Xonanda Nargiz Zokirova Instagram sahifasida o‘z ijodini kuzatib borayotganlarga murojaat qilib, Maksim Fadeyev va uning Malfa prodyuserlik markazi uni 90-yillardagi usullar bilan ta’qib qilayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Sputnik.

Foto: Sputnik

“Shundoq ko‘rinib turgan ablahlik va orsizlik oldida men bir narsa deyishga ojizman. Bir narsani aytishim mumkin, meni hamma bir xil ogohlantirgan, yillar davomida ... ‘Malfa’ va uning rahbariyati tomonidan, bilishimcha, menga ‘kislorodni bo‘g‘ib qo‘yish uchun’ oddiy ta’qib boshlangan va bunda ular barcha qo‘l kelgan usullardan foydalanishmoqda”, - deb yozadi Nargiz.

Xonandaning aytishicha, avgust oyiga rejalashtirilgan barcha konsertlar prodyuserlik markazi va uning rahbariyati tomonidan bekor qilingan. Voronejdagi konsert tashkilotchisi so‘zlariga ko‘ra esa, “Malfa” markazi ularni Nargiz chiqishi kerak bo‘lgan, ammo chiqmagan poyezd perroni aks etgan videoni olib tashlashga majbur etgan.

“90-yillar hidi kelmoqda, shundaymi?”, - qo‘shimcha qilgan san’atkor.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval xonanda Instagram’dagi sahifasida Maksim Fadeyevga qarashli prodyuserlik markazi unga leybl bilan hamkorlik bekor qilingani haqida rasmiy hujjat yuborganini ma’lum qilgan edi.

Endi san’atkorga prodyuserga tegishli musiqiy asarlarni ijro etish taqiqlangan, “Malfa” prodyuserlik markazi esa avgust oyiga rejalashtirilgan tur bo‘yicha majburiyatlaridan voz kechmoqda.

Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, gastrol safariga chiqishga tayyor turgan musiqiy jamoa uchun bu kutilmagan yangilik bo‘lgan.

Maksim Fadeyevga qarashli prodyuserlik markazi o‘zining Instagramdagi sahifasida Nargiz tomonidan shartnoma bekor qilinishi bo‘yicha bildirilgan e’tirozlarga javob qaytardi.

“Malfa” markazi konsert haqiqatan bekor qilinganini tasdiqlagan, faqat bunga xonanda Nargizning g‘oyib bo‘lganini sabab qilib ko‘rsatgan.