“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Xitoy rivojlanishining amaliy sabablari

Keyingi o‘n yilliklarda Xitoyning iqtisodiy o‘sishi hayratga solmoqda, deb yozadi Project Syndicate nashri. Ammo negadir ko‘pincha Xitoy rivojlanishining sabablari noto‘g‘ri talqin qilingan yoki tushunilgan.

Foto: Google Photos

Xitoyning o‘sishi eng avvalo mamlakat ko‘lamiga bog‘liq bo‘lib, hukumat shundan kelib chiqqan holda ulkan aktivlarga ega bo‘lishga uringan va keng miqyosda sanoat siyosatiga aralashishga va taxminiy xavflarning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shunga ko‘ra, Xitoy bugungi muvaffaqiyatiga butun iqtisodiyotni nazorat ostiga olish evaziga erishdi, deb aytishadi.

Bu tushuncha esa mohiyatan noto‘g‘ri. Aslida Xitoy iqtisodiyot borasida kompleks siyosat yuritishdan shunday muvaffaqiyatga erishdi. Xitoy rahbarlari G‘arbda bo‘lgani kabi demokratik saylovlarga bog‘liq bo‘lmagani, uzoq muddatli rejalashtirish (besh yillik reja kabi) va rivojlantirish ishlari bilan shug‘ullanish uchun yetarli vaqtga ega.

Qolaversa, ko‘p rivojlanayotgan mamlakatlardan ko‘ra Xitoy qudrati belgilangan ishlar tatbiq etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ustun jihatga ega. Kuchli davlat va u tayangan siyosiy-ijtimoiy barqarorlik Xitoy ta’limda, sog‘liqni saqlashda, infrastrukturada, tadqiqot va ishlanmalar sohalarida tez rivojlanishini ta’minladi.

Shu bilan birga, Xitoy uzoq muddatli rejalashtirishni va yangiliklarni tatbiq etishni davlat kapitalizmini mustahkamlash uchun emas, tuzilmaviy islohotlar va iqtisodiy liberallashuvni mustahkamlash uchun ishlatdi. Aynan shu strategiya Xitoy iqtisodiyotini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Qiziq jihati, ayni shu strategiya rivojlangan davlatlardan kelib chiqqan. Keyingi 40 yil mobaynidagi AQSh bilan siyosatdagi diplomatik normallashuv amerikacha kapitalizmning Xitoyda mustahkamlanishiga olib keldi. Barqarorlikka urg‘u berayotgan bo‘lsa-da, Xitoy korporativ, moliyaviy va makroiqtisodiy boshqaruv tizimlariga ham rag‘bat berib kelmoqda, bu sohada erishilgan eng so‘nggi yangiliklarni o‘zida qo‘llamoqda.

Bu esa Xitoyda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning xitoycha uslubi yaratilishiga olib keldi va uni noyob hodisa sifatida yuzaga chiqardi. Sababi, shu uslub mahalliy tajribalarni tatbiq qilishga, raqobat o‘sishiga va innovatsion g‘oyalar ko‘payishiga olib keldi. Natijada o‘ziga xos iqtisodiy qudratli davlat va federal soliq tizimi vujudga keldi. Xitoy erishgan yutuqlarga boqib, bu yutuqlarni inkor qilib bo‘lmaydi.

Keyingi o‘n yillikda Xitoyda ulkan kompaniyalar paydo bo‘ldi va ular dunyo bozorida mustahkam mavqega ega bo‘lib bormoqda. 2019-yili e’lon qilingan ulkan kompaniyalar ro‘yxati qatoridan AQShning 121 kompaniyasi bilan birgalikda Xitoyning 129 kompaniyasi ham o‘rin oldi.

Ro‘yxatda Xitoyning Alibaba, “JD.com”, Tencent, ommaviy dasturlar yaratuvchi WeChat, texnologik gigant Huawei (o‘tgan yili, AQSh kompaniyaga qarshi siyosat olib borishiga qaramasdan, 11-o‘ringa ko‘tarilib olishga erishdi), Xiaomi kabi smartfon ishlab chiqaruvchi yosh kompaniyalar ham bor.

Bu kompaniyalar muvaffaqiyat qozonishiga iqtisodiyot liberallashuvi va innovatsion texnologiyalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani sababdir.

