Pokiston hukumati Lahor va Hindiston poytaxti Nyu-Dehli o‘rtasidagi avtobuslar qatnovini bekor qildi. Reuters’ning qayd etishicha, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi jamoat transporti yo‘nalishi edi.

Foto: Reuters

Avvalroq Pokiston boshqa bir qator avtobus yo‘nalishlarini, shuningdek, ikkita poyezd qatnovini ham bekor qilgan edi.

Hindiston 6-avgust kuni Jammu va Kashmir shtatining alohida maqomi bekor qildi: uning o‘rnida vakolati shtatnikidan ko‘ra kamroq bo‘lgan ikkita o‘zini o‘zi boshqaruvchi hudud tashkil etiladi. Kashmir aholisining aksariyat qismi musulmonlardir; Pokiston an’anaviy tarzda ularni qo‘llab-quvvatlab keladi.

Pokiston avvalroq aynan Jammu va Kashmir shtati masalasi sababli Hindiston bilan diplomatik aloqalar darajasini pasaytirishini, shuningdek, chegaraoldi savdosini to‘xtatishini ham e’lon qilgan edi.