XX asr tom ma’noda barcha sohalarda rivojlanish asri bo‘ldi. Shu jumladan imoratsozlikda ham. Bu asrda binolar qurilishi va turli imoratlar haqida gap ketganda “osmono‘par” atamasi ham qo‘shilib aytiladigan bo‘ldi.

Shu o‘rinda imorat “osmono‘par” darajasini olishi uchun qay darajada baland bo‘lishi masalasida ma’lumot bersam.

Yevropa va AQShda qabul qilingan o‘lchamlarga ko‘ra, balandligi 150 metr va undan yuqori binolar osmono‘par hisoblanadi. Emporis’ga ko‘ra, balandligi 100 metr va undan yuqori, SkyscraperCity’ga ko‘ra, balandligi 200 metr va undan yuqori binolar osmono‘par hisoblanadi.

XX asrgacha balandligi olti qavatdan yuqori bo‘lgan binolar qurilmagan. Buning sababi undan balandiga zina orqali chiqib tushish qiyinligi, shuningdek, yuqori qavatlarga suv yetkazib berish qiyinligi bo‘lgan.

Texnologiyalar rivojlanishi, elektr energiyasidan keng foydalanishga o‘tish, suv tortib beradigan nasos qurilmalari takomillashuvi, lift qurilmasidan foydalanishga o‘tish baland imorat qurish boshlanib ketishiga turtki bo‘ldi.

2018-yilda dunyoda 3 800 ga yaqin balandligi 150 metrdan baland bo‘lgan osmono‘par bino borligi ma’lum bo‘lgan. Ularning 100 dan oshig‘ini balandligi 300 metrdan oshiq bo‘lgan binolar, mingdan oshig‘ini balandligi 200 metrdan oshiq bo‘lgan binolar, qolganini balandligi 150 metrdan oshiq bo‘lgan binolar tashkil etgan.

Aslida XX asrgacha bo‘lgan davrda uzoq tarixda ham baland binolar qurilgan. Ammo ularning aksariyati qadim yo‘q bo‘lib ketgan yoki saqlanib qolganlari ham vayron bo‘lish arafasida edi.

Yangi tarixdagi birinchi osmono‘par bino sifatida 1885-yilda Chikagoda qurilgan sug‘urta kompaniyasiga tegishli Home Insurance Building binosi tan olinadi. Ilk qurilganida u 42 metr, 10 qavatli bo‘lgan. 1891-yilda unga yana ikki qavat qo‘shishgan va binoning umumiy balandligi 54,9 metrga yetgan.

Baland imoratlarda liftning o‘rni beqiyos. Dunyodagi ilk lift 1870-yilda Nyu-Yorkdagi Equitable Life Building kompaniyasi binosiga o‘rnatilgan.

Ilk liftlar gidravlika bilan ishlagan va faqat 20 qavatli binolarga o‘rnatish uchun moslangan bo‘lgan.

1903-yilda Otis firmasi elektrda harakatlanadigan lift ishlab chiqara boshladi va shu tariqa istalgan balandlikda qurilgan binolarga lift o‘rnatish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shundan so‘ng AQShning bir nechta shaharlarida, ayniqsa Nyu-York va Chikagoda baland imoratlar qurish avj oldi. Bir kompaniya bugun 200 metrli osmono‘par bino qurilishini boshlasa, ertasiga ikkinchi kompaniya 250 metrli osmono‘par bino qurishni boshlaganini e’lon qilar edi. Shu tariqa, 1931-yil 1-may kunigacha turli qurilish kompaniyalari kimo‘zarga osmono‘par bino qurishda o‘zaro musobaqalashib keldi. Aynan 1931-yil 1-may kuni tepasida o‘rnatilgan antennasi bilan umumiy umumiy balandligi 443 metr bo‘lgan Empire State Building binosi qurib foydalanishga topshirildi va shundan so‘ng baland bino qurish musobaqasi amalda to‘xtadi.

