Kolumnistimiz Sarvar usta bu hafta bizga felyeton o‘rniga yozib bitirilmagan hikoya taqdim etdi. Uning mazmun-mohiyati borasida biroz bahslashib qolgan bo‘lsak-da, o‘quvchilarimiz bizdan aqlliroq, barchasini tushunib oladi, mag‘zini chaqadi degan ishonch bilan hikoyani siz bilan bo‘lishmoqdamiz.

Foto: Sputnik

Kechqurun bizlar uxlab yotganda bu bino atrofiga shaharning to‘rt tarafidan savlatli mashinalar kelib to‘xtadi. Mashinalardan kostyum-shimli, maxsus formali, salla-choponli erkaklar, boshyalang ayollar tushib, o‘rtasiga dumaloq stol qo‘yilgan katta xonaning turli eshiklaridan kirdi. Kirdi-yu, bir zum bir-biriga qarab qolgach, hammasi qah-qah urib kulishga tushdi. Erkaklar tizzalariga shapatilab, ayollar ko‘zlaridan yosh chiqquncha kulishdi.

- Uva-ha-ha-ha. Man chidolmayman! Nimalar deb tashladik?

- Eng oxiri malish zajigat qildi, bor-u! Nimaymish – Forumlar saroyini SSSR noto‘g‘ri joyga qurganmish. Voy, o‘lib qolaman, uni qurilganiga uch yil bo‘ldi-ku. Tog‘ang boshqa joyga o‘tkazsa bo‘lmaydimi sani? Kallang qayerda bolakay?

- Man qattan bilay? Maktabga bormagan bo‘lsam.

- Ommalekigin, man yaxshi mavzu topib berdim, – dedi salla-choponli kishi salmoqlab gapga aralashgancha. – Kapitan domlaning “masjidda bollar siyib qo‘yishligi mumkin” degan vajlari eskirib qoldi. Man o‘tgan ma’ruzada “zilzila bo‘lsa imorat bolalarni bosib qolmasligi uchun masjidga olib kelishlik joiz emas” dedim. Qalay, boplabmanmi?

- Yashang, qoriaka, sizni kelasi yil seysmologiya institutiga direktor qilamiz.

- Ammo-lekin ishni susaytirish kerak emas, – dedi jiddiy ohangda hammadan novcha bo‘yni yo‘g‘on kishi. – Har hafta bir qovun tushirib odamlarga mavzu topib berishimiz shart. Xo‘sh, bu biz uchun nega muhim, aytinglar-chi?

- Baribir hech baloga aqlimiz yetmagach, tomosha ko‘rsatib turishimiz shart, – luqma tashladi o‘tirganlarning biri.

- Tomosha yaxshi, xomkallalar. Ammo bilib qo‘yinglar: bejiz aytishmagan, xaloyiqqa non va tomosha bering, deb. Xo‘sh, biz resurslarimizdan unumli foydalanyapmizmi? Yo‘q. Demak, bugungi yig‘ilishimiz mavzusi shunga bag‘ishlanadi. Sen, – dedi novcha majlis raisi formali kishiga yuzlanib, – nega erkaklarni reproduktivlik va foydalilik xususiyatlari asosida toifalarga ajratmayapsan?

- Mardikorlarni quvib tutolmayapmiz, – dedi yelka qisgancha formali kishi.

- Qorni bor bolalaringni yo‘qot. Yanagi hafta toifalangan ro‘yxat stolim ustida bo‘lsin. Qo‘mitadagi mutaxassislar yordamlashadi, veterinarlarni ham jalb etamiz, tashkil qilib beraman. Bir nima deyishsa, uzr so‘rab qutulamiz. Bu uzr so‘rashni kompensatsiya sifatida malakalashni qonunchilikka kiritish masalasini o‘ylab qo‘yinglar, – dedi rais boshyalang opaga yuzlanib. – Masalan, odam o‘ldirsang, uzr so‘raysan. Qasddan qilingan bo‘lsa, jarima undiriladi.

- Ajoyib taklif, – dedi boshyalang opa. – Chet el nashrlari tanqid qiladi, ammo mahalliy jamoatchilikni toza kuldiramiz.

