Radiatsiya odamlar ongida eng xavfli xastalik manbalaridan biri sifatida o‘rnashib qolgan. Radiatsiyaning xavfi – bor gap, lekin turli sabablarga ko‘ra ba’zan bu xavfni orttirib ko‘rsatish holatlari kuzatiladi. Meduza nashri shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida nurlanishga oid asosiy savollarni to‘plab, ularga javob berdi. Quyida ushbu materialni o‘zbek tilida taqdim etamiz.

Foto: Google Photos

Nurlanish qanchalik xatarli?

Nurlanish (radiatsiya) hammani qattiq cho‘chitadi. Ayniqsa “Chernobil” seriali chiqqach, odamlar bo‘sh paytlarida bir-birlariga nurlanishning zarari haqida vahimali hikoyalar aytib bermoqda. Biroq nurlanishning xatari haqida shunday vahima tarqatayotganlarning mutlaq ko‘pchiligi yon-atrofda xatarli nurlanish bormi, yo‘qmi, bilmaydi; basharti bo‘lsa, uning darajasi qanday ekanligini maxsus asbob-uskunalarsiz aniqlashning iloji yo‘q. Vahimalar esa ba’zilarda qo‘rquv va fobiyalarni keltirib chiqarayotgani ham bor gap.

Xo‘sh, nurlanishdan qo‘rqish tabiiy reaksiya emasmi?

Albatta, ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan cho‘chish inson tabiati uchun xosdir. Biroq nurlanish o‘sha vahima qilinganichalik kuchli ziyon yetkazmaydi. Masalan, Fukusima avariyasida radiatsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siridan vafot etgan qurbonlar soni 1 nafar xolos; qolgan barcha qurbonlar odamlarni evakuatsiya qilishda yo‘l qo‘yilgan xatolar hamda tibbiy yordam ko‘rsatilishi kechikkani sababidan vafot etgan. Chernobil AES falokatida ham jismonan jabr ko‘rganlardan ko‘ra ruhan jabrlanganlar soni ko‘proq bo‘lgan. Boz ustiga, bu odamlarning halokat haqida o‘zi uchun to‘qib chiqargan va o‘zi ishonib qolgan uydirma vahimalari ularning ongiga asl ahvoldan ham ayanchliroq aks ta’sir ko‘rsatgan.

Radiatsiya nurlanish kasalligi va saratonga sabab bo‘ladi-ku?!

Albatta, radiatsiya nurlanish kasalligiga va saratonga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin har doim ham emas. Radiatsiyaning organizmda qanday aks-sado berishiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bu nurlanishning turiga bog‘liq. Radiatsiya – ionlanuvchi nurlanish energiyasining bir turi bo‘lib, u atomlardan elektronlarni urib chiqarib yuborishga va ularni ionga aylantirishga qodir kuchga ega. Shu sababli nurlanish tufayli DNK hamda hujayra membranasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita zarar yetishi mumkin.

Ionlanuvchi nurlanishlar ham har xil bo‘ladi:

- alfa-nurlanishlar odam tanasiga kiyim-bosh hamda teri orqali ham kirib kela oladi. Alfa-nurlanish tashuvchi radionuklid tanaga og‘iz va nafas olish yo‘llari orqali yoki ochiq yaralar orqali tushgan hollarda zarar yetkazadi;

- beta-nurlanish oddiy g‘ishtin devor yoki yog‘och orqali o‘tib keta olmaydi, lekin odam terisidan bemalol o‘ta oladi. Biroq teri orqali o‘tgan beta-nurlar asosiy hayotiy muhim ichki organlarga yetib bora olmaydi. Buning ham zarari faqat nafas yo‘llariga tushganda va ochiq yaralarga tushganda kuzatiladi;

- gamma-nurlanish organlarga juda ko‘p to‘siqlarni oshib o‘tib ham yetib bora oladi. Bunday nurlarni juda qalin beton devor yoki bir necha santimetr yaxlit qalinlikdagi og‘ir metall to‘sib qola oladi xolos.