Kim balandroq qurish musobaqasi to‘xtagan bo‘lsa ham, AQShda baland bino qurilishi to‘xtamadi. Shunchaki quruvchilar 443 metrlik binodan o‘tkazib bino qura olmadi. Empire State Building’ning balandlik rekordi faqatgina oradan 41 yil o‘tib, 1972-yilda yangilandi.

1972-yildan bugungi kungacha shuncha baland binolar qurilganiga qaramasdan aynan Empire State Building osmono‘par binolar orasida hanuzgacha 45-o‘rinda turibdi.

Bundan bir necha yil oldin BAAning Dubay shahrida qurilgan 800 metrdan baland bo‘lgan Burj Xalifa binosi baland inshoot qurishda yangi davrni boshlab berdi. Shundan so‘ng bir nechta balandligi 1000 metr va undan yuqori bo‘lgan inshootlar loyiha qilinib, qurilishi boshlandi. Ammo jahon iqtisodiy inqirozi ulardan bir nechtasi qurilishi to‘xtatib qo‘ydi.

Masalan, Dubayda qurilishi boshlangan Naxil binosi qurilishi inqiroz tufayli to‘xtab qoldi. Saudiyadagi 156 qavatli, 1007 metrli Kingdom Tower esa qurilyapti.

Kuvaytda 1001 metrli Madinat al-Hareer, Ozarbayjonda 189 qavatli, 1050 metrli Ozarbayjon minorasi, Bahraynda 200 qavatli, 1022 metrli Murjan Tower kabi inshootlar qurilishi rejalashtirilgan. Shu tufayli ham bugungi kunda “dunyoning eng baland binolari” reytingida yuqori o‘rinlarda turgan binolar yaqin yillarda o‘z o‘rnini boshqalarga bo‘shatib bersa ajabmas.

Quyida bugungi kunda dunyoning eng baland hisoblanadigan binolar o‘ntaligi bilan tanishtiramiz.

10. CITIC Tower

Balandligi: 527,6 metr

Qavatlar soni: 109

Joylashgan o‘rni: Pekin, Xitoy

Qurilish tugalangan yil: 2018-yil

Citic Tower.
Foto: Google Photos

Bu binoda Xitoyning yirik davlat investitsiya kompaniyasi bo‘lmish CITIC Group kompaniyasining shtab kvartirasi joylashgan.

Binoga sarflangan mablag‘ – 24 milliard yuan (3,78 milliard dollar). Ushbu 528 metrli osmono‘par bino loyihachilari – Farrells va Kohn Pedersen Fox.

9. CTF moliya markazi (Tyanszin)

Balandligi: 530 metr

Qavatlar soni: 97

Joylashgan o‘rni: Tyanszin, Xitoy

Qurilish tugalangan yil: 2019-yilda foydalanishga topshiriladi.

CTF moliya markazi, Tyanszin.
Foto: Google Photos

CTF moliya markazining qurilishi 2013-yilda boshlangan. Bino qurib bitkazilgan va hozir ichki pardozlash ishlari ketyapti.

Ushbu inshoot Tyanszin shahridagi ikkinchi osmono‘par bino hisoblanadi.

9. CTF moliya markazi (Guanchjou)

Balandligi: 530 metr

Qavatlar soni: 111

Joylashgan o‘rni: Guanchjou, Xitoy

Qurilish tugalangan yil: 2016-yil

CTF moliya markazi, Guanchjou.
Foto: Google Photos

CTF moliya markazi osmono‘par binosi Guandun provinsiyasida, Guanjou shahrida joylashgan.

Bu osmono‘par bino aslida 116 qavatli qilib qurilgan. Uning besh qavati yer ostida, 111 qavati yer ustida joylashgan.

Inshoot qurilishi 2014-yilda boshlanib, 2016-yilda tugallangan.

Binoda 414 ta kvartira va 273 ta xonadan iborat mehmonxona joylashgan.

Binoda jami 86 ta lift bor. Ulardan ikkitasi alohida tez harakatlanadigan lift hisoblanadi va yuqoriga chiqishda ular 70–72,4 kilometr/soat tezlikkacha harakatlana oladi.

