“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Turkiya: Nima uchun Erdo‘g‘on Rossiya tomon yuz tutdi?

The Financial Times nashri e’lon qilgan maqolada Turkiya prezidentining Rossiya bilan qurol yetkazib berish borasida tuzgan bitimi uning NATOdagi mavqeiga va AQSh bilan munosabatlariga putur yetkazadimi yoki Turkiyaning tavakkalchilikka asoslangan bu siyosiy qadami o‘zini oqlaydimi, degan savol qo‘yiladi.

Foto: Getty Images

Amerikalik amaldorlar va tahlilchilar Turkiya Rossiyadan qurol sotib oladigan bo‘lsa, Donald Tramp Turkiyaning mo‘rt iqtisodiyotiga moliyaviy jazo choralari kiritishidan ogohlantirib kelayotgan edi. Ammo keyingi haftalarda Anqaraga 30 dona raketa tashuvchi uchoq va ularga tegishli jihozlar olib kelingan bo‘lsa-da, jazo choralari joriy etilmadi. Bu tahlilchilarni ajablantirmay qolmadi. Erdo‘g‘onning avantyurasi hozircha ish bermoqda.

Ayni paytda kuzatuvchilar Turkiya NATOning ashaddiy raqibi Rossiya bilan 2,5 milliard dollarlik bitim tuzgani javobsiz qolaveradimi yoki jazo choralari keyinroq amalga kiradimi, degan savol ustida bosh qotirmoqda. Vaziyatni Trampning jumboqli siyosati ham chigallashtirib yubordi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yozda AQSh hukumati amerikalik ruhoniy Endryu Bransonning hibsga olinishi ortidan Anqara bilan munozaraga kirishgan, bu bahs hattoki Turkiya moliyaviy bo‘hronga uchrashiga olib kelishiga bir baxya qolgandi. Oradan bir yil o‘tib, Tramp Erdo‘g‘on Amerika Patriot tizimini sotishni istamagani uchun C-400 ni sotib olishini ham ma’qullab chiqdi. Shunga qaramasdan, hatto prezident Tramp Erdo‘g‘on tarafida bo‘lsa ham, bu vashingtonlik siyosatchilar nazarida Turkiya Moskva tomon yuz tutishining salbiy oqibatlarini bartaraf etolmadi. Pentagon Turkiyani F-35 dasturidan chiqarib bo‘ldi, bu esa turk armiyasi uchun yangi og‘riqli muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Boz ustiga, AQSh Kongressi Erdo‘g‘onga qarshi kayfiyatda va Anqaraning Moskva bilan yaqinlashuvini jazosiz qoldirmaslik uchun barcha choralarni ko‘radi.

Erdo‘g‘on Turkiyaning o‘ta muhim geosiyosiy maydonda o‘rnashgani mamlakatni AQSh hukumatining jazo choralaridan qutqarishini doimo ta’kidlaydi. AQShda esa uning bu ta’kidi kulgi ostida. Biroq Osakada o‘tgan G20 sammitda AQSh va Turkiya prezidentlarining uchrashuvi Erdo‘g‘on haqligini isbotlab qo‘ydi. Tramp Erdo‘g‘on tarafini olganday “Anqaraga mudofaa uchun raketa tizimi kerak edi, shu bois u Rossiyaga murojaat qilgan. Boshqa yo’l ham yo‘q ediku”, deb aytdi. Mazkur bayonotning ertasiga hukumatga yaqin Sabah nashri “hech qanday jazo choralari bo‘lmaydi”, deb bong urdi. Vashingtonlik siyosatdonlar hangu mang bo‘lib qoldi. Filadelfiya tashqi siyosat masalalari tadqiqot institutining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha dasturi rahbari Aaron Steyn “Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donald Tramp aqldan ozdi”, deb aytdi.

