Kiyev noqulay ob-havo sharoiti sabab Italiyadan Rossiyaga uchayotgan “Globus” aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Ukraina ustidan uchib o‘tishiga ruxsat berdi, deb xabar qiladi “TASS”.

Foto: “TASS”

“Ukraerorux”ning Facebook’dagi sahifasiga yozilishicha, Rossiyaning “Globus” aviakompaniyasiga tegishli Boeing-738 havo kemasining uchuvchilariga “faol bo‘ronli vaziyat” sabab Ukraina havo makonida foydalanishga ruxsat berilgan.

Ruxsat Ukraina, Polsha va Belarus uzra bulutli havolar sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisaning oldini olish maqsadida berilgan. Samolyot Ukraina havo makonida 26 daqiqa parvoz qilgan.

“Ukraerorux”dagilarning ta’kidlashicha, Ukraina davlat aviatsiya xizmatining Parvoz xavfsizligi kengashining 2015-yilning 2-dekabrdagi qarori, shuningdek, Ukraina normativ-huquqiy aktlariga ko‘ra, Ukraina aviatsiya va havo makonidan foydalanish sohasida ICAO standartlariga bo‘ysunadi.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yildan buyon Rossiya aviakompaniyalariga tegishli samolyotlar Ukraina hududini aylanib o‘tayotgan edi.