Yangi Zelandiyada 15-martdagi teraktlardan so‘ng taqiq ostida bo‘lgan qurollarni sotib olish uchun hukumat dasturi davomida Yangi Zelandiya aholisi 10 mingdan ortiq qurollarni topshirdi. “TASS”ning xabar berishicha, bu haqda CNN telekanali ma’lum qilgan.

Foto: Stuff

Unda aytilishicha, dasturning birinchi oyida Yangi Zelandiya politsiyasi ayrim avtomat qurollar, hujum miltiqlari va unga tegishli bo‘lgan o‘q-dorilarni yig‘ish uchun 90 dan ortiq ommaviy tadbirlar o‘tkazgan. Shu vaqt ichida 7 mingdan ortiq qurol egalari 10 200 dona qurolni topshirgan bo‘lib, ularning turi va holatidan kelib chiqib kompensatsiya olgan.

Shuningdek, yana 1 200 dan ortiq odam noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan qurollarni politsiyaga topshirgani aytilmoqda. Dastur shartlariga ko‘ra, bunday hollarda ularning egalariga kompensatsiya to‘lanmaydi, lekin ular taqiqlangan qurol saqlagani uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Qonunda bunday harakatlar uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Hukumatning qurollarni sotib olish dasturi 12-iyulda boshlangan bo‘lib, joriy yilning 20-dekabrigacha davom etadi. Uni amalga oshirish uchun hukumat qariyb 129,9 million dollar sarflamoqchi.