Ionlanuvchi nurlanishlar manbai turli radionuklidlar bo‘lishi mumkin. Masalan, seziy-137 o‘zidan beta va gamma-nurlar taratadi.

Ta’sir dozasi va vaqti

Odam tanasi qabul qilib olgan nurlanish dozasi grey birligi bilan o‘lchanadi. Qisqartmasi – Gr. Uni massa birligi gramm bilan adashtirmasligingizni so‘raymiz. Tanaga singigan bir grey nurlanishning qancha zarar yetkazishini esa zivert birligida belgilanadi. Qisqartmasi – Zv. Uni nurlanishning ekvivalent dozasi birligi ham deyiladi. Beta va gamma-nurlanishlar uchun koeffitsiyent 1 ga teng, ya’ni 1 grey = 1 zivert. Alfa-nurlanish koeffitsiyenti esa 20 zivertga teng.

Endi qiyosiy misollar keltiramiz. 10 grey nurlanish yutgan odam tanasi yaqin 5–12 kun ichida 100 foiz ehtimol bilan o‘limga yuz tutadi. Bunda o‘tkir nurlanish kasalligi kelib chiqadi. Shuncha tanasiga nurlanish singdirgan odamda bir necha soat ichida qattiq chanqash, qayt qilish, ich ketishi va bosh og‘rishi singari simptomlar paydo bo‘ladi. Bemor komaga tushib qolishi ham mumkin. Juda yuqori dozalarda esa teri qizarib, qattiq qichiydi va yaralar paydo bo‘ladi. Chernobilda 35 kishi 5 greydan yuqori nurlanish dozasi qabul qilgan. Nurlanish kasalligi esa 0,7 greydan yuqori doza yutilgandayoq namoyon bo‘ladi.

5 greydan past nurlanish dozalari keyinchalik saraton kasalliklariga omil bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, ionlanuvchi nurlanishlar bu rasman tan olingan kanserogen (ya’ni saraton keltirib chiqaruvchi) sanaladi. Hisoblashlarga ko‘ra, 100 mZv ekvivalentdagi nurlanish dozasi onkologik kasalliklar kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi. Bunda ushbu dozadagi nurlanish muttasil ta’sir qilib turgan organizm o‘z-o‘zini doimiy tiklab olishga ulguradi va qisqa muddatli intervallarda salbiy oqibatlar kuzatilmaydi. Biroq uzoq muddat davomida yig‘ilib borgan DNK mutatsiyalari onkologik kasallik rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hujjatlariga ko‘ra, bunday hollarda saraton kelib chiqishi xavfi, qabul qilingan nurlanish dozasiga proporsional bo‘ladi.

Biroq hozirgi kunda aynan qanday nurlanish dozasi mutlaqo xavfsiz ekanini tasdiqlovchi biror ma’lumotning o‘zi yo‘q. Kompyuter tomografi yoki ishlab chiqarishlarda qo‘llashga ruxsat etilgan radioaktiv materiallar singarilarning ta’siridan olinadigan nurlanish dozasi singarilar nisbatan bexatar deb hisoblanadi va u ham yiliga 1 mZv dan ortib ketmasligi lozim.

Lekin bizda tabiiy nurlanish manbalarining ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash imkoni mavjud. Masalan, biz muttasil ravishda kosmik nurlar va radon gazining radiatsiya ta’siri ostidamiz. Ko‘pchilik hayotida albatta rentgen va kompyuter tomografiyasi singari tibbiy tashxis apparatlariga tushgan.

Past dozalarning inson tanasiga ta’siri juda kam o‘rganilgan va ba’zi (ishonchsiz) manbalar kichik dozali nurlanishlar hatto salomatlikka ijobiy ta’sir qiladi deb ham ta’kidlaydi (past dozali radiatsiya va toksinlar odam tanasiga ijobiy ta’sir qiladi deguvchi konsepsiyani fanda “gormezis” deyiladi). Avvallari, XX asr boshlarida, hali radioaktivlik fani endi-endi paydo bo‘lgan paytlarda nurlanish bilan odam tanasini yoshartirish, qishda isitish va chiniqtirish mumkin deb qat’iy ishonilar edi. Hozir ham ayrim kurortlarda radonli vanna qabul qilish xizmati taklif etiladigan joylar bor.

