Rossiyaning Chita viloyatidagi bojxona xodimlari oyoq kiyimiga 2 kilogrammga teng oltin yombilarni Xitoyga olib o‘tishga uringan fuqaroni qo‘lga oldi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Getty Images

“Bojxona posti orqali Xitoyga o‘tayotgan rossiyalik ayolning oyoq kiyimida jami og‘irligi 2 kilogrammga teng bo‘lgan 10 ta kichik yombi topildi. Statsionar metall izlagich tomonidan aniqlangan oltinlarning qiymati 61 ming dollardan ortiq turadi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ayol nazorat boshlanishidan oldin o‘zini asabiy tutgani sabab o‘tkazish punkti xodimlari tomonidan tekshirilgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, yombilar uy sharoitida tayyorlangan. Bundan tashqari, oltinlarda tegishli proba yoki boshqa biror-bir hujjat bo‘lmagan.

Rossiyalik ayol o‘ziga meros bo‘lib qolgan oltinlarni Xitoyda sotish niyatida bo‘lgan. Hozirda unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining “kontrabanda” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.