Oyni tadqiq qilish jarayoni davom etayotgan so‘nggi bir necha o‘n yillik mobaynida tabiiy yo‘ldoshimiz sathida ancha-muncha chiqindi yig‘ilib qoldi. Yaqinda yana bir necha ishdan chiqqan o‘ziyurar apparatlar uyumi bu chiqindilar qatoriga qo‘shildi. Biz Oyda jami qancha chiqindi to‘planganini aniq bila olamizmi? FunScience ilmiy kanali ushbu savolga javob beradi.

Foto: NASA

Qancha chiqindi borligini aniq aytish qiyin, biroq Oydagi barcha texnik tashlandiq chiqitlarni yig‘sa, ular Yerda taxminan 181 000 kilogramm tosh bosgan bo‘lardi. Harholda Wikipedia’da shunday deyilgan. NASA bosh solnomachisi Uilyam Barrining so‘zlariga qaraganda, bu raqam haqiqatga yaqin bo‘lib, ayniqsa Oyda bir necha yirik matohlar, xususan, beshta Oy avtomobili – roverlar qoldirib ketilgani inobatga olinsa, unga ishonish mumkinligi oydinlashadi.

Oydagi chiqindilarning asosiy qismini 1969–1972-yillarda “Apollon” dasturi doirasida Oyga qadam bosgan astronavtlar tomonidan qoldirib ketilgan. Qolgan barcha chiqitlar esa AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Yaponiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarning qachonlardir Oyga yuborgan uchuvchisiz apparatlarining qoldiqlaridir.

Eng birinchi chiqindilar Oy sathini o‘rganish ilinjida uchirilgan ilk zondlar bo‘lgan edi. 1960-yillargacha kelib urilgan asteroidlar soniga ko‘ra Oy sirti qandaydir suzib yuruvchi qum uyumidan iborat bo‘lsa kerak degan fikr bor edi. O‘sha ilk zondlar inson qo‘li bilan yasalgan harakatlanuvchi apparatlar Oy sirtiga bemalol qo‘na olishini va yuza bo‘ylab harakatlanishi mumkinligini ko‘rsatib bergan.

Shuningdek, Oyda orbital apparatlar, ya’ni uning atrofida uchib yurib tadqiqot olib borgan va yakunda ishdan chiqqan Oy sirtiga qulagan apparatlar g‘arami bor. So‘nggi paytlarda uchirilgan apparatlar endilikda asosan regolit tarkibini o‘rganish va suv izlash bilan shug‘ullangan. Masalan, LCROSS (Lunar Crater Observation and Sensing Satellite) vodorod qidirish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

NASA astronavtlariga keladigan bo‘lsak, ularning Oyga parvozlari avval boshdan shunday rejalashtirilganki, ortga qaytishda hech qanday ortiqcha narsani yuk qilib olmaslik kerak edi. Ishlatilgan barcha narsa o‘sha joyning o‘zida tashlab ketilgan. Bundan maqsad, parvoz uchun eng zarur narsa – yoqilg‘ini tejash bo‘lgan. Qo‘yilgan asosiy vazifa astronavtlarni Oyga eltish, zaruriy namunalarni olish va yana ortga bexatar qaytishdan iborat bo‘lgan.

Aytgancha, NASA nuqtai nazariga ko‘ra, Oyda qoldirib ketilgan narsalarni chiqindi deb emas, uzoq muddatli eksperiment obyekti deb qaraladi. Unga ko‘ra, olimlar keyinchalik ushbu narsalarni tekshirish orqali vakuum va kosmik nurlanishlarning bu materiallarga qanday ta’sir qilganini o‘rganishi mumkin ekan. Rejaga ko‘ra, kelajakda Oyda doimiy baza barpo etilgach va u yoqqa sayyohlar qatnay boshlaganidan so‘ng “Apollon” kemalari qo‘ngan joylar muzeyga aylantirilar emish.