Berlinda sinov tariqasida 16-avgust kuni o‘zini-o‘zi boshqaruvchi elektr mikroavtobusi ishga tushirildi, deya xabar bermoqda “Korrespondent.net”.

Foto: DW

Oltita o‘rindiqli ushbu avtobus Berlinning Tegel tumanida metroning oltinchi yo‘nalishi oxirgi bekati va Tegel ko‘li bo‘ylab harakatlanadi.

Avtobus oldindan rejalashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha 1,2 kilometr yuradi. U chiqish-tushish uchun eshiklarini ochgan holda yo‘lidagi barcha 4 ta bekatda to‘xtab o‘tadi. Harakatlanish tezligi soatiga 15 kilometrdan oshmaydi.

Avtobus uchun chipta talab etilmaydi. Yo‘lovchilarga kuzatuvchi hamrohlik qilib, harakatlanishni kuzatib boradi va muammoli vaziyat yuzaga kelganda chora ko‘radi.

Yil oxirigacha davom etadigan sinov testida bunday transport vositasi qanday ishlashi, uning sensorlari atrof-muhit va ob-havodan qanday ta’sirlanishi va yo‘lovchilar haydovchisiz avtobusda harakatlanishga qanday munosabatda bo‘lishi haqida xulosalar chiqariladi.