- Kerak bo‘lsa chet elliklarni ham kuldiramiz. Qonun loyihasini Telegram’imga tashlang. Faylga parol o‘rnating, aks holda yana kompyuterimdan xotinim topib olib kulib yurak o‘ynog‘i bo‘lib qoladi. Qonunchilaringizdan zo‘r yumorist chiqadi, dedi.

- Qaysi me’yoriy hujjatga kuldi? – deb so‘radi boshyalang ayol.

- Poytaxtda ishga joylashish uchun propiskadan o‘tish shart, propiskadan o‘tish uchun ishga joylashish shart degan mazmundagi me’yoriy hujjat edi, shekilli. Bunaqa g‘aroyib loyihalaringiz ko‘p, qaysi birini eslab qolaman. Xo‘sh, endi sanoatga o‘tsak, – rais boshi kal kishiga yuzlandi. – Zavod ochadigan kompaniyalar soni yigirmataga yaqinlashib qoldimi?

- Dunyoda nechta brend bo‘lsa, hammasi zavodini ochadi, deb xabar tarqatyapmiz, – dedi kalbosh shoshilgancha. – Natija yomon emas – o‘tgan galgi xabarimizga internetda kulgi tugmasini bosganlar soni yigirma mingga yetdi. Uchta komediya guruhi va to‘rtta qiziqchining mavzusiga aylandik. Konsert zalida bir otaxon kulib shaytonlab qoldi, bunda bizning hissamiz borligiga shubham yo‘q.

- Diversifikatsiya masalasini ham o‘ylash kerak. Faqat mashina zavodi emas, masalan, sputnik ishlab chiqarib Xitoyga sotamiz, Marsni o‘zlashtirish besh yillik rejalarimizga kiritilgan mazmunidagi xabarlar ham ommaga kerak. Olimlarimiz yaratgan yangi poyezd Ilon Maskning texnologik poyezdidan yuz kilometr/soatga tezroq harakatlanishini ta’kidlash lozim.

- Xo‘p, bo‘ladi, – dedi kalbosh.

- Internet narxini 1 dollar qilamiz denglar, 8G ishga tushishini ayting. Bor fantaziyangizni ishga soling. Kerak bo‘lsa sirkda malaka oshirish kursi tashkil etib beraman. Odessalik tajribali masxarabozlarni instruktor sifatida yollaymiz.

- Qo‘limizdan kelmagan ish yo‘q, – deb soxta g‘ururlandi qizil galstukli ishtirokchilarning biri. – Qiziqchilikni bizga qo‘yib bering. Maktabda o‘qituvchi chiqib ketgach, uning harakatlarini o‘rtoqlarimga takrorlab berardim. Mana yo‘limni ochib katta bir qo‘mita raisi bo‘ldim. Albatta, sizning qo‘llab-quvvatlashingiz ostida. Shunday ekan, qiziqchilik uyoqda tursin, minbarda turib vovullasak vovullaymiz, ammo odamlarni ishontirmay qo‘ymaymiz.

Yon-atrofdan “uddalaymiz”, “qiziqchilik ish bo‘ptimi”, degan va’dasimon xitoblar yangradi. Rais mamnun kayfiyatda:

- Eng muhimi, har kuni bir-biriga o‘xshamagan yangi mavzu topib bering. Mantiqli mavzu bo‘lishi shart emas. Asosiysi, paradoksal va populistik mazmunda bo‘lsin. Odamlar bizdan faqat shuni kutadi, – dedi.

...Shundan so‘ng yig‘ilishning asosiy mavzusi mablag‘ va iqtisodiyot bo‘ldi. Elektr toki yetib bormagan olis qishloqlarda raqs maktabi ochish, viloyatlardagi moddiy ehtiyojmand oilalar farzandlariga poytaxtda bepul hovuzlar qurish, makulatura yig‘ishga bankirlarni jalb etish, Karib havzasidagi mitti davlatlar uchun vizani bekor qilish, AQSh va Yevropadagi investorlarimiz bosh saytlarining inglizcha talqinini yaratish (afsuski, barchasi o‘z tilimizda), cho‘l zonalarida kitning urug‘idan mushk ishlab chiqaruvchi fabrika tashkil etish, dollar ko‘tarilishiga chora sifatida ichkilik narxini tushirish va jamoat joylarda chekishga ruxsat berish kabi ishlar kelishib olindi.

Boshqa rejalarni keyingi blogpostlarimizda yoritib boramiz.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.