Tojikiston rasmiylari Qurbon hayiti bayramida aholi uylarida dasturxonlar tuzalishini tekshirish yuzasidan ogohlantirdi. Kim ayamasdan dasturxon yozgan bo‘lsa, 5 ming somoniy (500 dollardan ko‘proq) jarimaga tortiladi, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Foto: Google Images

Qayd etilishicha, bugun Dushanbedagi oziq-ovqat bozorlariga yaqinlashib bo‘lmaydi, rasmiylarning hayitda “kamtar dasturxon” borasida reydlar o‘tkazish haqidagi ogohlantirishiga qaramay, mahsulotlar narxi oddiy kunlardagidan ko‘ra qimmatroq.

“Mehrgon” bozorida muxbirlar suhbatlashgan poytaxtlik Islomiddin Rajabov har yili hayitlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashib ketishiga o‘rganib qolganini aytadi.

“Hatto kamtarin dasturxon uchun Qurbon hayitida 300-400 somoniy sarflashga to‘g‘ri keladi. To‘kin dasturxon 1000 somoniy va undan ko‘proqqa tushadi. O‘ylaymanki, sotuvchilarni nazorat qilish kerak — ular odamlarning bayram arafasida har qanday narxda mahsulot sotib olishidan foydalanib qoladi”, — deydi Islomiddin.

Ayni paytda din, milliy qadriyatlar, tantanalar va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi matbuot kotibi Afshin Muqimning xabar berishicha, Qurbon hayiti bayrami kuni qo‘mita xodimlari mamlakatning ayrim hududlarida reydlar o‘tkazib, aholi uylarida dasturxon yozilishini tekshiradi. Kamtarona dasturxon yozish haqidagi ogohlantirishni rad etadiganlarga jarima solinadi.

Qo‘mita vakillari oddiy bayramona dasturxon yozishni, ekzotik mevalar o‘rniga mahalliylarini qo‘yish, dasturxonni uy bekalari pishirgan shirinliklar bilan bezashni tavsiya etmoqda.