Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) 6-avgust kuni Nur-Sulton shahri aholisi xavfsizlik uchun o‘z qurilmalariga o‘rnatishi lozim bo‘lgan sertifikatlar testi “muvaffaqiyatli yakunlanganini” ma’lum qildi. MXQ shaxsiy qurilmalardan fayllarni o‘chirib tashlash bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilishga va’da berdi, deb xabar qiladi Meduza.

Foto: Tengrinews

Qo‘mitaning vakillarining ta’kidlashicha, yangi sertifikatning test sinovi natijasida “kiberxavflarning oldini olish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan” va “sertifikatlarni joriy etish bilan bog‘liq muammoli masalalar o‘rganilgan”. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev test uchun MXQga minnatdorchilik bildirib, “internet foydalanuvchilari uchun noqulayliklar yo‘q”ligini ma’lum qildi.

“Xavfsizlik sertifikati kelajakda kiber va axborot hujumlari kabi milliy xavfsizligimizga tahdid tug‘diruvchi holatlar yuzaga kelganida, Qozog‘iston aholisini oldindan ogohlantirgan holda qo‘llaniladi”, — deyiladi MXQ bayonotida.

Qozog‘iston Kiber hujumlar tahlili va tergovi markazining ma’lum qilishicha, sertifikatning o‘rnatilishi sabab poytaxt aholisining internetga kirishida muammolar yuzaga kelgan va ular bu haqda “yuqoriga shikoyat qilgan”. Shundan so‘ng MXQ test jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini bildirgan.

Qozog‘iston poytaxtining aholisi mazkur sertifikatlarni o‘z qurilmalariga o‘rnatishi bo‘yicha 18-iyul kechasi xabar olgan. Aloqa operatorlari sertifikat o‘rnatilmasa, foydalanuvchilarda internetga kirishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fayl orqali hukumat foydalanuvchilarning ma’lum bir kontentga kirishini taqiqlashi yoki ularni kuzatishi mumkin.