘liq.

Ichki valyuta bozorida talab va taklif hajmlari ma’lum bir darajada barqaror shakllangan davrda, Markaziy bankning intervensiyalari ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish bilan birgalikda, valyuta kursini qisqa muddatli tebranishlarini pasaytiruvchi instrument sifatida qo‘llanib kelinadi.

Shuningdek, ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, Markaziy bank intervensiyalarni amalga oshirishda valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qo‘llash mexanizmiga o‘tmoqda.

Markaziy bank almashuv kursining valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatga qisqa muddatli kurs tebranishlarning davom etishi hamda keyinchalik fundamental trendiga qaytishi hisobiga katta bo‘lmagan o‘zgarishlar bilan moslashib olishi mumkinligini bildiradi.