Ikki haftadan keyin C-400 ning dastlabki qismlari Anqaraga olib kelindi. Erdo‘g‘on mazkur voqeani “Turkiya tarixidagi eng manfaatli savdo bitimi”, deb olqishladi. Bir oydan ko‘p vaqt o‘tyaptiki, iqtisodiy jazo choralaridan asar ham yo‘q. Ayrim siyosatchilar nazarida AQSh Turkiyani Suriya shimolidagi kurdlarga hujum uyushtirmasligi uchun shu tariqa tizginda tutib turibdi. Pentagon esa buyurtma qilingan 100 dona F-35 qiruvchisini Turkiyaga sotishdan bosh tortdi. Bu uchoqlar uchun Turkiyada ishlab chiqarilayotgan qismlar ham endi AQSh tomonidan xarid qilinmaydi. Bu Turkiyaning rivojlanib borayotgan harbiy sanoatiga katta zarbadir. Ular mazkur bitim bo‘yicha 12–15 milliard dollar mablag‘ni qo‘lga kiritishni mo‘ljalga olib ham qo‘ygan edi. Turkiya quruq qoldi.

Buning yanada jiddiyroq oqibati – Turkiya harbiy havo kuchlarining kelajakdagi harbiy amaliyotlarda tayanchi bo‘lishi kutilayotgan uchoqlarsiz qoldi. F-35 dan mahrum bo‘lgan Anqara NATO harbiy amaliyotlarida qatnasha olmasligi ham mumkin. Tramp ham Erdo‘g‘onni, qanchalik istamasin, himoya qila olmay qolishi ham mumkin. Kongressdagi respublikachilar ham, demokratlar ham Turkiyadan g‘azabda. Ular prezident Trampni Turkiyani jazolashga majbur qiladigan qonun loyihasi ustida ish olib bormoqda. Kongress sentabr oyida ta’tildan qaytgach, agarda vakillar palatasining uchdan ikki qismi mazkur qonunni tasdiqlab ovoz bersa, Tramp veto qo‘ya olmay qoladi. Voqealar jadal rivojlanib bormoqda.

Isroil: Saylov arafasida

Foto: Google Photos

17-sentabrdagi parlament saylovi yaqinlashgani sari Isroilda siyosiy tartibsizliklar avj olmoqda, deb yozadi “Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha kengash” veb-nashri. Kechagi amaldorlar o‘z siyosiy rahbarlariga qarshi bosh ko‘tarmoqda, yangi ajralib chiqqan guruhlar saylovchilar orasida obro‘ qozonish uchun murojaatnomalar yo‘llamoqda. Isroillik siyosiy sharhlovchilar va kuzatuvchilar nazarida bunday murojaatlar zamirida bir narsa yotibdi, u ham bo‘lsa uzoq muddat hokimiyat tepasida qolayotgan bosh vazir Binyamin Netanyaxuning hokimiyatiga chek qo‘yish. Ikki oy avval Libermanning Netanyaxu birlashmasiga qo‘shilmaslik haqidagi qarori 2019-yilda ikkinchi saylovga sabab bo‘lib, bir qator siyosiy jarayonlarni harakatga keltirib yubordi.

Keyingi besh hafta ichida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlardan biri Netanyaxu saylovda Libermansiz g‘alaba qozona olmasligini ko‘rsatdi (Avigdor Liberman Isroil Knesseti deputati, sobiq mudofaa vaziri va “Isroil – bizning uyimiz” partiyasi yetakchisi – “Daryo”). 17-sentabrdagi saylov natijalari shunday yakun topadigan bo‘lsa, Isroil ichki siyosatida g‘alati o‘zgarishlar, kutilmagan bitimlar va yangi ittifoqlar vujudga kelishi mumkin.

Netanyaxuning Jerusalem Post’dagi Isi Leyblergas singari himoyachilari nazdida, Netanyaxu saylovda yutqazadigan bo‘lsa, Isroil zaiflashib qoladi. Oq-ko‘klar yetakchisi Beni Ganzda mamlakatni boshqarish uchun yetarlicha rahbarlik malakasi yo‘q. Shunday ekan, Beni Ganz Netanyaxu kabi Tramp va Putin o‘rtasidagi tarang diplomatik yo‘lakdan muvaffaqiyatli o‘ta olishini shubha ostiga olmoqda. Ganzda na xarizmatik siyosatchilik, na-da siyosiy rahbarlik irodasi mavjud emas. U muhim qarorlar qabul qilish kerak bo‘ladigan keyingi 12 oy ichida mamlakatni samarali boshqara oladimi? Ganz nomzodi ma’qul kelmasa, Isroildagi siyosiy guruhlarning qay bir yetakchisi mamlakatni boshqara oladi? Shunday savollar girdobida qolib ketgan saylovchilar, o‘zlari xohlamasa-da, yana Netanyaxuni bosh vazirlikka yagona munosib nomzod deb hisoblamoqda. Netanyaxuni aksar isroilliklar yoqturmasa ham, ular uchun Netanyaxu mamlakatni boshqara oladigan yagona siyosatchidir.

