Svanxovddagi Norvegiya tadqiqot stansiyasi 9—12-avgust kunlari havoda odamlar va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lmagan “kichik miqdordagi radioaktiv yod”ni qayd etdi, deb yozadi Meduza.

Foto: “Info24.ru”

Stansiya Norvegiya shimolida — Rossiyaning Murmansk viloyati bilan chegarada joylashgan.

Norvegiya yadro va radiatsiya xavfsizligi boshqarmasining xabar berishicha, topilma Arxangelsk viloyatidagi raketa dvigateli sinovlari chog‘idagi portlash bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi aniqlanganicha yo‘q. Radioaktiv yod Norvegiya stansiyalari tomonidan yiliga bir necha marta qayd etiladi, buni ko‘pincha farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bilan bog‘lashadi, deyiladi xabarda.

Arxangelsk viloyatidagi harbiy poligonda portlash 8-avgust kuni yuz bergan edi, uning oqibatida besh nafar olim halok bo‘lgan.