Fransiyaning Amen shahri markazidan o‘tuvchi yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushib, diametri o‘n, chuqurligi besh metr keladigan jarlik hosil bo‘ldi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Courrier Picard

O‘pirilish shahar meriyasi yaqinidagi La Bonne humeur restorani qarshisida yuz bergan. Shahar relyefining avariya bo‘lgan qismi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rab qo‘yilgan.

Jarlik hosil bo‘lgan hudud yaqinida joylashgan uylardan uch kishi evakuatsiya qilingan, ular vaqtincha shahar administratsiyasi binosida yashab turibdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yer ostidan o‘tuvchi suvlar asfalt tagidagi tuproqni yuvib ketgan. Ta’kidlanishicha, shahar markazining o‘zida o‘rta asrlarga oid 200 ga yaqin g‘orlar mavjud.

Ayni vaqtda ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan hududda suv, gaz va elektr energiyalari o‘chirib qo‘yilgan.