10—11-avgust kunlari jangarilarning hujumini qaytarish vaqtida Suriya armiyasining harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi. Bu haqda Suriyadagi urushayotgan tomonlarning yarashish markazi xabar berdi.

Foto: Reuters

Ikki kun ichida 23 nafar suriyalik harbiy halok bo‘lgan, yana yetti kishi jarohat olgani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, terrorchilarning barcha hujumlari Suriya hukumat kuchlari tomonidan qaytarilgan. “To‘qnashuv vaqtida jangarilar katta talafot ko‘rdi”, — deyiladi xabarda.

10-avgust kuni Ikko aholi punkti yaqinidagi Suriya hukumat qo‘shinlari joylashgan hududga hujum uyushtirilgan edi. 11-avgust kuni esa Murek-Achan va Kafer-Ayn hududlarida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Suriyada fuqarolik urushi 2011-yilning bahorida boshlangan bo‘lib, tomonlardan biri — mamlakat prezidenti Bashar Asad tarafidagi hukumat kuchlari bo‘lsa, ikkinchi tomon — AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanilayotgan muxolifat kuchlari.