Bu Xitoy rahbarlari o‘zlarining oxiriga yetmay qolgan siyosatlarini o‘ylamasa ham bo‘laveradi degani emas. 30 yillik tezkor iqtisodiy o‘sish davridan keyin Xitoyda YaIM pasayishi muqarrar edi. Shuning uchun Xitoy daromad pasayishi va moliyalashtirish qiymatining oshishi kabi omillarga befarq bo‘lmadi. Innovatsiya va rivojlanishni rag‘batlantirib kelmoqda.

Xitoy uzoq rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va bir xitoycha maqolda aytilganidek, “yuz milyalik yo‘lning 90 milyasi bosib o‘tilishi hali masofaning yarmiga yetilganidir” degan fikrga amal qilmoqda.

Iroqlik xristianlarning qo‘rquvlari va umidlari

Ajablanish, qo‘rquv, xavotir — Iroq shimolidagi yazidlarning besh yil avval IShID bosib olgan paytidagi tuyg‘ularini tasvirlab bo‘lmaydi, deb yozadi Le Figaro nashri. Maqolada Iroqda istiqomat qilayotgan yazidlarning armoni va kelajakdan kutayotganlari haqida fikr yuritiladi.

Foto: AP

2014-yilning 3-avgust sanasida Iroq tarixidagi eng uzun kunlardan biri boshlandi. Iroqni “kofir”lardan tozalash uchun jihodchilar dastlab yazidlar yashaydigan Sinjor viloyatini bosib oldi. Minglab yazid erkaklar o‘ldirildi, ayollarni qul qilishdi, bolalarni esa bo‘lajak “islom sherlari”ni tarbiyalash uchun qayta tarbiyalay boshladilar.

Haqiqiy genotsid IShID jangarilarining 6-avgustga o‘tar kechasi Naynavo tekisliklariga yo‘l olishi bilan boshlandi. Dahshatli bir necha soat ichida 120 mingdan ortiq yazid va xristianlar o‘z uylarini tashlab qochishga majbur bo‘ldi. IShIDga Iroq shimolining mo‘rt tinchligini buzish uchun bor-yog‘i to‘rt soat kerak bo‘ldi.

Oradan besh yil o‘tib, Naynavo va Sinjor aholisi yaralarini davolash va insonlar hayotini odatiy tusga yo‘naltirish boshlandi. Hamon vayronada yashayotgan sinjorliklar urush dahshatlaridan o‘ziga kelolgani yo‘q. IShID tarafidan o‘g‘irlangan ayollar va bolalar hali oilasi bag‘riga qaytgani yo‘q va ularning azoblari uchun aybdorlar sud qilingani yo‘q.

Ishonchsizlik urug‘i

Naynavo sharqidagi Behdid shahriga kutilganidan ortiq — 25 ming aholi qaytib keldi. Behdid shahri qayta tiklanmoqda, ammo aholi demografiyasi o‘zgarib ketdi. Masalan, Bartalliga shialarning ommaviy qaytishi natijasida xristianlarning salmog‘i kamayib ketdi. Ilgari asosan xristianlar yashagan Mo‘sul shimolida hozir sunniylar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Xristian oilalarining 40 nafarigina bu yerga qaytdi. Musulmonlar ko‘pligidan xavfsiragan xristianlar o‘zlarining ona shahriga qaytishni istamayapti.

Jihodchilar Mo‘sulda bir-biriga ishonmaslik va hadik urug‘ini sepdi. IShIDning mag‘lubiyati zinhor uning mafkurasi yengilganini anglatmaydi. Bug‘doy dalalari yoqilishidan osmonga burqigan qora tutunlar Nobel mukofoti sovrindori Nadiya Murod qishlog‘igacha ham yetib bordi. Mazkur yong‘inlar natijasida sunniylar, shialar, yazidlar va xristianlar bir-birini ayblamoqda va gumon qilmoqda. Bu voqea esa qachonlardir murosa qilib yashagan hudud aholisi yana murosa yo‘lini tanlashi uchun uzoq vaqt kerakligini ko‘rsatmoqda.

