O‘zbekistonda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar, bahslar tez-tez ko‘tarilib turadi. Ayniqsa yozda va qishda bunday bahslar avjiga chiqadi: qishda isituvchi, yozda esa, aksincha, sovutuvchi uskunalar ishlatilishi natijasida elektr iste’moli ortadi, o‘z navbatida, tarmoqlar ortib ketgan yuklamani ko‘tarishga qiynaladi, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatiladi.

Oxirgi paytlar o‘zbekistonlik foydalanuvchilar elektr hisoblagichlar energiya sarfini noto‘g‘ri hisoblayotgani borasida shikoyat qilmoqda. Xususan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida shu mavzudagi muhokamalarga bir necha bor duch keldik. Bu masalada Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev fikr bildirishga ham ulgurdi. Biz bu masalaga aniqlik kiritish maqsadida energetika bo‘yicha ilmiy tadqiqotchi Sarvar Qurbonovga murojaat etdik.

Foto: “Meter.uz”

Hozir o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichlar — EX18 “Elektron hisoblagich” MChJ va Holley Technology Ltd. birgalikdagi ishlanma mahsuloti hisoblanib, bu hisoblagichlar bir fazali tarmoqlarda turli tariflar bo‘yicha hisoblay olishi va PLC aloqa moduli orqali ma’lumotlarni masofadan so‘rov orqali aniqlashi mumkin. Ushbu hisoblagich GOST 30207 (MEK1036) davlat standarti bo‘yicha tayyorlanadi.

Texnik tavsif:

Aniqlik sinfi: 1,0

Nominal kuchlanish: 220 V

Normal ishchi kuchlanish: 176–242 V

Xatarli kuchlanish: 154–264 V

Nominal toki: 10 A

Maksimal toki: 60 A

Chastota: 50 Hz

Sezgirlik darajasi: 0,004I nom

Tarmoqdan iste’mol quvvati: 2 Vt va 2,5 VA

Ishchi harorati: -25 C – +55 C

Hisoblagichning texnik tavsifiga qarasak, uning ta’sirlanish toki 0,004I, ya’ni bu turdagi hisoblagich kabellardagi kichik isroflarni va juda kichkina tok tortuvchi iste’molchilarni ham sezib, hisoblaydi.

Hisoblagich ishida xatolik bor-yo‘qligini aniqlash uchun iste’molchilar yo‘qligida tarmoqqa ulangan holda bir soat hisoblagich qo‘yilib hisoblashini, sifatsiz elektr energiyasi vaqtidagi xatolikni hamda aniqlik sinfiga ko‘ra xatolikni o‘lchash kerak.

Hisoblagich normal, xatosiz ishlashi uchun kuchlanish 176 V dan past bo‘lmasligi kerak. Bundan kelib chiqyaptiki, bu yoz ko‘p holatlarda iste’molchilar sovutish tizimini yoqishi, quvvatlar to‘g‘ri taqsimlanmagani uchun kuchlanish 110 V ga tushib ketdi. Elektr ta’minotida elektrik bo‘lganim uchun o‘rtacha kuchlanishi 156—165 V bo‘lganini aniqladim. Bundan ko‘rinib turibdiki, deyarli barcha hisoblagichlar davlat tomoniga yoki iste’molchi tomoniga aniq, yana ta’kidlab aytaman, aniq xatolik bilan o‘lchagan. Buni internetdagi bahslardan ham ko‘rishingiz mumkin. Hisoblagich texnik tasnifida normal ishlashi uchun kuchlanish 176 V dan past bo‘lmasligi kerak.

Yana bir narsa. Zamonaviy elektr hisoblagichlarni to‘g‘ri o‘rnatish juda muhim. Ularda elektron platalar borligi uchun ularning normal ishlashi uchun yerlash kerak (elektr uskunalarini yerlash deganda uskuna korpusi yerlagich bilan bog‘lanishi tushuniladi; bundan maqsad foydalanuvchini tok urishidan saqlash hamda uskunada ortiqcha tok to‘planmasdan qarshiligi kichik bo‘lgan yerlagichga o‘tib ketishini ta’minlashdir — “Daryo”). Bizda montaj jarayonida yerlashga katta ahamiyat berilmaydi. Ko‘p qavatli uylarda umuman yerlatilmaydi. Hozirda yangi qurilayotgan uylarga yerlashtirish ishlari olib borilyapti.