Svi Sadanning Israel Today nashriga yozgan ochiq xatidagi “kim bo‘lsa bo‘lsin, Netanyaxu bo‘lmasin” kabi chaqiriqlari shior bo‘lib, yangi ittifoqlar tuzilishi, hokimiyatdan haydalgandan beri siyosiy bo‘shliqda qolib kelayotgan sobiq bosh vazir Exud Barak kabilarga yangi imkoniyatlar berilishi imkoniyatini quvvatlantiryapti. Exud Barakning siyosat olamiga nog‘ora chalib kirib kelayotgani Netanyaxuni ag‘darishni niyat qilganidan darak. Shu voqealar fonida hammani tanqid qilinishi siyosiy partiyalar Exud Barakka qo‘shilishiga olib kelmoqda. Ammo oxirgi ijtimoiy so‘rovlar natijalari Exud Barakning oq-ko‘klar bilan ittifoqda ham g‘alaba qozonish imkoniyati pastligini ko‘rsatdi.

Netanyaxuning sobiq ittifoqdoshi Avigdor Liberman so‘l-markazchilarning umidi bo‘lib turibdi. U Netanyaxu bilan tuzilgan ittifoqdan chiqdi, unga qarshi siyosiy kurashni boshladi, Isroilni dunyoviy davlat sifatida ko‘rish istagi uning obro‘sini oshirib yubordi.

Netanyaxu markazchilarning va so‘l-markazchilarninggina emas, o‘nglarning ham hujumiga uchramoqda. O‘nglar nazdida Netanyaxu Falastin davlatini tuzishni nazarda tutgan Oslo bitimi imzolanishiga rozilik bergani uchun ham aybdor. O‘nglar birlashmasining yetakchisi Aylet Shaxed saylovchilar e’tiborini qozonish uchun sinovlardan o‘tishi lozim. Ular shu paytgacha o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonolmay keladi.

Xullas, Isroil ichki siyosati ayni vaqtda intrigaga boy. Kim g‘alaba qilishi 17-sentabr sanasida ma’lum bo‘ladi.

Dunyo iqtisodiy bo‘hronlarining yangi belgilari

Iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishi va savdo sohasidagi taranglik dunyo iqtisodiyoti bosim ostida qolishi xavfini tobora kuchaytirmoqda. 14-avgust sanasida bu barcha moliyaviy bozorlarda sezildi.

Foto: Google Photos

Gap shu kunda Uol-Stritdagi aksiyalar narxi keskin tushib ketishi haqida ketmoqda. Obligatsiyalar bozoridagi vaziyat AQSh iqtisodiyotiga ogohlantirish bo‘ldiki, bu obligatsiyalardan foydani misli ko‘rilmagan darajada pasaytirdi.

Payshanba kuni Osiyo bozorlarida kotirovkalar pasayishi nemis iqtisodiyotidagi retsessiya va Xitoy iqtisodining so‘nggi 17 yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgani manzarasida yuz berdi.

Uzoq vaqt mobaynida iqtisodiyoti va sanoati qudratli sanalgan AQSh va Xitoydagi muammolar Tramp boshlagan savdo urushi ikki mamlakat uchun ham birdek kuchli zarba bo‘lganidan darak. AQShdagi Merrill Lynch sarmoya banki ekspertlari ishlab chiqarish hajmining hamda avtomobil savdosining kamayishi tufayli AQShda yaqin vaqtlar ichida retsessiya bardavom bo‘lib qolishini uchga bir nisbatda baholamoqda.

Bunday larzalar savdo urushining ta’siri hajminigina ko‘rsatib qolmay, Trampning bu urushni olib borish siyosatiga ham salbiy ta’sir etadi.