Nima bo‘lganda ham, hozirda yetakchi tibbiyot muassasalari hamda radiologik himoya tashkiloti tomonidan ALARA tamoyiliga amal qilish tavsiya etiladi. ALARA inglizcha as low as reasonably achievable so‘zlarining abbreviaturasi bo‘lib, u belgilangan me’yorlarga ham yetkazmasdan, imkon qadar past nurlanish dozasi bilan ishlashni tavsiya qiladi. Boshqacha aytganda, agar aniq tashxis qo‘yish uchun rentgenografiya qilish zarur bo‘lsa, buni qilish kerak; agar buning nafi shubha ostida bo‘lib, usiz ham kasallikni davolash imkonli bo‘lsa, unda rentgenga tushmagan ma’qul deganga o‘xshash g‘oya bu. Ya’ni, imkon qadar nurlanishdan uzoqroq yurish va “har ehtimolga qarshi” deb ham rentgenga tushavermasdan, o‘zini dozaga tutib bermaslik kerak, degan fikr yotadi ALARA mohiyatida.

Zararlash joylari

Nurlatish usulida davolashda yutilgan radiatsiya dozasi soatiga 12 greydan oshib ketishi mumkin. Biroq bunday yuqori nurlanish dozasi odamni o‘limga olib keladi. Shu sababli radioterapiya faqat tananing kichik qismlariga va o‘ta hayotiy muhim a’zolarning kerakli joyiga nisbatangina o‘tkaziladi. Bunda qolgan barcha a’zolarni maksimal himoya ostiga olinadi.

Ta’sir mexanizmi

Radionuklidlar organizmga oziq-ovqat, suv, havo yoki ochiq yaralar orqali tushganida albatta zararli bo‘ladi va kasallikka olib keladi. Lekin o‘tkir nurlanish kasalligini kelib chiqishi uchun bunday bo‘lishi shart ham emas. O‘tkir nurlanish kasalligi asosan gamma-nurlarning tashqi tarafdan ta’sir qilishi tufayli kelib chiqadi. Radionuklidlar ovqat, suv, havo yoki yaralar orqali organizmga tushganda onkologik kasalliklarga yo‘liqish xavfi ortadi, lekin o‘tkir nurlanish kasalligi kelib chiqishi ehtimoli juda kam bo‘ladi. Odam tanasi radiatsiya bilan ichkaridan zararlanganidan keyin bir muddat davomida yon-atrofdagilar uchun xavfli bo‘lib turadi. Chunki uning siydigi, qoni va terlashi orqali radioaktivlik tashqariga chiqishi mumkin. Radioterapiya va rentgenografiya bilan davolanayotgan odam xavfli emas. Chunki u tanasiga nurlanish qabul qilib olgan bo‘lsa-da, lekin tanasining o‘zida nurlanish manbai mavjud emas. Radioaktiv chang yoki namlikning teriga va kiyimga tushishidan tashqi radioaktiv ifloslanish yuzaga keldi deyiladi. Bunday radioaktiv zarralarni yuvib tashlash, radiatsiya o‘rnashgan kiyimni yechib tashlab yuborish orqali uning ta’siridan qutulish mumkin.

Odamning yoshi va radiatsiyaning unga ta’siri

Nurlanishning nojo‘ya ta’siriga ayniqsa go‘dak bolalarning organizmi ta’sirchan bo‘ladi. Embrion yoki homilaning nurlanishi, uning nobud bo‘lishidan boshlab keyinchalik yuzaga chiqadigan salbiy oqibatlari bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bunda ham barchasi qabul qilingan nurlanish dozasiga bog‘liq bo‘ladi. Yutilgan nurlanish dozasi 0,1 greydan past bo‘lganda hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.