Rossiya Federal xavsizlik xizmatiga qarashli Chegara xizmati 2019-yilda mamlakatga ishlash uchun kelgan xorijlik fuqarolar haqida ma’lumot berdi.

Foto: Asia-Plus

2019-yilning birinchi yarim yilligida 2,4 million xorijlik Rossiyaga ishlash uchun kelgani bildirilgan.

Yanvar—iyun oylari davomida Rossiyaga 15 milliondan ortiq xorijlik ish, turizm, o‘qish, tanzit qatnov, transport vositalariga xizmat ko‘rsatish kabi maqsadlarda kelgan.

Birinchi yarim yillikda O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga o‘tgan vaqt oralig‘ida 918 ming o‘zbekistonlik ishlash uchun borgan. Undan keyingi o‘rinni 523,9 ming ko‘rsatkich bilan Tojikiston egalladi. Qirg‘iziston — 265 ming, Ukraina — 164,4 ming, Qozog‘iston — 105,3 ming.

Yanvar—iyun oylari davomida Xitoydan ishlash uchun kelgan fuqarolar soni 50,2 ming kishini tashkil etsa, Germaniyadan kelganlar soni 10,8 mingga teng. Turkiyadan esa 10,2 ming odam ishlash maqsadida Rossiyaga kelgan.

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarim yilligida 3,7 ming AQSh fuqarosi, shuningdek, 4,3 ming Buyuk Britaniya fuqarosi ishlash uchun kelgani ma’lum bo‘ldi.