Pekin bilan savdo urushi boshlangan 2018-yilda prezident Tramp tomonida kuchli ittifoqchi – AQSh iqtisodiyoti turgan edi. 2018-yil bahorida Xitoyga qarshi bojlar kiritilishi vaqtida AQSh iqtisodiyoti Tramp prezident bo‘lgan davrdan beri eng yuqori cho‘qqisiga yetib, o‘sha kezlarda choraklik o‘sish 3,5 foizni tashkil etgandi.

Lekin o‘sish pasaya boshladi: o‘tgan chorakda o‘sish sur’ati 2,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi chorakda bu miqdor yanada pastroq bo‘ladi. Seshanba kuni prezidentning Xitoy mahsulotlari importiga bojlarni pasaytirish borasidagi qarori amerikalik iste’molchilarga yetkaziladigan zararni bir bo‘lsa-da yumshatish istagidandir. AQSh federal zaxira banki keyingi 10 yilda birinchi marta foiz stavkalarini pasaytirdi va bu bilan savdo sohasidagi zo‘riqish hamda dunyodagi iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishi bilan yuzaga kelgan tahdidlarning oldini olishga qaratilgan siyosat bo‘ldi. Yaqin orada foiz stavkalari yanada pasaytirilishini kutish mumkin.

14-avgust kuni birjalar yopilganidan bir necha soat o‘tgach, Tramp Twitter’da “kuchayib borayotgan savdo urushida kelishuv uchun imkoniyatlar borligi”ni yozdi. “Xitoy tomoni ham kelishuvni istaydi, buning uchun avvalo Pekin Gonkong bilan murosa qilib olsin”, deb post qoldirdi prezident.

Tramp yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ishora qilar ekan, bu uning yutug‘i ekanini va bu yutuqlar 2020-yilda qayta saylanisho uchun asos bo‘lishini ta’kidladi. Chindan ham ko‘pgina ko‘rsatkichlar yuqoriligicha qolmoqda. Ishsizlik darajasi 3,7 foiz bo‘lib turishi AQSh tarixidagi eng past ko‘rsatkichdir, iste’molchilarning ishonch darajasi esa o‘ta yuqori.

Qolaversa, AQSh boshqa yirik davlatlarga qaraganda iqtisodiy larzalardan ko‘proq himoyalangan, chunki uning eksporti yalpi ichki mahsulotning 12 foizini tashkil etadi. Germaniya va Xitoy esa tashqi savdoga bog‘liq.

Eksportga Germaniya ishlab chiqarish hajmining yarmi, Xitoy ishlab chiqarishining beshdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramasdan, AQSh iqtisodiyotida faol o‘sish pasayib borayotgani kuzatilmoqda.

Germaniya banki moliyaviy tahlilchilari ham Germaniya iqtisodiyoti qisqarib borayotganini bashorat qilmoqda. Misol tariqasida nemis avtokonsernlari – Volkswagen, BMW va Daimler’larning Xitoy avtomobil bozoridagi foydasi kamaygan. Savdo urushi oqibatlaridan aziyat chekayotgan xitoyliklar qimmat turadigan avtomobillarni sotib olishni kamaytirgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQShdan keyingi o‘rinda turadigan Xitoy, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniyada ham ishlab chiqarish hajmi kamayib bormoqda. Natijada alyuminiy, mis va po‘lat ishlab chiqaradigan kompaniyalarning daromadi sezilarli ravishda kamaygan.

Sanoat ishlab chiqarishdagi tushkunlik dunyo iqtisodiyoti ham tushkunlikka uchraydi degani emas. Sanoat ishlab chiqarishi bunday tushkunlikni 2016-yilda boshdan kechirgan. Bunga Xitoy sarmoya bozoridagi narxlar pasayishi va neft narxi tushib ketishi sabab bo‘lgandi. Sanoatdagi bu tushkunlik AQSh va butun dunyoga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Lekin hali katta hajmdagi retsessiya boshlanmadi, sababi neft narxi ko‘tarila boshladi va markaziy banklar retsessiyaning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rib qo‘ydi. Bu safar vaziyat qanday tus olishi noma’lum.

Jahongir Ergashev tayyorladi.