Lekin hisoblagich faza va nol begona joyga ulansa, unda “o‘g‘rilik” degan indikator chirog‘i yonib, avariyaga tushib qolishi kerak. Demak, qandaydir ma’noda o‘g‘riliklarning ham oldini olsa bo‘ladi.

Bundan tashqari, aktiv va reaktiv quvvatlar balansi buzilganda tangens burchaklari o‘zgarishida ham hisoblagich xato o‘lchaydi. Quvvat buzilishi kuzatilgan, chunki barcha sovutish tizimlari reaktiv iste’molchilardir.

Yana yuqoridagi texnik tavsifga qaytamiz. Texnik tavsif bo‘yicha har bir hisoblagich aniq tekshiruvdan o‘tgani va xatoliklari qancha bo‘lgani ko‘rsatilib, sertifikat beriladi. Tekshiruv sertifikat sifatli tokda tekshirilgandagi xarakteristika natijalarini beradi, sifatsiz tokdagi emas. Shunday ekan, hisoblagichlar sifatsiz elektr energiyamiz tufayli xato o‘lchayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Elektr energiyasini yetkazib berish va iste’mol qilish bo‘yicha qonun-qoidalarimizda bunday holatlarda nima qilish kerakli ko‘rsatilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yuqoridagi muammolar yuzaga kelsa, qanday yo‘l tutish ko‘rsatib berilgan. Menga eng yoqqani — EX18 hisoblagichini dasturlasa bo‘ladi, ya’ni sifatsiz elektr energiyasi yuzaga kelganda boshqa tarifda hisoblashga yoki umuman hisoblamaslikka dasturlab qo‘yish mumkin. Bunga asos — yuqoridagi qarorning 12-bobi 143–144-bo‘limlari:

Elektr energiyasining sifati uchun elektr energiyasi tarifiga chegirmalar (ustamalar)

143. Agar iste’molchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi ulushi elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan darajadan oshsa, belgilangan qiymat tarifga ustama yoki aks holda — tarifga chegirma hisoblanadi.

144. Har bir ESK bo‘yicha chegirmalar (ustamalar) miqdori ko‘rib chiqilayotgan ESKning hisob-kitob davridagi jami nisbiy davomiyligi ko‘rsatkichlariga (T1 va T2) ko‘ra, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan normal va maksimal qiymatlar sifatida hisoblanadi. T1 va T2 qiymatlari o‘lchash vaqti davomida aniqlanadi, o‘lchash vaqtining davomiyligi har bir ESK bo‘yicha shartnomada belgilanadi, lekin u bir ish sutkasidan kam bo‘lmasligi kerak. Avtomatlashtirilgan o‘lchash vositalari mavjud bo‘lganda T1 va T2 qiymatlari uzluksiz ravishda o‘lchanishi lozim. Hisob-kitob qilinadigan vaqt oralig‘ini muntazam o‘lchash elektr ta’minoti shartnomasida (lekin bir chorakda bir martadan kam emas) belgilanadi.

Ya’ni 143–144-bo‘limlar bo‘yicha, bizga sifatsiz elektr energiyasi yetkazib beruvchi tashkilot sotayotgan elektr energiyasiga chegirma berishi yoki uni hisoblamasligi kerak.

Biz Yevropa davlatlaridek yashashni xohlab, elektr energiyasi narxlarini ko‘tarar ekanmiz, demak, chiqargan qarorlarimiz bo‘yicha ish ko‘rib, sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishimiz, iste’molchi qoidalarni buzsa, jarimaga tortishimiz kerak, lekin ayni paytda yetkazib beruvchi ham yetkazilgan zarar uchun badal to‘lashi kerak. Chunki sifatsiz elektr energiyasi tufayli hisoblagich noto‘g‘ri hisoblashi uskunalarimiz ishdan chiqib, o‘z xarakteristikasida ishlamay, vazifasini bajara olmasligi mumkin.

Hisoblagichlar mavzusiga qaytsak. Hozirda aniqlangan xato o‘lchashiga gumon bo‘lgan hisoblagichlar davlatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlar yordamida kalibrovka qilinishini (texnik ko‘rsatkichlar mosligi o‘lchanib solishtirilishi — “Daryo”) yuzaga kelayotgan savollarga javob deb bilaman. Bunga yordam bera oladigan tashkilotlar – SKB MChJ va “NP Esan” MChJ. Bu korxonalarda hisoblagichlarni etalon ko‘rsatkichlar bilan kalibrovka qilish imkonini beradi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.