Umid urug‘i

Quvonarli holat shuki, jamoalar o‘rtasida kelishib ish tutish uchqunlari ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Naynavoda iqtisodiy faoliyat tiklanishi jamoalar o‘rtasida kundalik hayotdagi aloqalarni tiklash borasidagi muammolarni yengib o‘tmoqda. Masalan, behdidlik tovuqboqar ham xristianlarni, ham musulmonlarni tovuq bilan ta’minlamoqda. Xo‘jalik yuksalmoqdami, demak, qachondir bu jamoalar o‘rtasidagi ishonchsizlik hissi ham bartaraf etilsa ajabmas.

OAV IShID tor-mor keltirildi, muammo hal bo‘ldi, deb bu hududdagi voqealarni yoritmay qo‘ydi. Ammo jamoalar o‘rtasidagi nozik masala, shaharlarni tiklash har qachongidan ham muhim. Shundagina IShID sahifasini yopish mumkin bo‘ladi.

Irqchilarni tanqid qilgan Tramp

Bir qator nashrlar, jumladan, BBC prezident Donald Tramp barchani irqchilikni tanqid qilishga chaqirgan nutqiga e’tibor qaratdi. Prezidentning bu bayonoti El-Paso, Texas shtati va Deyton, Ogayo shtatidagi xunrezlikdan ikki kun o‘tib yangragan bo‘lsa-da, Tramp nutqlariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lib qolganidan dalolat.

Foto: Google Photos

Ayrim siyosiy sharhlovchilar nazarida AQShning ikki shahrida yuz bergan qotillikning bosh aybdori aslida Trampdir. Sababi, prezident nutqlarida oq tanli irq ustunligi va barcha jinoyatchilar oq tanlilardan boshqa millat vakillari degan mavhum iddaolaridan ilhomlangan.

Dushanba kungi chiqishida Donald Tramp xunrezlikka qarshi kurashda demokratlar va respublikachilar uyushgan holda harakat qilishi joizligini ta’kidlagan va o‘qotar qurol nazoratini yanada kuchaytirishga chaqirgan. Shuningdek, prezident mazkur siyosatni immigratsiya siyosatiga doir qonunchilik  bilan hamohang tarzda olib borish kerakligini ta’kidlagan hamda OAVni nafrat va ommaviy qotilliklarni targ‘ib qilishda ham ayblagan.

Prezident Tramp Twitter’da nafrat va g‘azab uzoq yillar mobaynida to‘planib kelishiga feyk xabarlar ham xizmat qilgan deb yozdi.

Aslida El-Paso va Deytondagi xunrezlik ortida Trampning “Amerika amerikaliklar uchun”, “Biz yana qayta kuchli bo‘lamiz” kabi shiorlari hamda Meksika va AQSh chegarasida ulkan mablag‘ni talab qiluvchi siyosati natijasi deyish ham mumkin.

Yana bir jihati borki, so‘nggi paytlarda AQSh hukumati barcha moliyaviy resurslarni asosan 2001-yil sentabr voqealaridan keyin islom terrorizmiga yo‘naltirdi va mamlakat ichkarisidagi irqchilik kayfiyatida bo‘lgan guruhlarni nazorat qilishni susaytirdi.

AQSh maxsus xizmatlari dushmanni chetdan izladi-yu, ichkaridagi xavfni nazardan qochirdi. Bu beparvolik natijasi o‘laroq bugun El-Paso va Deytonda motam kuni.

El-Pasodagi hujum mohiyatan oq irq millatchiligining kengayishiga yo‘l ochib bergan amaldagi siyosiy elitaning o‘ziga borib taqalmoqda. Aynan shu ma’noda El-Pasodagi voqealar o‘tgan yil oktabrida Pittsburgdagi sinagogada yuz bergan otishma hamda 2017-yildagi Sharlotsvildagi tartibsizliklar AQSh jamiyatida oq iqrchilik harakatining keng quloch yozayotganidan dalolat.

Xullas, mazkur xunrezliklar AQSh siyosiy davralarini yana islom terrorizmidan-da xavfliroq bo‘lgan ichki oq irq terrorizmiga alohida e’tibor qaratishga undadi hamda qurol-yarog‘ savdosi borasidagi siyosiy muhokamalarga yana yangi mazmun baxsh etdi. Respublikachilar va demokratlar oq irqchilar terroristik guruhlari borasida yakdil bo‘lsa, xavfning oldini olish borasida nimalar qilinishi mumkinligini taxmin qilsa bo‘ladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.