7. Butunjahon savdo tashkiloti binosi

Balandligi: 541 metr

Qavatlar soni: 94

Joylashgan o‘rni: Nyu-York, AQSh

Qurilish tugallangan yil: 2014-yil

Butunjahon savdo tashkiloti.
Foto: Google Photos

Bino Nyu-Yorkning Manxetten dahasida Butunjahon savdo tashkiloti uchun qurilgan. Uning qurilishi 2006-yilda boshlangan va 2013-yilda tugallangan.

Bino 2001-yilda terrorchilar tomonidan qulatilgan egizak osmono‘par binolar o‘rnida tiklangan. U hozir AQShdagi eng baland bino hisoblanadi.

6. Lotte World Tower

Balandligi: 554,4 metr

Qavatlar soni: 123

Joylashgan o‘rni: Seul, Janubiy Koreya

Qurilish tugallangan yil: 2017-yil

Lotte World Tower.
Foto: Google Photos

Lotte World Tower 123 qavatli osmono‘par binosi Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi Lotte World ko‘ngiochar markazi hududida qurilgan.

Uning qurilishi 2005-yilda boshlangan. So‘ng aeroport yaqinligi uchun parvoz xavfsizligi tufayli qurilish to‘xtatilgan. 2009-yilda qayta ruxsat olinib, 2010-yilda qurilish davom ettirilgan.

5. Golden Finance

Balandligi: 596,5 metr

Qavatlar soni: 128

Joylashgan o‘rni: Tyanszin, Xitoy

Qurilishi tugallanishi: 2020-yilda foydalanishga topshiriladi

Golden Finance.
Foto: Google Photos

Ushbu osmono‘par binoning qurilishi 2008-yilda boshlangan. Qurilish bitgan va unda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

4. Pinan xalqaro moliya markazi

Balandligi: 599 metr

Qavatlar soni: 115

Joylashgan o‘rni: Shenchjen, Xitoy

Qurilish tugallangan yil: 2017-yil

Pinan xalqaro moliya markazi.
Foto: Google Photos

Ushbu osmono‘par bino bitganidan so‘ng dunyoning eng baland binolari orasida 4-o‘rinda qayd etildi.

3. Abraj al-Bayt

Balandligi: 601 metr

Qavatlar soni: 120

Joylashgan o‘rni: Makka, Saudiya Arabistoni

Qurilish tugallangan yil: 2012-yil

Abraj al-Bayt.
Foto: Google Photos

Ushbu bino o‘ziga sarflangan qurilish materiallarining og‘irligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Eng baland binolar reytingida esa uchinchi o‘rinda.

Shuningdek, ushbu bino “eng baland mehmonxona” nominatsiyasida ham dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Egallagan maydoni hajmi bo‘yicha esa dunyoda uchinchi o‘rinda turadi.

2. Shanxay minorasi

Balandligi: 632 metr

Qavatlar soni: 128

Joylashgan o‘rni: Shanxay, Xitoy

Qurilish tugallangan yil: 2015-yil

Shanxay minorasi.
Foto: Google Photos

Ushbu osmono‘par binoning o‘zagi 2013-yilda qurib bitkazildi. So‘ng bir yil davomida pardozlash ishlari olib borildi va 2015-yilda foydalanishga topshirildi.

1. Burj Xalifa

Balandligi: 828 metr

Qavatlar soni: 163

Joylashgan o‘rni: Dubay, BAA

Qurilish tugallangan yil: 2010-yil

Burj Xalifa.
Foto: Google Photos

Burj Xalifa — 828 metr balandligi bilan dunyodagi eng baland bino hisoblanadi.

Binoning tantanali ochilish marosimi 2010-yil 4-yanvarda o‘tkazilgan.

Burj Xalifadagi tomosha maydonchasi binoning 452 metr balandligida joylashgan. Binoga sekundiga 10 metr tezlikda harakatlanadigan 58 ta lift xizmat ko‘rsatadi. Ushbu liftlar dunyodagi eng tezkor liftlar hisoblanadi.

Shuningdek, Burj Xalifada 2 957 ta avtomobil saqlash joyi bor.

Binoda 304 ta mehmonxona nomeri va 904 ta turli o‘lchamdagi kvartiralar bor.