Qozog‘istonning Chimkent shahrida go‘sht narxi yana ko‘tarildi, deb yozadi “Otyrar.kz”.

Foto: iStock

Qozog‘istonliklar dasturxonida eng ko‘p talab qilinadigan mahsulotning har kilogrammi narxi 2,5 ming tangagacha (6,5 dollar) ko‘tarildi.

Narxlar jadal o‘sib bormoqda — bir necha hafta ichida go‘sht 300 tanga yoki undan ko‘proqqa ko‘tarilishi mumkin. Sotuvchilar xaridlar sezilarli darajada tushib ketganidan shikoyat qilmoqda.

Akimatda narxlarning ko‘tarilishini fermerlar O‘zbekistonga katta hajmda qoramol eksport qilishni boshlaganligi bilan izohladi: bu yerda uni yanada foydaliroq sotish mumkin.

Rasmiy statistika quyidagicha: atigi 6 oy ichida O‘zbekistonga 1,5 mingga yaqin qoramol eksport qilindi. Chimkent bozoriga yetkazib berish keskin tushib ketdi.

“Go‘sht narxining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyat sababli idoramiz vakolatli organlarga rasmiy xat yubordi. Mol go‘shti eksportini qisqartirish yoki cheklab, ichki bozorni ta’minlashni so‘radik. Murojaatlarimiz ko‘rib chiqilmoqda”, — dedi Chimkent shahar tadbirkorlik va innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Kayrat Bazarbekov.