AQSh Adliya vazirligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, Nyu-Yorkda istiqomat qilgan 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Rahmatov 2016-yil 11-may kuni hibsga olingan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u Suriyada IShID tomonida turib jang qilish istagida bo‘lgan ko‘ngillilarni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan, deb xabar beradi “NUZ.uz”.

Foto: LDaily

Eslatib o‘tamiz, 2016-yili IShIDga aloqadorlikda ayblangan bir necha O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari qo‘lga olingan edi. Ular orasida Bruklinda istiqomat qiluvchi Abdurasul Jo‘raboyev ham bor.

Keyinroq, tergovga ma’lum bo‘lishicha, Jo‘raboyev Qozog‘iston fuqarosi Ahror Saidahmedov bilan Turkiyaga, undan Suriyaga o‘tib, IShID tarkibida jang qilishni rejalashtirgan.

Rahmatov hamda uning hamtovoqlari — Abror Habibov, Dilhayot Qosimov va Akmal Zokirov Saidahmedovning faoliyatini moliyalashtirish bilan shug‘ullangan. Jo‘raboyev avgust oyida o‘z aybini tan olgan.

Oradan uch yil o‘tib, tergov va hibsda saqlangan Azizjon Rahmatov aybini bo‘yniga olib, IShID terrorchilik tashkilotiga moliyaviy tomondan yordam ko‘rsatganini tan olgan.

Rahmatovning aytishicha, u Saidahmedovning oldiga borish uchun boshqalardan ham pul yig‘gan. Bu pullarni u Suriyaga uchishidan oldin Akmal Zokirovning hisobiga o‘tkazgan. Zokirov bu pullarni Saidahmedovga berishi kerak bo‘lgan.

Avvalroq, sud hukmiga ko‘ra, Jo‘raboyev va Saidahmedovning har biri 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Habibov va Zokirov hozirda sud hukmini kutmoqda.

Agarda Azizjon Rahmatov aybdor deb topiladigan bo‘lsa, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.